
Toshkentda FIA Awards Ceremony 2025 marosimi bo‘lib o‘tdi — fotolar
Toshkent shahrida FIA Awards Ceremony 2025 tantanali marosimi o‘tkazildi, unda «Formula-1» va jahon avtosportining yetakchi yulduzlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahridagi «Humo» sport arenasida FIA Awards Ceremony 2025 tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbir jahon avtosporti mavsumi yakunlarini sarhisob qilishga bag‘ishlanib, «Formula-1» va boshqa xalqaro avtopoyga seriyalarining nufuzli vakillarini bir joyga jamladi.
Kechaning asosiy voqeasi «Formula-1»ning 2025 yilgi jahon chempioni sifatida McLaren jamoasi piloti Lando Norrisga chempionlik sovrinining topshirilishi bo‘ldi. U mavsum yakunlanganidan bir necha kun o‘tib, Abu-Dabidagi so‘nggi bosqichdan keyin rasman 35-chi jahon chempioni sifatida taqdirlandi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi.
Mavsum yakuniga ko‘ra ikkinchi o‘rinni Maks Ferstappen egalladi. U sog‘lig‘i sabab marosimda shaxsan ishtirok eta olmadi, ammo videomurojaat orqali Lando Norris va McLaren jamoasini chempionlik bilan tabrikladi.
Shuningdek, marosim davomida Konstruktorlar kubogi ham McLaren jamoasiga topshirildi. Jamoa ushbu mukofotni ketma-ket ikkinchi yil va o‘z tarixida o‘ninchi marta qo‘lga kiritdi. Chempionatning boshqa sovrindorlari, jumladan, Lando Norrisning jamoadoshi Oskar Piastri ham taqdirlandi.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev FIA rahbariyati bilan uchrashib, avtosportni rivojlantirish va kelgusida «Formula-1» bosqichini O‘zbekistonda o‘tkazish istiqbollarini muhokama qilgani haqida xabar berilgan edi.



