
Rossiya banki neft narxlari oshmasa, budjet xarajatlari qisqarishidan ogohlantirdi
Rossiya nefti narxlari hozirgi darajada qolsa, budjet qoidasidagi bazaviy narx qayta ko‘rib chiqilishi va davlat xarajatlari qisqarishi mumkin.

Rossiya nefti narxlari 2026 yil davomida ham hozirgidek past darajada saqlanib qolsa, budjet qoidasida belgilangan bazaviy neft narxini qayta ko‘rib chiqish talab etilishi mumkin. Bu holat, o‘z navbatida, davlat xarajatlarini qisqartirishga olib kelishi mumkin. Bu haqda Rossiya Markaziy banki rahbariyati dekabr oyida asosiy stavka bo‘yicha muhokamalar chog‘ida ma’lum qilgan.
Amaldagi budjet qoidasiga ko‘ra, davlat neft-gaz daromadlarini faqat belgilangan bazaviy narxdan kelib chiqqan holda sarflashi mumkin. Agar haqiqiy neft daromadlari ushbu bazadan past bo‘lsa, farq Milliy farovonlik jamg‘armasi hisobidan qoplanadi. 2025 yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, jamg‘armaning likvid qismi 4,1 trln rublni tashkil etgan.
O‘tgan yili neft uchun bazaviy narx 60 dollar/barrel bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil uchun u 59 dollar etib belgilandi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 2030 yilgacha har yili 1 dollarga kamayib, 55 dollar darajasiga tushishi kerak. Biroq hozirgi kunda Rossiya nefti narxi bu darajadan ancha past. 2025 yil noyabr oyida o‘rtacha eksport narxi taxminan 45 dollar/barrelni tashkil etgan, dekabr oyida esa narx yanada pasaygan.
Iqtisodiy rivojlanish vazirligi prognozlariga ko‘ra, 2026–2028 yillarda «Brent» markali neft narxi 70–72 dollar atrofida bo‘lishi kutilmoqda, «Urals» neftiga qo‘llaniladigan chegirma esa 2025 yildagi 12 dollardan 2028 yilga kelib 7 dollargacha qisqarishi mumkin. Uzoq muddatli budjet prognozida 2030 yildan boshlab «Urals» narxi 69 dollar darajasida baholangan.
Biroq xalqaro prognozlar bu borada ancha ehtiyotkor. AQSH Energetika vazirligiga qarashli prognozlarga ko‘ra, 2026 yil davomida «Brent» narxi 55 dollar atrofida qolishi mumkin. «Goldman Sachs» 56 dollar, «ING» 57 dollaor, «Citi» 62 dollar, Oksford energetika instituti esa 65 dollar atrofidagi narxni kutmoqda. Bu holatda «Urals» nefti narxi hatto eng yaxshi ssenariyda ham 50 dollardan sal yuqori bo‘lishi mumkin.
Rossiya Markaziy banki oxirgi yillarda neft narxlari bilan bog‘liq xavflarga alohida e’tibor qaratmoqda. 2025 yil fevral oyida hukumat uchun tayyorlangan yopiq hisobotda neft narxlarining uzoq muddatli past davri takrorlanishi mumkinligi haqida ogohlantirilgan. Bank konservativ yondashuvni tavsiya qilib, bazaviy narxni ehtiyotkor baholash asosida belgilash zarurligini ta’kidlaydi. Aks holda, zaxiralar tez sarflanishi va budjet taqchilligi o‘sishi xavfi paydo bo‘lishi mumkin.
RF Markaziy bankning bazaviy ssenariysiga ko‘ra, 2026 yilda «Urals» nefti 55 dollar, 2027–2028 yillarda esa 60 dollar bo‘lishi kutilmoqda. Xatarli ssenariyda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 35, 30 va 35 dollar darajasida baholangan.





