Logo

Toshkent metrosida ayollar uchun alohida vagonlar joriy etilmaydi

Bugun 19:452 daqiqa

«Toshkent metropoliteni» bunga yer osti bekatlari konstruksiyasi va kunlik 1,2 mln yo‘lovchi oqimini sabab qilib ko‘rsatdi.

Toshkent metrosida ayollar uchun alohida vagonlar joriy etilmaydi © Vaqt.uz | Javhar Chorshanbiyeva

Toshkent metropolitenida ayollar uchun alohida vagonlar tashkil etish rejalashtirilmayapti. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» AJ Chilonzor elektrdeposi boshlig‘i Rustam Shafikov metro rivojiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, bunga yopiq usulda qurilgan aksariyat yer osti bekatlarining konstruktiv xususiyatlari asosiy sabablardan biri bo‘lmoqda. Bunday infratuzilma alohida vagonlarni tashkil etish uchun zarur bo‘lgan hududiy kengaytirish imkoniyatini nazarda tutmaydi. Bundan tashqari, yo‘lovchi oqimining yuqoriligi ham qo‘shimcha to‘siq bo‘lib qolmoqda.

Ta’kidlanishicha, 2021–2026 yillar davomida kunlik yo‘lovchi oqimi 290 ming kishidan 1,2 million kishigacha oshgan. Yillik tashish hajmi esa 295 million yo‘lovchiga yetgan. Bunday yuklama sharoitida ayollar uchun alohida vagonlarni tashkil etish yo‘lovchilarni taqsimlash hamda poyezdlar sig‘imidan foydalanishda qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi.

Rasmiyga ko‘ra, ayni paytda metropoliten harakat tarkibini kengaytirishda davom etmoqda. 2021 yilda 36 ta poyezd ekspluatatsiya qilingan bo‘lsa, 2026 yilga kelib ularning soni 70 taga yetgan.

Bildirilishicha, korxona 2027–2028 yillarda yana 28 ta yangi besh vagonli poyezd xarid qilishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, avval sotib olingan tarkiblar sig‘imini to‘rt vagonlidan besh vagonliga oshirish maqsadida qo‘shimcha 40 ta vagon xarid qilish ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, Toshkent metropoliteni infratuzilmani keng ko‘lamda rivojlantirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Taqdim etilgan rivojlanish rejalariga muvofiq, 2035 yilga borib metro tarmog‘ining uzunligi hozirgi 71 kilometrdan taxminan 140–141 kilometrgacha uzaytirilishi lozim.

Teglar

Mavzuga oid