add

Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish, yangi jamoadagi Islombek Ismoilov va 2026 yilda olinishi kutilayotgan 5 mlrd qarz — 2-dekabr dayjesti

02.12.2025 | 22:416093 daqiqa

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Rossiyaga ketayotgan o‘zbekistonliklarga ogohlantirish, yangi jamoadagi Islombek Ismoilov va 2026 yilda olinishi kutilayotgan 5 mlrd qarz — 2-dekabr dayjesti

O‘zbekiston 2026 yilda 5 mlrd dollar tashqi qarz jalb qiladi

O‘zbekistonning 2026 yil budjet loyihasida umumiy taqchillik YAIMga nisbatan 3 foiz etib belgilanmoqda va davlat moliyasi barqarorligini saqlash maqsadida tashqi qarz jalbi 5 milliard dollar bilan cheklanadi. Bu mablag‘ning yarmi — 2,5 milliard dollar — budjet taqchilligini qoplashga, qolgan qismi esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2026 yilda ichki bozordagi moliyaviy instrumentlar ulushini oshirish maqsadida davlat qimmatli qog‘ozlarining cheklangan sof hajmi 30 trillion so‘m qilib belgilangan.

Davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan yangi loyihalarning umumiy qiymati 6,5 milliard dollardan oshmasligi belgilangan. Ushbu yondashuv budjet xarajatlarini samarali rejalashtirish, infratuzilmaviy dasturlarni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirish bilan birga, qarz portfelini diversifikatsiya qilish va valuta xatarlarini kamaytirishga qaratilgan.

Qozog‘iston orqali Rossiyaga ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirildi

O‘zbekistonning Oqtov shahridagidagi Bosh konsulxonasi O‘zbekiston – Qozog‘iston – Rossiya yo‘nalishida harakatlanuvchi fuqarolardan chegara nazorat-o‘tkazish punktlarida qonunchilik talablariga to‘liq rioya etishni so‘rab, noqonuniy o‘tish holatlari javobgarlikka sabab bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Joriy yil sentabrida Qozog‘istonda chegara buzilishi uchun javobgarlik yanada qat’iylashtirilib, uzoq muddatli ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etildi.

Bosh konsulxona fuqarolarni safar davomida faqat ruxsat etilgan nazorat-o‘tkazish punktlaridan foydalanishga chaqirdi. Davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish yoki bunday harakatga uringanlik jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi, ayniqsa uyushgan sxemalarda ishtirok etish og‘ir oqibatlarga olib kelishi ta’kidlandi.

Islombek Ismoilov «Neftchi» PFKga bosh murabbiy bo‘ldi

O‘zbekiston U-17 termasini qit’a chempioni qilgan va jahon musobaqasida yuqori natijaga olib chiqqan Islombek Ismoilov «Neftchi» PFKga bosh murabbiy bo‘ldi.

«Marg‘ilon shahrida tug‘ilgan Islombek Ismoilov yosh bo‘lishiga qaramay, milliy futbolimizda sezilarli natijalarga erishib, murabbiylik sohasida eng istiqbolli kadrlardan biri sifatida tanilgan. U boshqargan U-17 terma jamoasi zamonaviy o‘yin uslubi, intizom va xarakter bilan mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi», – deyiladi klub matbuot xizmati xabarida.

Islombek Ismoilov O‘zbekiston U-17 terma jamoasi bilan Qatarda bo‘lib o‘tgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi Jahon chempionatidagi ishtirokidan so‘ng jamoa bilan xayrlashganini ma’lum qilgan edi. U Farg‘onaning “Turon” jamoasini ham boshqargan.

O‘zbekiston yashil iqtisodiyotni rivojlantirish uchun OIIB'dan 500 mln dollar qarz oladi

O‘zbekiston Osiyo infratuzilma investitsiya bankidan 500 million dollar qarz olish bo‘yicha kelishuv imzoladi. Mablag‘lar kam uglerodli o‘sishni rag‘batlantirish, iqlimga chidamli infratuzilmalarni kuchaytirish va davlat sektorida samaradorlikni oshirishga qaratilgan. Dastur energetika sohasida va yirik davlat korxonalarida boshqaruv shaffofligini oshirish, davlat xaridlariga iqlimga mos standartlarni joriy etish hamda uglerod kreditlari bozori uchun qoidalar ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi.

Loyiha Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshiriladi va «O‘zbekiston 2030» strategiyasida belgilangan toza energiya, energiya tejamkorlik va barqaror o‘sish maqsadlariga to‘liq mos keladi. OIIB vakillariga ko‘ra, ushbu tashabbus xususiy sektor ishtirokini kuchaytirib, iqlim moliyalashtirishini kengaytirishga xizmat qiladi. Energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, havo sifatini yaxshilash va aholining energiya xarajatlarini pasaytirish kutilmoqda.

O‘zbekistonliklar ko‘proq qaysi davlatlarga sayohat qilmoqda?

2025 yilning yanvar–oktabr oylarida 6,4 millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qilgan. Bu yilgi safarlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan taxminan 1,3 mln nafarga ko‘paygan. O‘sish sur’ati esa 24,7 foizni tashkil etdi.

Ma’lumotlar safarlarning asosiy qismi yaqin qo‘shni davlatlarga to‘g‘ri kelayotganini ko‘rsatadi. Qirg‘iziston 2,8 mln nafar bilan birinchi o‘rinni egallagan. Qozog‘istonga borgan o‘zbekistonliklar soni 1,2 mln nafarga, Tojikistonga safar qilganlar soni esa 1,1 mln nafarga yetgan.

Shu bilan birga, Rossiyaga 370,1 ming, Saudiya Arabistoniga 237,1 ming, Turkiyaga 230,8 ming nafar fuqaro safar qilgani qayd etilgan. Birlashgan Arab Amirliklari 114,1 ming, Misr 56,2 ming, Xitoy 39,6 ming va Vietnam 32,8 ming nafar sayyoh bilan ro‘yxatdan o‘rin olgan. Qolgan davlatlarga yo‘l olganlar soni 204,1 ming nafarni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid