Logo

Rossiya va Xitoy «Starlink»ni yo‘q qilish loyihalarini muhokama qildi — OAV

Bugun 19:173 daqiqa

Jurnalistlar ixtiyoriga Rossiya va Xitoy harbiy hamkorligiga oid hujjatlar kelib tushgan.

Rossiya va Xitoy «Starlink»ni yo‘q qilish loyihalarini muhokama qildi — OAV

Xitoy va Rossiya vakillari «Starlink» yo‘ldoshlariga qarshi birgalikda kurashish, shuningdek, yangi avlod havo hujumidan va raketadan mudofaa majmuaviy tizimini ishlab chiqish bo‘yicha umumiy loyihani muhokama qilishdi. Bu haqda «The Insider», «Der Spiegel» va «Le Monde» surishtiruvida aytiladi.

Jurnalistlar ixtiyoriga Rossiya va Xitoy harbiy hamkorligiga oid hujjatlar kelib tushgan.

Hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, 2023 yil noyabr oyida Guanchjouda bo‘lib o‘tgan harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha forumda Xitoy rossiyalik hamkorlarga Ilon Maskning «Starlink» yo‘ldoshlariga qarshi turli usullar bilan — yuridik usullardan tortib to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘q qilishgacha kurashishni taklif qilgan. Xususan, quyidagilar taklif etilgan:

- hamkorlikda huquqiy va diplomatik bosim uyushtirish;
- «Starlink»ni kengaytirish uchun zarur bo‘lgan chastota diapazonlari va orbital pozitsiyalarni egallash hamda birgalikda elektromagnit xalaqitlarni yaratish;
- fuqarolik foydalanuvchilarining terminallari orqali «Starlink»ga kiberhujumlar uyushtirish va tarmoq yo‘ldoshlarini yo‘q qilish uchun arzon qurol yaratish.

Maxfiy muzokaralar

Surishtiruv mualliflari aniqlashicha, forumdan bir necha oy oldin, 2023 yil iyunida Moskvaga Xitoy harbiy delegatsiyasi kelgan. Tashrif maqsadi Rossiyaning yetakchi havo hujumidan mudofaa tizimlari ishlab chiqaruvchisi «Almaz-Antey» bilan maxfiy muzokaralar o‘tkazish bo‘lgan. Delegatlar Xitoyga qurol yetkazib berish bo‘yicha shartnoma bilan qaytishgan.

«The Insider» ixtiyorida bo‘lgan (va unda ko‘rsatilgan ishtirokchilarning parvoz ma’lumotlari bilan mustaqil ravishda tasdiqlangan) ushbu muzokaralarning imzolangan ishchi bayonnomasi shuni ko‘rsatadiki, Rossiya-Xitoy harbiy hamkorligi umumiy bayonotlar doirasidan chiqib, hech qaysi davlat yakka o‘zi ishlab chiqa olmaydigan qurollarni yaratish bo‘yicha tuzilmaviy ko‘p tarmoqli dasturga aylangan.

Boshqa masalalar qatorida, tomonlar yangi avlod havo hujumidan va raketadan mudofaa majmuaviy tizimini ishlab chiqishga kelishib olishdi. U ballistik raketalarni, manyovr qiluvchi jangovar bloklarni va gipertovushli raketalarni parvozning yakuniy bosqichida tutib qolishga mo‘ljallangan. Ishlab chiqish jarayoni qaysi bosqichda ekani noma’lum.

2024 yil dekabr oyida Yekaterinburgda bo‘lib o‘tgan navbatdagi Xitoy-Rossiya forumida Xitoydan kelgan harbiy tadqiqotchilar Pekinga Rossiya dronlarining Ukrainadagi hujumlari haqidagi ma’lumotlarni uzatishni taklif qilishgan.

«The Insider» tushuntirishicha, Xitoy 160 turdagi kamikadze-dronlariga (barrajirovka qiluvchi o‘q-dorilariga) ega, biroq Rossiyadan farqli o‘laroq, ularni qo‘llash bo‘yicha real jangovar tajribaga ega emas. Shuning uchun Pekin vakillari Moskvaga o‘zaro almashinuvni rasmiylashtirishni taklif qildi — Rossiya jang maydonidagi bilimlari bilan o‘rtoqlashadi, Xitoy esa yangi avlod avtonom «to‘da» o‘q-dorilarini ishlab chiqish uchun sun’iy intellekt texnologiyalari va ommaviy ishlab chiqarish resurslari bilan bo‘lishadi.

Bundan tashqari, Xitoy Rossiyani sanksiyalar sharoitida mahsulot yetkazib berishni almashishga chaqirdi: Pekin mikrosxemalar va elektronika yetkazib beradi, Moskva esa Xitoyning sanksiyalar tufayli kirishi cheklangan xomashyo va tarkibiy qismlarni yetkazib beradi.

«Starlink» sun’iy yo‘ldosh aloqasi rasman Rossiyada ishlamaydi, biroq Rossiya armiyasi Ukrainaga hujum qilayotgan dronlarni uchirish uchun terminallardan foydalangan. Rossiyaga ushbu terminallar noqonuniy ravishda — uchinchi davlatlar orqali kirib keladi.

Ukrainada «Starlink» orqali aloqa jang maydonida muhim rol o‘ynaydi: shifokorlar undan evakuatsiyalarni muvofiqlashtirishda, artilleriya qismlari nishonga olishda, uchuvchisiz qurilmalar operatorlari dronlarni real vaqt rejimida boshqarishda foydalanadilar.

Avvalroq «Reuters» agentligi Rossiya qo‘shinlari radioelektron kurash tizimlari yordamida Ukraina dronlarining zarba berishiga to‘sqinlik qilish maqsadida Starlink ishini to‘sishga urinayotgani haqida xabar bergan edi.

Teglar

Mavzuga oid