add

Raqobat qo‘mitasi restoran va kafelarni ogohlantirdi

Kecha 11:255382 Daqiqa

Qo‘mitaga iste’molchilardan ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–15 foiz, ba’zan esa 20 foizgacha xizmat haqi qo‘shimcha to‘lov sifatida undirilayotgani hamda avvaldan depozit mablag‘lar talab qilinayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan.

Raqobat qo‘mitasi restoran va kafelarni ogohlantirdi

Raqobat qo‘mitasi respublikamizdagi barcha turdagi umumiy ovqatlanish korxonalarini ogohlantiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mitaga ayrim restoran va kafelarda taomlar narxidan tashqari 10–20 foiz qo‘shimcha xizmat haqi undirilayotgani, shuningdek, oldindan depozit talab qilinishi kengayib borayotgani yuzasidan murojaatlar kelib tushgan. Qo‘mita bu holatlar iste’molchilar huquqlariga zid ekanini ta’kidlab, umumiy ovqatlanish korxonalarini belgilangan qoidalarga amal qilishga chaqirdi.

Vazirlar Mahkamasining 75-sonli qaroriga muvofiq, umumiy ovqatlanish korxonalari restoran, bar, kafe, oshxona, bufet, kichik oshxona kabi turlarga bo‘linadi. Har bir turga xos xizmat tartibi aniq belgilangan: restoranlarda yuqori sifatli murakkab taomlar taklif etiladi, barlarda asosan ichimlik va zakuskalarga xizmat ko‘rsatiladi, kafelar esa yengil taomlar va ichimliklarga ixtisoslashgan. Oshxona, bufet va kichik oshxonalarda esa oddiy va tez tayyorlanadigan taomlar uchun o‘z-o‘ziga xizmat qilish yoki ofitsiant orqali xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud.

Iste’molchi huquqlari to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, mijozlar tovar va xizmatlar haqida to‘liq va to‘g‘ri ma’lumot olish, ularni erkin tanlash va sifat talab qilish huquqiga ega. Korxona esa xizmatni belgilangan tartib va sifatda ko‘rsatishi shart. Eng muhimi, iste’molchini qo‘shimcha tovar yoki xizmat xarid qilishga majburlash, shu jumladan ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq undirish taqiqlanadi.

Shu asosda Raqobat qo‘mitasi umumiy ovqatlanish korxonalarini qo‘shimcha xizmatlarni majburiy ravishda taklif etmaslikka, taomlar narxi, xizmat tartibi va ofitsiant xizmati uchun haq miqdori haqida mijozlarni oldindan to‘liq xabardor qilishga chaqirdi. Qo‘mita, shuningdek, qabul qilish jarayonlarida o‘z-o‘ziga xizmat qilish imkoniyatini ta’minlash zarurligini eslatdi.

«Huquqlaringiz buzilganda Raqobat qo‘mitasining 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilishingiz mumkin», — deyiladi qo‘mita xabarida.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Raqobat qo‘mitasi iste’molchilarni biologik faol qo‘shimchalarni «dori» sifatida taqdim etayotgan reklamalarga ishonmaslikka chaqirgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘mitaga ushbu mahsulotlar bo‘yicha 2 345 dan ortiq fuqarolik murojaatlari kelib tushgan.

Teglar

Mavzuga oid