
Shavkat Mirziyoyev Global ijtimoiy adolat fondi tashkil etish taklifini berdi
O‘zbekiston prezidenti Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida global ijtimoiy adolatni mustahkamlash bo‘yicha tashabbuslar bilan chiqdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 noyabr kuni Doha shahrida o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Sammitda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, davlat va hukumat rahbarlari, xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
Shavkat Mirziyoyev sammitda kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta’kidladi.
– Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz, – dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etishni taklif qildi.
Qayd etilishicha, barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri ekani ta’kidlandi. Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollarini tashkil etadi.
Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston BMT tomonidan ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga tushirish niyatida ekanini ma’lum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.





