SI yana odamlarni ishsiz qoldiradi. «Oracle» katta qisqartirishga tayyorlanmoqda

06.03.2026 | 16:443 daqiqa

«Oracle» butun dunyo bo‘ylab xodimlarni ishdan bo‘shatishga tayyorlanmoqda, chunki kompaniya sun’iy intellekt uchun data-markazlar qurilishiga sarmoyalarni oshirmoqda.

SI yana odamlarni ishsiz qoldiradi. «Oracle» katta qisqartirishga tayyorlanmoqda

Sun’iy intellekt uchun data-markazlar va bulutli xizmatlar sohasidagi kompaniya «Oracle» turli bo‘limlarda yuzlab xodimlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda «Bloomberg» o‘z manbalariga tayanib.

Kompaniya xarajatlarini optimallashtirish SI infratuzilmasi uchun sarflarning keskin o‘sishi sharoitida muhim hisoblanadi. Bu xarajatlar kompaniyaning qarz yukini sezilarli darajada oshirishga majbur qildi. Investorlarga yangi yondashuv ma’qul keldi – aksiyalar bozorda umumiy sotilishlar orasida qimmatladi.

Ayrim xodimlarga ehtiyoj qolmaydi

«Oracle» butun dunyo bo‘ylab xodimlarning katta miqdorda qisqartirilishini tayyorlamoqda, chunki kompaniya SI uchun data-markazlar qurilishiga sarmoyalarni oshirmoqda va pul oqimiga bosim bilan yuzlashmoqda. Manbalarga ko‘ra, ishdan bo‘shatish turli bo‘limlarda amalga oshiriladi va yaqin haftalarda boshlanadi. Qisqartirishlar ayrim xodimlar guruhlariga tegadi, chunki «Oracle» bahosicha, SIni joriy qilish natijasida ularga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi.

Shu haftada kompaniya bulutli xizmatlar biznesida ochiq bo‘lgan vakansiyalarni qayta ko‘rib chiqishni boshladi, aslida esa bu ishga olish jarayonini sekinlashtirmoqda yoki to‘xtatmoqda. Biroq xodimlarni qisqartirish rejalari hozircha muhokama bosqichida va o‘zgarishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yil may oxirida kompaniyada butun dunyo bo‘ylab taxminan 162 000 xodim faoliyat yuritgan.

«Oracle» tejagan mablag‘ni qayerga sarflaydi?

Kompaniya uzoq vaqt bazalar uchun dasturiy ta’minot bilan mashhur bo‘lgan, ammo so‘nggi yillarda uning transformatsiyasi kuzatiladi: u bulutli hisoblash bo‘limlarini kengaytirmoqda va SIga e’tibor qaratgan holda bozor yetakchilari – «Amazon» va «Microsoft» bilan to‘liq raqobatchiga aylanishga intiladi.

Hozir «Oracle» SI-quvvatga ega markazlarni faol qurmoqda, ular «OpenAI» kabi mijozlar uchun xizmat qiladi.

Bu quvvatlarni joriy qilish uchun kompaniya bir qator obligatsiyalar chiqarish orqali qarz yukini keskin oshirdi. Shu bilan birga kapital sarflari o‘sib bormoqda va so‘nggi hisobot choragida pul oqimi kutilgandek kuchli bo‘lmadi. Uol Strit tahlilchilari «Oracle»ning data-markazlar qurilishi uchun bulut bo‘limi xarajatlari kelgusida kompaniyaning pul oqimini salbiy qila olishi mumkinligini, investitsiyalar esa 2030-yil yaqinida samara bera boshlaydi, deb prognoz qilmoqda.

O‘tgan oyda «Oracle» shu yilda qarz va aksiya chiqarish orqali yana taxminan 50 mlrd dollar jalb qilishni rejalashtirganini ham ma’lum qildi. 2025-yil sentabrda kompaniya o‘z tarixidagi eng katta restrukturizatsiya dasturini e’lon qildi – uning qiymati 1,6 mlrd dollargacha bo‘lib, mazkur moliyaviy yilda, ya’ni may oyi oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Aksiyalar holati

Ilg‘or sun’iy intellekt uchun bulutli yechimlar yetkazib beruvchi sifatida «Oracle»ning birinchi qadamlari investorlarning e’tiborini tortdi, bu esa 2024-yilda aksiyalar qiymatini 61 foiz, 2025-yilda esa 20 foizga oshirdi. Qarz yuki ortishi bilan bozor qiziqishi zaiflashdi. Shu yil boshidan buyon kompaniya o‘z qiymatining 20 foizini yo‘qotdi.

5-mart savdolari natijasida kotirovkalar 1,6 foizga o‘sdi, bu vaqtda keng bozor Yaqin Sharqdagi davom etayotgan mojaro tufayli keskin sotuvga duch keldi. «Oracle» qagozlari postmarketda ham qimmatlashishni davom ettirdi.

Uoll Strit tahlilchilari kompaniyaning kelajagiga nisbatan optimizmni yo‘qotmagan: «Marketwatch» ma’lumotlariga ko‘ra, 45 tahlilchidan 35 nafari aksiyalarni sotib olishni tavsiya qilmoqda. Bir oy avval bunday tavsiyalar faqat 32 ta edi. Tahlilchilardan to‘qqiz nafari neytral pozitsiyada, bir tahlilchi «Oracle» qagozlarini sotishni tavsiya qilmoqda. Bir oy oldin provayder uchun «pastlash» reytinglari faqat ikki edi.

O‘rtacha maqsadli narx 271 dollarni tashkil etadi, bu 5-mart savdolari yakunlanish narxiga nisbatan 75 foizga o‘sish potensialini ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq «Square», «Cash App» va «Afterpay» to‘lov xizmatlari egasi bo‘lgan «Block» fintex korporatsiyasi shtatni 40 foizga kamaytirish haqida tarixiy qaror qabul qilgan va 4 mingdan ortiq xodimni ishdan bo‘shatgandi. Ommaviy ishdan bo‘shatishlarning asosiy sababi – ish jarayonlarini sezilarli darajada avtomatlashtiruvchi «aqlli vositalar» (sun’iy intellekt)ni joriy qilish bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid