Logo

«Uzum Market» bond ombori orqali savdoni boshlaydi: bu sotuvchi va xaridorga nima beradi?

Bugun 20:202 daqiqa

Yangi tartibda tadbirkorlar import tovarlari uchun bojxona to‘lovlarini mahsulot sotilganidan keyin amalga oshiradi.

«Uzum Market» bond ombori orqali savdoni boshlaydi: bu sotuvchi va xaridorga nima beradi? © Foto: uzum

«Uzum Market» marketpleysi 30-noyabrdan bond ombori orqali import tovarlar sotishni boshlaydi.

Bond ombori sotuvchiga nima beradi?

Ma’lum qilinishicha, yangi tizimda sotuvchi xorijdan olib kelgan mahsulotini O‘zbekiston hududidagi maxsus omborda saqlashi mumkin. Bojxona to‘lovlari esa tovar xaridorga sotilgan paytda hisoblanadi.

Masalan, omborga ming dona mahsulot olib kelingan, ammo faqat yuz donasi sotilgan bo‘lsa, qolgan to‘qqiz yuz dona uchun to‘lovni darhol qilish shart emas. Bu tadbirkorlarga aylanma mablag‘larni tejash imkonini beradi.

Bundan tashqari, tovarlar mamlakat ichida saqlangani sababli buyurtmalarni yetkazib berish muddati ham qisqaradi. Bond omboridan chiqarilgan mahsulot keyingi kuniyoq marketpleys omboriga yetkazilishi kutilmoqda.

Qaysi tovarlarga bojxona to‘lovlari kamayadi?

Prezidentning PQ–136-sonli qarorida bond ombori orqali sotiladigan ayrim tovarlar uchun alohida stavkalar belgilangan. Xususan, birinchi ro‘yxatga kiritilgan mahsulotlar uchun 5 foizlik yagona bojxona to‘lovi, ikkinchi ro‘yxatdagi tovarlar uchun esa 3 foiz bojxona boji va QQS qo‘llanadi. Boshqa mahsulotlarga umumiy tartib amal qiladi.

Bu o‘zgarish ayrim import tovarlarning xaridor uchun arzonlashishiga olib kelishi mumkin. Biroq yakuniy narxga sotuvchining ustamasi, ombor xizmati va yetkazib berish xarajatlari ham ta’sir qiladi.

Jismoniy shaxslar uchun bojsiz limitlar tatbiq etilmaydi

Bond ombori orqali sotiladigan mahsulotlar jismoniy shaxslarga shaxsiy ehtiyoj uchun mo‘ljallangan. Shu bois fuqarolar uchun belgilangan bojsiz olib kirish me’yorlari bu savdoga qo‘llanmaydi.

Teglar

Mavzuga oid