«Toshkent 1,5 million odamga boshpana bergan»: Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg iqtisodiy forumida nutq so‘zlamoqda
Davlat rahbari o‘z nutqida global raqobatning yangi qoidalari, SIning kirib kelishi va Ikkinchi jahon urushi davridagi ikki xalqni bog‘lagan tarixiy xotira haqida to‘xtaldi
© Foto: Prezident matbuot xizmatiO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida ishtirok etib, jahon iqtisodiyotida kechayotgan tub o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi.
Davlat rahbari Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga forumga taklif etgani va samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirdi.
Prezident o‘z nutqida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi o‘ttiz yil davomida jahon miqyosidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun muhim muloqot maydoniga aylanganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiyani tarixiy hamda insoniy rishtalar bog‘lab turishini qayd etdi.
Tarixiy xotira
Davlat rahbari Ikkinchi jahon urushi yillarida ko‘plab o‘zbekistonliklar Leningrad mudofaasida ishtirok etganini, Toshkent shahri esa bir yarim milliondan ziyod evakuatsiya qilingan insonlarga boshpana berganini esladi.
«Toshkent bir yarim million nafardan ortiq evakuatsiya qilingan bolalar, ayollar va keksalarga boshpana bergan edi», — dedi davlat rahbari.
Uning ta’kidlashicha, bu tarixiy voqealar ikki xalqni bog‘lab turuvchi umumiy ma’naviy merosning ajralmas qismi hisoblanadi.
Global iqtisodiyotda yangi bosqich
Prezident Mirziyoyev dunyo chuqur transformatsiya jarayonlarini boshdan kechirayotganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, transport yo‘laklari o‘zgarmoqda, yangi ishlab chiqarish zanjirlari shakllanmoqda va sun’iy intellekt barcha sohalarga jadal kirib kelmoqda.
Shuningdek, energetik, oziq-ovqat va raqamli xavfsizlik masalalari qayta ko‘rib chiqilayotgani, raqobat esa nafaqat bozorlar va resurslar, balki texnologiyalar, logistika va infratuzilma sohalarida ham kuchayib borayotgani ta’kidlandi.
Prezidentning fikricha, global beqarorlik sharoitida hamkorlik, barqarorlik va o‘zaro manfaatli munosabatlar uchun maydon yarata oladigan davlatlar va mintaqalarning ahamiyati yanada ortib bormoqda.





