Logo

Sadir Japarov qizining siyosatga kirishi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi

Bugun 08:402 daqiqa

Qirg‘iziston prezidentining qizi Janayimning reabilitatsiya markazida bolalarga sovg‘alar tarqatayotgani aks etgan video tarqalgach, jamoatchilik orasida uning siyosatga kirib kelayotgani bilan bog‘liq mish-mishlar paydo bo‘lgan edi.

Sadir Japarov qizining siyosatga kirishi haqidagi mish-mishlarga izoh berdi © kollaj

Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov o‘zining qizi Janayimning «Altin balalik» reabilitatsiya markazida bolalarga sovg‘alar tarqatayotgani aks etgan videosi piar emasligini va uni siyosatga jalb qilish niyati yo‘qligini bildirdi. Bu haqda davlat rahbari «Kabar» agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

«Bu piar emas va uni siyosatga jalb qilishga urinish ham emas. Oldin aytganimdek, men o‘z farzandlarim va yaqinlarimni siyosatga ham, davlat ishlariga ham aralashtirmayman. Agar shunday urinishlar bo‘lganida, bu haqda allaqachon ma’lum bo‘lardi», — dedi prezident.

Tadbir tafsilotlari va markaz faoliyati

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, uzoq vaqt davomida qurilishi tugallanmagan «Altin balalik» markazi uning topshirig‘i bilan uch yil avval bitkazilgan va kerakli uskunalar bilan jihozlangan. Hozirda bu yerda har yili barcha hududlardan, asosan, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari sog‘lomlashtirishdan o‘tadi va yozgi ta’tilni o‘tkazadi.

Japarov har yili uning rafiqasi Aygul Japarova markaz tarbiyalanuvchilariga sovg‘alar topshirishini bildirdi. Bu safar u bora olmagani uchun qizidan o‘zining o‘rniga borishni so‘ragan.

«Bizni qarindoshlarimiz taklif qilishdi va Aygul bilan birga ketdik. O‘shanda u qiziga: «Tadbir ataylab yakshanba kuniga rejalashtirilgan, bolalar kutyapti. Ular xafa bo‘lmasliklari uchun borib, sovg‘alarni topshirib kel», dedi. Janayim bolalarga shortik va futbolkalarni tarqatib, darhol ortga qaytdi», — deb tushuntirdi davlat rahbari.

Shuningdek, ushbu tadbirni ommaviy yoritish rejalashtirilmagani, u yerda jurnalistlar bo‘lmagani va video hozir bo‘lganlardan biri tomonidan suratga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangani ta’kidlandi.

«Bundan siyosat yasash kerak emas», — deya qo‘shimcha qildi Japarov.

Teglar

Mavzuga oid