Logo

Sho‘rtangazdagi talon-toroj, soliq imtiyozlari va ijara muammosi

Bugun 16:272 daqiqa

Iqtisodchi Otabek Bakirov bilan iqtisodiy tahliliy ko‘rsatuvning navbatdagi sonida kichik biznes uchun yangi soliq imtiyozlari, Sho‘rtan gaz atrofidagi korrupsiya mojarosi, ijara narxlari o‘sishi va Mobiuz xususiylashtirilishi muhokama qilindi.

«Avval iqtisod» dasturining navbatdagi sonida mamlakat iqtisodiyotidagi eng dolzarb mavzular muhokama markazida bo‘ladi. Kichik biznes uchun joriy etilayotgan yangi soliq imtiyozlari, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi atrofidagi korrupsiya mojarosi, narxlar va tariflar o‘sishi, Toshkentda ijara bozorining qimmatlashayotgani hamda Mobiuz kompaniyasining xususiylashtirilishi shular jumlasidandir.

So‘nggi kunlarda tadbirkorlar uchun eng muhim yangiliklardan biri soliq tizimidagi yengilliklar bo‘ldi. Xususan, qo‘shilgan qiymat solig‘i tizimiga o‘tish uchun belgilangan yillik aylanma chegarasi 1 milliard so‘mdan 5 milliard so‘mgacha oshirilmoqda. Shuningdek, savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun aylanmadan 6 foizlik soddalashtirilgan QQS rejimi taklif etilmoqda. Bu qarorlar kichik biznes zimmasidagi hisobot va ma’muriy yukni kamaytirishi kutilmoqda.

Biroq iqtisodchilar fikricha, muammo faqat aylanma limitlarida emas. QQS guvohnomalarining bekor qilinishi, kameral nazorat, soliqni qaytarish jarayonidagi murakkabliklar va boshqa ma’muriy mexanizmlar tadbirkorlarning ushbu soliq turiga munosabatini salbiylashtirgan. Shu bois ekspert differensial stavkalarni joriy etish va biznes uchun qulayroq tizim yaratish zarurligini ta’kidlamoqda.

Hafta davomida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan yana bir voqea — Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirish loyihasi doirasidagi ehtimoliy talon-toroj holatlari bo‘ldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim mansabdorlar va kompaniyalar ishtirokida katta miqdordagi mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirilgan bo‘lishi mumkin. Bu holat davlat investitsiyalari va strategik loyihalar ustidan nazorat samaradorligi haqida jiddiy savollarni kun tartibiga olib chiqdi.

Shu bilan birga, aholini eng ko‘p tashvishga solayotgan mavzulardan biri — narxlar o‘sishidir. Elektr energiyasi tariflarining oshishi ortidan yoqilg‘i, transport va turli xizmatlar qiymati ham yuqorilamoqda. Bu esa kambag‘allik chegarasi, minimal iste’mol xarajatlari hamda pensiya va nafaqalarni indeksatsiya qilish masalasini yanada dolzarblashtirmoqda.

Toshkentda ijara bozoridagi vaziyat ham alohida e’tiborga loyiq. So‘nggi bir yilda ijara narxlari uy-joy qiymatidan tezroq o‘smoqda. Bu esa poytaxtda aynan yashash joyiga bo‘lgan talab kuchayib borayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, talabalar uchun turar joy muammosi dolzarbligicha qolmoqda. Davlat yangi yotoqxonalar qurish haqida hisobot berayotgan bir vaqtda, mavjud yotoqxona binolarining xususiylashtirilishi bo‘yicha qarorlar ham jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lmoqda.

Yana bir muhim iqtisodiy voqea — Mobiuz kompaniyasining 351 million dollarga xususiylashtirilishi bo‘ldi. Bu mamlakat tarixidagi eng yirik xususiylashtirish bitimlaridan biri sifatida baholanmoqda. Biroq bu jarayon muvaffaqiyati kompaniya qanchaga sotilgani bilan emas, balki yangi investor kelgusida qanday sarmoya kiritishi, xizmatlar sifatini qay darajada oshirishi va kompaniyaning bozordagi raqobatbardoshligini kuchaytira olishi bilan baholanadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 145

Barchasi

Mavzuga oid