Logo

Telegramda endi post orasiga rasm va video joylashtirish mumkin

Messenjer navbatdagi yirik yangilanishini e’lon qildi. Unda Premium foydalanuvchilar uchun xabar orasiga rasm va video joylashtirish, sarlavha va jadvallar kiritish funksiyasi taqdim qilindi.

Telegramda endi post orasiga rasm va video joylashtirish mumkin © Telegram.org

Telegram messenjeri navbatdagi yirik yangilanishini taqdim etdi. Endi foydalanuvchilar boy matn muharriri, hamjamiyatlar (Communities), guruhlarda maxfiy bot javoblari va GIF qidiruv tizimining kengaytirilgan versiyasiga ega bo‘ladi.

Bu safargi asosiy yangilik — boy matn muharriri funksiyasi bo‘ldi. U Telegramda blog, maqola yoki uzun postlar yozishni qulayroq qiladi.

Ilg‘or matn muharriri orqali matnga sarlavhalar, jadvallar, ro‘yxatlar, iqtiboslar va kod bloklarini kiritish mumkin bo‘ladi. Yangi funksiya xabar o‘rtasiga rasm va videolar qo‘shish imkoniyatini ham beradi.



Shuningdek, bitta xabarda yuboriladigan matn hajmi 32 768 belgicha oshirildi. Mazkur imkoniyat hozircha faqat Telegram Premium obunachilari uchun taqdim etilgan.

Bu yangilanish Telegram o‘z foydalanuvchilari uchun blog yuritish va uzun formatdagi kontent yaratishga e’tibor qaratayotganini ko‘rsatadi.

Shunga o‘xshash imkoniyat boshqa ijtimoiy tarmoqlarda ham bungacha ishga tushirilgan. Masalan, X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida ham Premium foydalanuvchilar maqola yozishi mumkin.

Boshqa tarmoqlardan farqli ravishda Telegram aynan blog yuritish yo‘nalishida ommallashgan. O‘zbekistonda ko‘plab jurnalistlar, soha mutaxassislari va boshqa mualliflar bu yerda o‘z kanallarini yuritadi.

Aholining katta qismi Telegramdan faol foydalangani sabab biznes vakillari ham o‘zining xizmat va mahsulotlarini bu yerda faol reklama qiladi.

Hamjamiyatlar paydo bo‘ldi

Telegram endi bir nechta guruh, kanal va botlarni yagona hamjamiyat (Community) tarkibiga birlashtirish imkonini beradi.

Hamjamiyat a’zolari boshqa chatlarni ko‘rishi va ularga taklif havolasisiz qo‘shilishi mumkin. Administratorlar esa qaysi chatlar ochiq yoki yashirin bo‘lishini, shuningdek, yangi chatlarni kim qo‘sha olishini boshqaradi.

Bundan tashqari, hamjamiyat barcha chatlarni bitta papka ko‘rinishida jamlaydi va chatlar ro‘yxatini ixchamlashtiradi.

Guruhlarda maxfiy bot javoblari

Yangilanish bilan botlar guruhlarda faqat ma’lum foydalanuvchiga ko‘rinadigan xabarlarni yubora oladi.

Bot orqali yuborilgan xabarlar boshqa ishtirokchilarga ko‘rinmaydi. Shuningdek, ayrim bot buyruqlari vaqtinchalik xabar sifatida ishlaydi va faqat buyruqni yuborgan foydalanuvchi hamda botga ko‘rinadi.

GIF kutubxonasi 350 milliontagacha kengaydi

Telegram GIF qidiruv tizimini ham yangiladi. Endilikda foydalanuvchilar 36 tilda 350 milliondan ortiq GIF orasidan qidiruv amalga oshirishi mumkin.

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, yangi qidiruv tizimi ochiq manbaga ega sun’iy intellekt modellari asosida ishlaydi va foydalanuvchilarning qidiruvlari uchinchi tomon xizmatlariga uzatilmaydi.

Teglar

Mavzuga oid