Strategik resurslar ta’minoti G‘arb kun tartibiga chiqdi

20.02.2026 | 22:552 daqiqa

Brussel Avstraliyadan O‘zbekistongacha bo‘lgan bir nechta davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash orqali ta’minotdagi bo‘shliqni to‘ldirmoqchi.

Strategik resurslar ta’minoti G‘arb kun tartibiga chiqdi © SI asosida yaratilgan

AQSHning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Endryu Pazder G‘arb davlatlari Xitoyga bo‘lgan qaramlikni uzib, strategik muhim minerallar bilan o‘zini mustaqil ta’minlamasa, jiddiy xavflar oldida qolishini bildirdi. U bu haqda «Bloomberg» agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH va YI vakillari o‘tgan hafta Vashingtonda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda nodir yer elementlari sohasidagi sheriklik masalalarini muhokama qilib, sezilarli yutuqlarga erishgach, shunday xulosaga kelishgan.

«Uchrashuvda ishtirok etgan barcha davlatlar shuni anglab yetdiki, agar G‘arb ushbu o‘ta muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lmasa, nihoyatda noqulay ahvolda qoladi», — dedi u.

Minerallar uchun raqobat

Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, Yevropaning bu sohada Xitoyga qaramligi barcha yetkazib berish zanjirlarini xavf ostida qoldirmoqda. U ittifoqchilarni vaziyatdan chiqish uchun kelishuvlar ishlab chiqishga chaqirdi hamda AQSH davlat kotibi Marko Rubio va AQSHning savdo muzokaralaridagi vakili Jeymison Grir qisqa fursat ichida holatni o‘nglay olishiga ishonch bildirdi. Pazder AQSH va YI o‘rtasida ishlab chiqilayotgan strategik minerallar bo‘yicha kelishuv sun’iy intellekt sohasini rivojlantirish uchun ham g‘oyat muhim ekanini qayd etdi.

Yangi geosiyosiy yo‘nalish

2025 yilning noyabr oyida Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen YIning Xitoydan strategik xomashyo yetkazib berishga bo‘lgan qaramligini kamaytirish bo‘yicha yangi tashabbusni e’lon qilgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Brussel Avstraliya, Qozog‘iston, Kanada, O‘zbekiston, Ukraina va Chili bilan aloqalarni mustahkamlash orqali ushbu bo‘shliqni to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

Teglar

Mavzuga oid