AQSH Eronga quruqlikdan hujum qilsa nima bo‘ladi? Ekspertlar falokatdan ogohlantirmoqda
Tog‘lar, botqoqliklar va 50 daraja issiq — Eron har qanday armiya uchun halokatli qopqon bo‘lishi mumkin.

AQSH va Isroilning Eron obyektlariga bergan keng ko‘lamli havo zarbalari uchinchi hafta davom etayotgan bir paytda, mintaqa uzra yana «katta urush» vahimasi paydo bo‘ldi. Prezident Donald Tramp o‘z intervyularida quruqlik hujumi ehtimolini inkor etmayapti, Pentagonning 82-havo-desant diviziyasi bo‘linmalarini safarbar etayotgani haqidagi xabarlar esa vaziyatdagi keskinlikni yanada avj oldirmoqda.
Biroq jangovar ritorika ortida achchiq haqiqat yashiringan. Fors o‘lkasi topografiyasi bilan tanish bo‘lgan ekspertlar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklar borasida yakdil fikrda: Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy bosqin ham logistika, ham insoniy yo‘qotishlar miqyosi bo‘yicha Viyetnam va Afg‘oniston urushlarining umumiy oqibatlaridan-da mudhishroq bo‘lishi mumkin.


Tarix saboqlari va tahdid ko‘lami
Eron 1941-yilda Buyuk Britaniya va SSSRning qo‘shma operatsiyasi Rizo shohning zaif armiyasini tor-mor etganidan beri xorijiy bosqinchilarni ko‘rmagan. Bugungi Eron — mutlaqo boshqacha raqib. Hatto uning harbiy-havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa tizimi zararsizlantirilgan taqdirda ham, quruqlikdagi kuchlari va Islom inqilobi muhofizlari korpusining (IIMK) elita bo‘linmalari to‘liq jangovar holatda. Ular maydoni 1,6 million kvadrat kilometrdan ortiq bo‘lgan hudud bo‘ylab tarqalib ketgan.
Taqqoslash uchun, Eron hududi Fransiya, Germaniya, Ispaniya va Portugaliyaning jami maydonidan ham kengdir. Bu — mamlakat Iroqdan to‘rt barobar, Afg‘onistondan esa uch barobar katta. Biroq Eron mudofaasining asosiy kuchi qo‘shinlar sonida emas, balki uning murakkab jug‘rofiy landshafti va hududiy xususiyatlaridadir.
Halokatli balandlik
Amerikalik harbiylar uchun iqlimga moslashish masalasi eng jiddiy muammolardan biriga aylanishi mumkin. Zero, Eron — o‘ziga xos «baland tog‘li qal’a»dir. Tehron dengiz sathidan 1200 metr balandlikda joylashgan.
AQSH Harbiy-havo kuchlarining tibbiy bayonnomalariga ko‘ra, tegishli tayyorgarliksiz bunday balandlikda bo‘lish «o‘tkir tog‘ kasalligi»ning rivojlanishiga hamda shaxsiy tarkibning ish qobiliyati va jangovar shayligi keskin tushib ketishiga olib keladi. Shiddatli harbiy harakatlar vaqtida esa iqlimga moslashish uchun vaqt umuman bo‘lmaydi.


Uch devor va bir botqoqlik
Eron geografiyasi tabiiy istehkomlar tizimidan iborat.
Zagros tizmasi Turkiya chegarasidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozigacha 1600 km masofaga cho‘zilgan bo‘lib, balandligi 4350 metrgacha yetadigan (Dena tog‘i) cho‘qqilari bilan eng muhim neft portlari ustidan strategik hukmronlikni ta’minlaydi.
Alborz tizmasi mamlakat shimolini va Tehronni himoya qiladi. Ulug‘vor Damovand tog‘i (5500 metrdan baland) ham aynan shu yerda joylashgan.
Janubiy sohillarni o‘rab turgan Makran tog‘lari dengizdan desant tushirish amaliyotini tik qoyaga ko‘tarilishdek murakkab jarayonga aylantiradi. Masalan, Nikshahr shahri sohildan atigi 96 kilometr uzoqlikda bo‘lsa-da, 500 metr balandlikda joylashgan.
NATO tog‘larda jang olib borishni rasman «o‘ta murakkab vazifa» deb tan oladi. Tor soqmoqlar armiyani kichik guruhlarga bo‘linishga majbur qiladi, bu esa ularni mahalliy partizanlar uchun oson o‘ljaga aylantiradi.
«Hatto muntazam armiya mag‘lub etilgan taqdirda ham, Islom inqilobi muhofizlari korpusining (IIMK) nomuntazam bo‘linmalari o‘nlab yillar davomida toliqtiruvchi urush olib boradi», — deya ogohlantiradi «19FortyFive» nashri muharriri Kris Osborn shunday.
Chegaradagi yagona «darcha» janubdagi Xuziston viloyatidir. Bu hudud dushmanni tog‘lar bilan emas, balki Shodegon botqoqliklari bilan kutib oladi. Bu 400 000 gektarlik yopishqoq balchiq bo‘lib, u yerda og‘ir «Abrams» tanklari harakatsiz temir tobutlarga aylanadi.


Elektronikaning «kushandasi»
Mamlakatning markaziy qismida Dashti Kavir va Dashti Lut sho‘rxok tekisliklari joylashgan. Bu yerda askarlarni kunduzi 50 daraja issiq, kechasi esa keskin sovuq, suvsizlik va eng asosiy muammo — tuzli chang kutmoqda. U dahshatli korroziya kuchiga ega bo‘lib, bir necha kun ichida Amerika texnikasining yuqori texnologik elektronikasi va ichki mexanizmlarini ishdan chiqarishga qodir.
Muqobil variant: «Zarba ber va qoch»
Aberdin universiteti professori Tomas Bonni Jeymsning fikricha, Pentagonning yalpi bosqinga qo‘l urishi dargumon. Katta ehtimol bilan, hozirda «jarrohlik zarbalari» ssenariysi ko‘rib chiqilmoqda. Bu reja maxsus bo‘linmalarning Natanz, Fordo yoki Isfahondagi yadroviy obyektlarga tezkor desant tushirishi va vazifani bajarib, zudlik bilan hududni tark etishini nazarda tutadi.
Biroq «Chatham House» tahlilchisi Nil Kuilliam bunday rejaning muvaffaqiyatiga shubha bildirdi.
«Bu o‘ta dushmanona muhitdagi yuqori xavfli operatsiyalardir. Ichkariga kirish tez kechishi mumkin, ammo bu geografik labirintdan chiqish abadiyga cho‘zilishi hech gap emas», — dedi u.





