Toshkentda 2030-yilgacha 400 ta mahalla yangilanib, 130 mingta ish o‘rni yaratiladi
Poytaxtda mahallalar, maktablar va bog‘chalarni yangilash, shuningdek, milliard dollarlik ishbilarmonlik markazini qurish rejalashtirilmoqda.
© Ijtimoiy tarmoqlarPrezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida mahallalarni obodonlashtirish, yangi maktab va bog‘chalar qurish hamda shahar muhitini rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi.
Jumladan, Yashnobod tumanidagi Vatandosh, Mohinur, Al-Buxoriy va Tong mahallalarini kompleks yangilash rejalashtirilgan. Ularning umumiy maydoni 75 gektar bo‘lib, bu yerda 18 386 nafar aholi yashaydi. Loyiha «15 daqiqalik mahalla» tamoyili asosida ishlab chiqilgan.
Hududda uch kilometrlik sayr yo‘lagi, sport va bolalar maydonchalari, ko‘p tarmoqli sport inshooti barpo etiladi. Mavjud maktablarni kengaytirish orqali 2 mingta qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratish, 540 o‘rinli to‘rtta bog‘cha va uchta poliklinika tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 76 ta ko‘p kvartirali uyning fasadlari va muhandislik tarmoqlarini yangilash, jamoat transporti bekatlarini ta’mirlash, piyoda va velosiped yo‘laklarini barpo etish rejalashtirilmoqda.
Maktab va bog‘chalar ko‘payadi
Toshkentda 2025–2026-o‘quv yilida maktablarda o‘quvchi o‘rinlari tanqisligi 141 mingtani tashkil etgan. Keyingi besh yilda o‘quvchilar soni 71 mingtaga ko‘payishi kutilmoqda. Natijada 2030–2031-o‘quv yiliga borib, o‘rinlar tanqisligi 212 mingtaga yetishi mumkin.
Shu bois, 2030-yilgacha respublika budjeti hisobidan 48 mingta, mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan esa 78 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratish rejalashtirilgan. 2026–2027-o‘quv yili uchun jami 38 ming o‘rinli 24 ta yangi maktab loyihasi tayyorlangan.
Maktabgacha ta’lim sohasida ham qo‘shimcha o‘rinlar yaratiladi. Hozir Toshkentda 3–7 yoshli bolalarning bog‘chalar bilan qamrovi 79,2 foizni tashkil etadi, o‘rinlar tanqisligi esa 65 mingtaga teng. 2030 yilgacha 40 mingta qo‘shimcha bog‘cha o‘rni yaratilib, qamrovni 92 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Milliard dollarlik loyiha
Taqdimotda Uchtepa tumanida «Uchtepa Siti» zamonaviy ishbilarmonlik markazini barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. 37 gektar maydonda ikki bosqichda amalga oshiriladigan loyihaning birinchi bosqichida 26 gektar hududga 1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritish rejalashtirilgan. Ikkinchi bosqichda qolgan 11 gektarda turar joy va xizmat ko‘rsatish binolari quriladi.
Markazda ko‘p qavatli uylar, ofislar, savdo-ko‘ngilochar majmua, xalqaro brenddagi mehmonxona va sayilgoh tashkil etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston–Turkiya do‘stlik bog‘i va Otaturk ko‘chasining me’moriy konsepsiyasi taqdim qilindi.
Umuman, 2030-yilgacha Toshkentda 400 ta mahallani kompleks yangilash va 130 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. 2027-yilning o‘zida 100 ta mahallada 22 mingta ish o‘rni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Prezident mutasaddilarga loyihalarni aholi ehtiyojlari va shaharsozlik talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 100 ta jamoat hojatxonalarini qurish uchun topografik ishlarga 140 million so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishi haqida xabar berilgandi.





