add

Ta’lim xizmatlari narxlari 2025 yilda sezilarli oshdi

Kecha 15:111 daqiqa

O‘zbekistonda o‘tgan yil davomida ta’lim bozorida talab o‘sishi ayrim xizmatlar bo‘yicha yillik inflyatsiyani oshirdi.

Ta’lim xizmatlari narxlari 2025 yilda sezilarli oshdi

2025 yil davomida O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi xizmatlar narxlari bosqichma-bosqich qimmatlashdi, ayrim segmentlarda o‘sish sur’atlari o‘rtacha inflyatsiyadan yuqori bo‘ldi. Eng tez o‘sish maktabgacha ta’lim xizmatlarida qayd etildi.

Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, repetitorlik xizmatlari narxi 2025 yil dekabr oyida o‘rtacha 0,8 foizga oshgan. Yillik hisobda esa mazkur xizmatlar 6,6 foizga qimmatlashgan bo‘lib, bu aholining qo‘shimcha ta’limga bo‘lgan talabi barqaror saqlanayotganini ko‘rsatadi.

Xuddi shu davrda chet tillari kurslarida o‘qish narxlari dekabr oyida 0,3 foizga ko‘tarilgan. Yil davomida esa bu segmentda ham 6,6 foizlik o‘sish kuzatilgan. Bu holat mehnat bozorida xorijiy tillarni bilishga bo‘lgan ehtiyoj ortishi bilan izohlanmoqda.

Maktabgacha ta’lim xizmatlari narxlari dekabr oyida noyabrga nisbatan o‘zgarishsiz qolgan bo‘lsa-da, yillik ko‘rsatkichda 17 foizlik o‘sish qayd etildi. Bu ta’lim xizmatlari orasida eng yuqori o‘sish sur’ati hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi bozor xizmatlari hajmi 34,2 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024 yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oshgan.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda ta’lim sohasidagi xizmatlar umumiy bozor xizmatlari hajmining 3,7 foizini tashkil etgan. Shuningdek, ta’lim xizmatlari tarkibida esa oliy ta’lim yetakchi o‘rinni egalladi. Mazkur sohada ko‘rsatilgan xizmatlar umumiy ta’lim xizmatlari hajmining 46,8 foizini tashkil etdi.

Teglar

Mavzuga oid