
Toshkent metrosining uzoq vaqt yopiq bo‘lgan vestibyullari ochilmoqda
Yo‘lovchi oqimi ortishi va aholi talabi tufayli uzoq vaqt yopiq turgan bir qator bekatlar vestibyullari 11-dekabrdan qayta foydalanishga ochiladi.

Toshkent metrosining to‘rtta bekatidagi uzoq yillar mobaynida yopiq bo‘lib turgan vestibyullar 11-dekabrdan boshlab yo‘lovchilar uchun ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Metropoliten matbuot xizmatiga ko‘ra, bu qaror shahardagi yo‘lovchi oqimining ortishi va aholining qulaylikka bo‘lgan talabi bilan bog‘liq.

Ma’lumotga ko‘ra, «O‘zbekiston», «Mashinasozlar», «G‘afur G‘ulom» va «Milliy bog‘» bekatlarining bir tomonlama kirish qismi uzoq yillar davomida yo‘lovchi oqimi kamligi sababli yopiq holda saqlangan. bugungi kunda ushbu nuqtalarda texnik yangilash ishlari to‘liq yakunlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan.

Metropoliten mutasaddilari ta’kidlashicha, har bir bekatda xavfsizlik talablari, yo‘lovchilarga tez va erkin harakatlanish imkoniyati yangicha yondashuv asosida qayta moslashtirilgan. Tekshiruv va servis uskunalari yangilanib, foydalanish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
Shu bilan birga, metropoliten ma’muriyati vestibyullarning ochilishi yo‘lovchilar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratishini, ayniqsa, tirband soatlarda bekatlardagi yuklama pasayishiga xizmat qilishini qayd etmoqda. Qayta ishga tushirilgan vestibyullar orqali bekatlarga kirish-chiqish imkoniyatlari kengayadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 9-dekabrdan metroning uch yo‘nalishidagi kassalar yopilishi haqida xabar berilgan edi.





