Logo

Transport vazirligi avtobuslar kechikishi va bir bekatga uchta avtobus bir vaqtda kelib qolishiga izoh berdi

Bugun 19:374 daqiqa

Toshkentda avtobuslar oralig‘idagi o‘rtacha interval 8–10 daqiqani tashkil etadi. Biroq ayrim yo‘nalishlarda yo‘lovchilar avtobusni 13–15 daqiqa kutishiga, ba’zan esa bir nechta avtobus bir vaqtda kelishiga to‘g‘ri kelmoqda. Transport vazirligi Vaqt.uz’ga buni eski avtobuslar, texnik nosozliklar va yo‘llardagi tirbandliklar bilan izohladi.

Transport vazirligi avtobuslar kechikishi va bir bekatga uchta avtobus bir vaqtda kelib qolishiga izoh berdi

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov 16-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumani avvalida Toshkentda avtobuslar oralig‘idagi intervallar qisqarganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, 2022-yilda yangi tizim joriy etilgan paytda avtobuslar oralig‘idagi intervalni 13 daqiqa atrofida ushlab turishga harakat qilingan bo‘lsa, hozir o‘rtacha interval 8–10 daqiqani tashkil etmoqda.

«Ba’zi yo‘nalishlarda 12–14 daqiqa bo‘lishi mumkin, ba’zi yo‘nalishlarda esa 6–8 daqiqa. O‘rtacha interval 8–10 daqiqani tashkil etadi. Avvalgi davrdagi 20 daqiqa yoki yarim soatlab kutish holatlaridan voz kechildi», — dedi Omarov.

Biroq matbuot anjumanida ayrim yo‘nalishlarda avtobuslarni uzoq kutish va bir nechta avtobusning bir vaqtda yetib kelishi holatlari ham muhokama qilindi. 

Vaqt.uz muxbiri Toshkentning markaziy hududlaridan uzoqlashgan sari avtobuslar oralig‘idagi interval uzayishi, ayrim yo‘nalishlarda kutish vaqti 13–15 daqiqaga yetishi, hatto avtobusni 23 daqiqa kutishga to‘g‘ri kelishi mumkinligi haqida savol berdi.

Avtobuslar oralig‘idagi intervallar nimaga bog‘liq?

O‘marovning aytishicha, avtobuslar oralig‘idagi interval yo‘nalishning umumiy masofasi va unga ajratilgan avtobuslar soniga bog‘liq. Avtobuslar soni esa yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib belgilanadi.

«Interval nimadan shakllanadi? Umumiy masofani o‘lchaymiz va shu yo‘nalishga qo‘yilgan avtobuslar sonini hisobga olamiz. Avtobuslar soni esa yo‘lovchilar oqimidan kelib chiqib belgilanadi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, Toshkentdagi 170 ta yo‘nalish orasida avtobuslar 15–16 daqiqada bir keladiganlari ham bor. Shu bilan birga, u 23 daqiqalik intervalga ega yo‘nalish mavjudligini tasdiqlamadi.

Eski avtobuslar va tirbandliklar ham ta’sir qiladi

Vazir o‘rinbosari avtobuslar kechikishining sabablaridan biri sifatida transport vositalarining texnik holatini ko‘rsatdi. Uning aytishicha, «Toshshahartransxizmat» tasarrufida turli yillarda ishlab chiqarilgan avtobuslar bor. Ayrimlarining foydalanish muddati tugagani sababli ularda nosozliklar yuzaga kelishi mumkin.

«Eski avtobuslarda, masalan, bitta yo‘nalishga 10 ta avtobus qo‘yilgan bo‘lsa, ularning orasida buzilish holatlari bo‘lishi mumkin», — dedi Omarov.

Uning ma’lum qilishicha, avval avtobuslarda tashilgan yo‘lovchilar soni 600–900 ming atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozir bu ko‘rsatkich 1,5 millionga yetgan. Yo‘lovchilar oqimining ortishi ham jamoat transportiga bo‘lgan talabni oshirmoqda.

Avtobuslar harakatiga yo‘llardagi tirbandliklar va yo‘l-transport hodisalari ham ta’sir qilishi mumkin. Masalan, avariyadan keyin transport vositalari hodisa joyida turib qolsa, bu avtobuslarning harakat jadvali buzilishiga olib keladi.

Toshkentga 200 ta yangi elektrobus olib kelish rejalashtirilgan

O‘marov avtobuslar parkini yangilash ishlari davom etayotganini ham ma’lum qildi. Uning aytishicha, 2026-yil oxirigacha yoki 2027-yilning birinchi choragida Toshkentga 200 ta yangi elektrobus olib kelish rejasi bor.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yangi avtobuslarning olib kelinishi texnik nosozliklar sababli yuzaga keladigan kechikishlarni kamaytirishga yordam berishi mumkin.

Nega bir bekatga bir nechta avtobus bir vaqtda keladi?

Ayrim holatlarda bir bekatga ikki yoki trita avtobusning bir vaqtda yetib kelishi ham kuzatiladi. Omarov buni avtobuslardan birining kechikishi bilan izohladi.

12

 


Manba: Ijtimoiy tarmoqlardan ekran tasviri

 

«Birinchi avtobus turli sabablarga ko‘ra o‘z intervaliga kech qolishi mumkin. Ikkinchi avtobus esa belgilangan interval bo‘yicha harakatlanaveradi. U birinchi avtobusni kutib turishi shart emas, aks holda keyingi intervallar ham buzilishi mumkin», — dedi u.

Vazir o‘rinbosarining tushuntirishicha, shu sababli ayrim bekatlarda bir nechta avtobus bir vaqtda to‘xtashi mumkin. Uning qayd etishicha, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Avtobuslar harakati qanday nazorat qilinadi?

Omarovning aytishicha, avtobuslarning harakati GPS tizimi orqali kuzatib boriladi. Monitoring markazi xodimlari yo‘nalishlardagi avtobuslarni nazorat qiladi. Agar avtobus to‘xtab qolsa, tashuvchi bilan bog‘lanib, buning sababi aniqlanadi. Texnik nosozlik yuza galganda esa zaxira avtobusini yo‘nalishga chiqarish choralari ko‘rilishi kerak.

«Barcha avtobuslar GPS bilan jihozlangan. Agar avtobus bekatga kech borsa, bu tashuvchiga davlat tomonidan to‘lanadigan mablag‘dan chegirma qilishga sabab bo‘lishi mumkin. Bu sifat ko‘rsatkichlaridan biri hisoblanadi», — dedi vazir o‘rinbosari.

Uning ta’kidlashicha, nazorat faqat harakat intervallari bilan cheklanmaydi. Avtobusning tozaligi va haydovchining belgilangan formada bo‘lishi kabi talablar ham hisobga olinadi.

O‘marov ayrim yo‘nalishlarda intervallar buzilayotganini inkor etmadi va bu holatlarni qo‘shimcha o‘rganish bo‘yicha topshiriq berishini bildirdi. Hozircha intervallarni barcha yo‘nalishlarda qisqartirish bo‘yicha aniq muddatlar ma’lum qilinmadi.

Tadbirda ko‘rilgan boshqa masalalar:

•  Toshkentda yo‘l haqi oshirilganiga qaramay, jamoat transporti xarajatlarining asosiy qismi davlat budjeti hisobidan qoplanishda davom etadi. Hozirda poytaxtda bir yo‘lovchini tashish tannarxi 5 ming 580 so‘mni tashkil etmoqda.

• Toshkentda jamoat transportida naqd to‘lov tizimining bekor qilinishi haydovchilar o‘rtasidagi yo‘lovchi talashish holatlarini kamaytirish va tushumlarni avtomatlashtirishga xizmat qilgan.

Transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarovning aytishicha, naqd pulsiz to‘lov tizimiga o‘tilgach, jamoat transporti xarajatlarining yo‘lovchilar to‘lovlari hisobidan qoplanadigan ulushi 30–32 foizdan 40 foizdan yuqori darajaga ko‘tarilgan.

• Toshkentda tungi avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ular aeroport, temiryo‘l vokzallari va 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘chalarni qamrab olishi mumkin. Hozirda tashuvchilar fikri o‘rganilib, loyiha bo‘yicha texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid