Raqobat qo‘mitasi taksi narxlari oshgani bo‘yicha o‘rganish boshladi
Raqobat qo‘mitasi yirik agregatorlar (Yandex, Uklon, MyTaxi) faoliyatidagi nosozliklar va insofsiz raqobat holatlari bo‘yicha tekshiruv boshladi.

So‘nggi kunlarda yirik taksi agregatorlaridagi texnik nosozliklar va narxlarning keskin ko‘tarilishi ortidan Raqobat qo‘mitasi ushbu kompaniyalar faoliyati yuzasidan o‘rganish ishlarini boshladi. Bu haqda qo‘mitaning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda yirik taksi agregatori faoliyatida kuzatilayotgan texnik nosozliklar ortidan raqobatchi agregatorlarda ham tig‘iz vaqtlarda taksi narxlari bir necha barobargacha oshgan. Bu jamoatchilik e’tirozlariga sabab bo‘lgan.
Yuzaga kelgan vaziyat sababli qo‘mita taksi agregatorlaridan bir qator kamchiliklarni bartaraf etishni so‘ragan. Jumladan:
• dasturda taksi xizmatlari narxlarini shakllantiruvchi algoritm sozlamalarini qayta ko‘rib chiqish va narxlarning keskin hamda sun’iy tarzda oshishining oldini olish;
• haydovchilarning mablag‘larini o‘z hisoblariga o‘tkazishda vujudga kelgan nosozliklarni bartaraf etish;
• asossiz bloklangan haydovchilarni blokdan chiqarish choralarini ko‘rish;
• haydovchilar tomonidan bajarilgan buyurtmalar uchun to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan barcha bonuslarni qayta hisob-kitob qilib, to‘lab berish;
• haydovchilar va iste’molchilar uchun 24 soat ishlaydigan texnik yordam ko‘rsatish markazlarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash;
• «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablaridan kelib chiqqan holda xo‘jalik yurituvchi subyektlar yoki ularning manfaatlarini ko‘zlab boshqa shaxslar tomonidan raqobatchilarga nisbatan insofsiz raqobatni amalga oshirmaslik.
Ta’kidlanishicha, raqobat muhitidagi har qanday harakat iste’molchilar manfaatlariga zid bo‘lmasligi, xizmatlar narxi va sifati esa adolatli hamda shaffof tamoyillarga asoslanishi lozim.
Qo‘mitaga ko‘ra, agar agregatorlar tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilganligi yoki iste’molchilar huquqlari poymol etilganligi aniqlansa, o‘rnatilgan tartibda tekshirish o‘tkaziladi va qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.
Ma’lumot uchun: 11-oktabr kuni Rossiyadagi Yandex data-markazi dronlar hujumiga uchragani ortidan O‘zbekistonda ham Yandex Go xizmatida uzilishlar kuzatilgan va boshqa taksi agregatorlariga (Uklon, MyTaxi) talab 15 barobargacha keskin oshgan edi.
Eslatib o‘tamiz, mahalliy taksi xizmatlari bozorining 86,3 foizini egallagan va ustun mavqega ega deb topilgan Yandex Go bundan avval, 2024 yilning dekabrida ham narxlarning keskin oshishi sababli Raqobat qo‘mitasi tomonidan ogohlantirilgan.





