Raqobat qo‘mitasi «Centrum Air» va «Qanot Sharq» faoliyatini tekshirish yuzasidan so‘rov yubordi
Aniqlanishicha, «Centrum Air» va «Qanot Sharq» xususiy aviakompaniyalari yo‘lovchilar oldidagi o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan va ularning qonuniy huquqlarini buzgan.
© Vaqt.uz | Javhar ChorshanbiyevaRaqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi «Centrum Air» va «Qanot Sharq» xususiy aviakompaniyalari faoliyatida chiptalarning ortiqcha sotilishi, reyslarning kechikishi va iste’molchilar huquqlarining buzilishi holatlari yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga rasmiy so‘rov yubordi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati ma’lum qildi.
Murojaatlar tahliliga ko‘ra, aviaqatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan shikoyatlar soni keskin ortgan.
«Raqobat qo‘mitasiga avia qatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025 yilda 127 tani, 2026 yilning o‘tgan 4 oyida esa 145 ta (114 foiz) ni tashkil etib, ularning soni ortib borayotgani kuzatilmoqda», — deyiladi bayonotda.
Qayd etilishicha, o‘rganishlar davomida ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olish, parvoz vaqtiga rioya etmaslik va sifatsiz xizmat ko‘rsatish holatlari aniqlangan.
Iste’molchilarning asosiy e’tirozlari va qonunbuzilishlar
Qo‘mita tomonidan olib borilgan tahlillar natijasida yo‘lovchilarning huquqlarini buzish bilan bog‘liq tizimli kamchiliklar yuzaga chiqqan.
«O‘rganishlarda mazkur aviakompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun, shuningdek, «Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish» qoidalari, «Havo kodeksi» va «Fuqarolik kodeksi» to‘g‘risidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotgani ma’lum bo‘ldi», - deyiladi xabarda.
Yo‘lovchilar tomonidan yo‘llangan murojaatlarda asosan quyidagi kamchiliklar bayon etilgan:
• Xizmatlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etilmasligi;
• Rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga havo kemasidan joy berishni rad etilishi;
• Parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yo‘lovchilarni aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablag‘i hamda rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani;
• Aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensatsiya yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.
Tashuvchilar tomonidan bajarilmagan majburiyatlar
Ma’lum qilinishicha, «Centrum Air» va «Qanot Sharq» kompaniyalari tomonidan parvozgacha kutish davrida yo‘lovchilarni oziq-ovqat, ichimlik suvi va zarurat tug‘ilganda mehmonxona bilan ta’minlash, shuningdek, tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash kabi xizmatlar yetarli darajada bajarilmagan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi «iste’molchilar nomuayyan doirasining qonun bilan himoyalangan huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida» xususiy aviakompaniyalarning yo‘lovchi tashishdagi kamchiliklari yuzasidan to‘plangan ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va zaruriy choralarni belgilash uchun Fuqaro aviatsiyasi agentligiga so‘rov yuborgan.
Raqobat qo‘mitasi 2025−2026 yillarda aviakompaniyalar reyslari kechikishi, sabablari va kompensatsiyalar yuzasidan o‘rganish olib borayotgani va yakunlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.




