add

UNESCO Samarqanddagi konferensiya uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi

UNESCOning 43-sessiyasi delegatsiyalari Samarqandda yaratilgan shart-sharoit va mehmondo‘stlikni yuksak baholab, O‘zbekistonga va Prezident Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik izhor etdi.

UNESCO Samarqanddagi konferensiya uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi

UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi 2025 yil 30-oktabrdan 13-noyabrgacha Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Tashrif buyurgan delegatsiyalar O‘zbekiston xalqining samimiy mehmondo‘stligi, yuqori darajadagi tashkiliy tayyorgarlik va barcha ishtirokchilar uchun yaratilgan qulay infratuzilmani alohida e’tirof etib, O‘zbekiston xalqi va Hukumatiga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Axror Burxanov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, delegatsiyalar O‘zbekiston Hukumati tomonidan barcha a’zo davlatlar, kuzatuvchilar va tashkilot vakillarining to‘laqonli ishtirokini ta’minlash uchun ko‘rilgan sa’y-harakatlarni yuqori baholagan. Ayni paytda, ular Prezident Shavkat Mirziyoyevning konferensiyaga ko‘rsatgan e’tibori, tashabbuskor qo‘llab-quvvatlovi va shaxsan ishtirokini yuksak ehtirom bilan tilga olgan.

Shuningdek, O‘zbekiston tashkilotlari va xizmatchilari tomonidan namoyon etilgan kasbiy mahorat hamda fidoyilik umumiy jarayonning uyg‘un va samarali o‘tishini ta’minlagani qayd etilgan. Ular logistika, xavfsizlik, protokol va madaniy dasturni yuksak darajada yo‘lga qo‘ygani uchun mamlakatga alohida minnatdorlik bildirgan.

«Qadimiy sivilizatsiya va boy madaniy meros yurti bo‘lgan O‘zbekiston o‘zining madaniy boyliklari orqali delegatsiyalar o‘rtasida o‘zaro tushunish va hamjihatlik ruhini mustahkamlashga katta hissa qo‘shganini ta’kidlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi xalqi va Hukumatiga do‘stlik, o‘zaro ishonch va UNESCO bilan kelgusidagi xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishiga ishonch ruhidagi murojaatni yo‘llaydi», — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Samarqandda bo‘lib o‘tgan UNESCO konferensiyasida misrlik Xolid Al-Anani to‘rt yillik muddatga tashkilotning yangi bosh direktori etib saylangan edi.

Mavzuga oid

UNESCO Samarqanddagi konferensiya uchun O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi | Vaqt.uz