add

Qurilish chiqindilari qayta ishlashga shartnoma asosida topshiriladi

Bugun 17:45322 daqiqa

2026-yildan qurilishda hosil bo‘ladigan chiqindilar majburiy ravishda qayta ishlashga yo‘naltirilib, xavfli materiallar aylanmadan chiqarilishi qat’iy nazoratga olinadi.

Qurilish chiqindilari qayta ishlashga shartnoma asosida topshiriladi

O‘zbekistonda 2026 yil 1-iyundan boshlab qurilish chiqindilaridan takroriy foydalanish va ularni qayta ishlash bo‘yicha yangi tartib amalga kiritiladi. Prezident qaroriga muvofiq, binolar, yo‘llar va muhandislik tarmoqlarini qurish yoki ta’mirlash jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilar faqat maxsus korxonalarga yoki chiqindilar poligoniga shartnoma asosida topshiriladi. Bu orqali tarmoqda shaffoflikni oshirish va xavfsizlik talablarini qat’iy bajarish maqsad qilingan.

Loyiha-smeta hujjatlarida chiqindilar hajmi va ularni to‘plash hududlarini belgilash endilikda majburiy hisoblanadi. Shu bilan birga, qurilish vaqtida havoga tarqalishi mumkin bo‘lgan changalanish va noxush hidlarni bartaraf etish choralari ham norma sifatida kiritildi. Bu talablar amaldagi shaharsozlik qoidalariga muvofiq joriy etiladi.

2026 yil 1-fevraldan xavfli qurilish materiallari muomaladan chiqarilishi ustidan nazorat kuchaytiriladi. Xavfli deb topilgan materiallar majburiy tarzda qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarga yuborilishi shart bo‘ladi. Bu jarayon Ekologiya qo‘mitasi, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi va Texnik jihatdan tartibga solish inspeksiyasi tomonidan doimiy monitoring qilinadi. Bosh prokuratura esa talablarni butun respublika bo‘ylab bir xil qo‘llanishini ta’minlaydi.

Shuningdek, gazbeton mahsulotlaridan foydalanish tartibini aniq belgilash bo‘yicha me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilmoqda. Qarorga ko‘ra, qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 62 trln so‘mga yetkazilib, sohada 3,5 mlrd dollarlik investitsiya loyihalari amalga oshiriladi. 2026 yil 1-martdan «Texnik tartibga solish» va «Shaffof qurilish» tizimlari integratsiya qilinib, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan korxonalar yagona reyestrga kiritiladi.

Teglar

Mavzuga oid