Arzon SI davri tugab bormoqda: neyrotarmoqlar narxi keskin oshishi mumkin
Sun’iy intellekt ehtimol hech qachon hozirgi kabi arzon bo‘lmaydi. Kompaniyalar mijozlarni past narxlar bilan jalb qilmoqda va bu narxlar uzoqqa bormaydi – bu «Amazon» va «Uber»ning o‘yin qoidalaridan olingan usul.

Hozirgi paytda texnologik kompaniyalar sun’iy intellekt modellaridan foydalanish narxini sun’iy ravishda past saqlamoqda. Bu venchur kapitali hisobiga amalga oshirilmoqda – maqsad bozorni egallash va foydalanuvchilarda bu xizmatlarga qaramlikni shakllantirish. Biroq birjaga chiqish arafasida ishlab chiquvchilar foydaga chiqish uchun tariflarni keskin oshirishga majbur bo‘ladi. Bu haqda «Axios» nashri xabar berdi.
Haqiqiy foyda o‘rniga venchur subsidiyalari
Keskin raqobat sun’iy intellekt laboratoriyalarini demping siyosati yuritishga majbur qilmoqda, bu esa rentabellikning pasayishiga olib keladi.
«Crunchbase» tahliliy platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida barcha venchur investitsiyalarining 90 foizi SI startaplariga to‘g‘ri kelgan. Shu mablag‘larning 74 foizi esa atigi ikki kompaniya – «OpenAI» va «Anthropic» hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Bundan tashqari, ishlab chiquvchilar strategik sherikliklar tufayli hisoblash quvvatini arzonroq narxlarda olishmoqda. Uoll-stritda bu holat «siklik moliyalashtirish» deb ataladi. Masalan, «Microsoft» korporatsiyasi OpenAIga o‘z serverlarini bozor narxidan arzonroq taqdim etadi.
«Writer» startapi bosh direktori Mey Habib nashrga bergan izohida bu o‘zgarishlarning muqarrarligini shunday tushuntirgan:
«Yirik til modellarini ishlab chiquvchi bu kompaniyalar ochiq aksiyalar bozoriga chiqadi va ular narxlarni oshirishga majbur bo‘ladi, chunki ularda boshqa yo‘l qolmaydi».
Texnologik taraqqiyot fonida milliardlab zararlar
«OpenAI», «Google» va «Anthropic» kompaniyalarining yangi modellari umuman olganda tezroq va arzonroq bo‘lib borayotganiga qaramay, korporatsiyalarning moliyaviy hisob-kitoblari hali ham murakkabligicha qolmoqda.
Ilgari sanoat asosan neyrotarmoqlarni o‘qitish uchun chiplarga e’tibor qaratgan bo‘lsa, hozir «Nvidia» va uning raqobatchilari inferens, ya’ni modellarga foydalanuvchilar so‘rovlariga javob berish imkonini beradigan hisoblash jarayoniga ko‘proq e’tibor qaratmoqda. Kelasi hafta ishlab chiquvchilar konferensiyasida «Nvidia» yanada samarali yangi chipni taqdim etishi kutilmoqda.
Inferens samaradorligining keskin oshishi tufayli tokenlarning umumiy qiymati (ya’ni matn generatsiyasi uchun xarajatlar) kamaydi. Ammo SI laboratoriyalarining marjasi hali ham manfiy bo‘lib qolmoqda. Buni «PitchBook» kompaniyasi ma’lumotlari tasdiqlaydi.
Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda «OpenAI» taxminan 14 milliard dollar zarar ko‘radi, bu 2025-yilgi ko‘rsatkichlardan (8–9 milliard dollar zarar) ancha yomon natija hisoblanadi.
Shu bilan birga, Anthropic kompaniyasining marjasi 2024 yildagi minus 94 foizdan 2025-yilda taxminan plyus 40 foizgacha yaxshilangan. Biroq kompaniya hali ham kutilganidan yuqori bo‘lgan inferens xarajatlari sabab moliyaviy bosim ostida qolmoqda.
Iste’molchilar korporativ segment marjasini «olib qo‘ymoqda»
Narxlar pasayishi bilan sun’iy intellektdan foydalanish keskin o‘smoqda, shu bilan birga, kompaniyalarning bu texnologiyalarga umumiy xarajatlari ham ortib bormoqda. Bu haqda biznes xarajatlarini kuzatuvchi «Ramp» platformasi ma’lumotlari ko‘rsatmoqda.
Biroq foydalanuvchi har safar murakkab so‘rov yuborganda, SI laboratoriyasi amalda bu operatsiyadan zarar ko‘radi. Bepul akkauntlarda tokenlardan foydalanish limiti mavjud bo‘lib, u standart iste’molchi obunasiga o‘tilganda kengayadi. Ammo aynan shu arzon asosiy obunalar hozirda venchur kapitali hisobidan eng ko‘p subsidiya qilinayotgan xizmatlar hisoblanadi.
«Ramp» statistikasiga ko‘ra, fevral oyida «OpenAI» chat-botlari uchun korporativ xarajatlarning 28 foizi xodimlarning shaxsiy iste’molchi tariflariga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni bu mablag‘lar ishlab chiquvchilarga yuqoriroq marja keltirishi mumkin bo‘lgan qimmatroq korporativ paketlarga emas, balki oddiy foydalanuvchi obunalariga sarflangan.
Shu bilan birga, platforma ma’lumotlari hozirda «Anthropic» kompaniyasi SI vositalari bo‘yicha korporativ xarajatlarning katta qismini jamlab borayotganini ko‘rsatmoqda.
Tarixiy parallellar va IPO muqarrarligi
Kremniy vodiysi investorlari bunday bosqichni avval ham boshdan kechirgan. Bir paytlar venchur mablag‘lari «milleniallar turmush tarzini subsidiyalash» deb atalgan holatni moliyalashtirgan, ya’ni «Uber» orqali sayohatlar va «DoorDash» orqali yetkazib berish xizmatlari narxlari sun’iy ravishda arzonlashtirilgan.
Bundan oldin «Amazon» kompaniyasi ham yillar davomida past narxlar, bepul yetkazib berish va AQSHning ko‘plab shtatlarida savdo solig‘ining yo‘qligi orqali mijozlar bazasini kengaytirgan. Oxir-oqibat bu korporatsiyalarning barchasi o‘z xarajatlarini qoplaydigan va foyda keltiradigan tariflarni joriy etishga majbur bo‘lgan.
Mutaxassislar fikricha, sun’iy intellektni hozirgi subsidiyalash bosqichi ham oxir-oqibat tugaydi. Kutilmoqdaki, «OpenAI» ham, «Anthropic» ham birlamchi ommaviy aksiya joylashtirish (IPO) o‘tkazadi.
Ommaviy investorlar kompaniya rahbariyatidan foyda o‘sishi va marja oshishini qat’iy talab qiladi. Chiplar samaradorligi oshib borayotganiga qaramay, laboratoriyalarning umumiy xarajatlari to‘xtovsiz o‘smoqda. Chunki ularga yangi data-markazlar qurish va ortib borayotgan talabni qondirish uchun doimiy modernizatsiya kerak.
Shuning uchun matn generatsiyasining asosiy tannarxi kamayishi mumkin bo‘lsa ham, kompaniyalar tijorat jihatdan muvaffaqiyatli bo‘lishi va milliardlab sarmoyalarni qoplashi uchun mijozlar to‘laydigan umumiy xarajatlar muqarrar ravishda oshishi kerak.





