Qrimdagi strategik temiryo‘l ko‘prigi yo‘q qilindi — Kiyev
Ukraina Qurolli kuchlari anneksiya qilingan Qrim yarim orolidagi Rossiya armiyasining eng muhim logistika zanjirlaridan birini uzib qo‘ydi. Shimoliy Qrim kanali ustidagi strategik temiryo‘l ko‘prigi ikki kun davom etgan ketma-ket dron hujumlari natijasida butunlay vayron qilingan.
© Видеодан кадрUkraina Qurolli kuchlari anneksiya qilingan Qrimdagi Shimoliy Qrim kanali ustida joylashgan temiryo‘l ko‘prigi to‘liq yo‘q qilinganini e’lon qildi.
Maxsus operatsiya kuchlari tarqatgan bayonotga ko‘ra, obyekt Rossiya armiyasining janubiy yo‘nalishdagi asosiy harbiy logistika tarmoqlaridan biri hisoblangan.
Ukraina tomonining ta’kidlashicha, ko‘prik Rossiya hududidan Qrim orqali janubiy frontga harbiy yuklar, texnika va resurslarni yetkazib berishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan.
Maxsus operatsiyalar kuchlari hujum tasvirlari aks etgan videoni ham e’lon qildi.
Hujum ikki bosqichda amalga oshirildi
Ukraina harbiylarining ma’lum qilishicha, dronlar orqali berilgan zarbalar ikki kecha davomida amalga oshirilgan.
22-iyunga o‘tar kechasi temiryo‘l nishonga olingan va ko‘prikning bir qismi qulab tushgan. Keyingi kechada esa obyektni ta’mirlash uchun kelgan maxsus texnika yana dronlar hujumiga uchragan.
Ukraina maxsus operatsiyalar kuchlari bu orqali Rossiya armiyasining ta’minot tizimiga bosim o‘tkazish va uning hujum hamda mudofaa salohiyatini susaytirish maqsad qilinganini bildirgan.
Moskva izoh bermadi
Rossiya rasmiylari Ukraina tomonining mazkur bayonotlariga hozircha munosabat bildirmagan. Shuningdek, ko‘prik to‘liq vayron qilingani haqida mustaqil tasdiq ham mavjud emas.
So‘nggi oylarda Ukraina Qrim va Rossiya nazorati ostidagi hududlardagi logistika obyektlari, aerodromlar hamda harbiy infratuzilmaga dron zarbalarini kuchaytirgan. Kiyev bu harakatlar frontdagi Rossiya qo‘shinlarining ta’minot zanjirini izdan chiqarishga qaratilganini ta’kidlab kelmoqda.




