Shveysariya qaytaradigan 252,5 mln dollarlik aktivlar, Trampni hayratga solgan o‘zbek ayvonlari va deputatlar tasdiqlagan 12 yillik ta’lim — 25-noyabr dayjesti
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Shveysariya Gulnora Karimovaning 252,5 mln dollarlik aktivlarini O‘zbekistonga qaytaradi
24-noyabr kuni O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarning navbatdagi — 252,5 million dollarlik qismini «Ishonch — 2030» trast jamg‘armasi orqali qaytarish bo‘yicha bitim tasdiqlandi. Resurslarni taqsimlash strategiyasining ikkinchi bosqichiga oid hujjat O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, Shveysariyaning mamlakatdagi elchisi Simone Giger hamda BMTning doimiy koordinatori Sabine Mal tomonidan imzolandi. Mablag‘lar ikki asosiy yo‘nalishga — sog‘liqni saqlash (bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordamni takomillashtirish, kasalliklarni erta aniqlash, onkologik kasalliklarni davolash va shifokorlar malakasini oshirish) hamda ta’lim (yangi maktablar qurish, raqamli texnologiyalarni joriy etish va o‘qituvchilar malakasini oshirish) sohalariga yo‘naltirilib, asosiy e’tibor qishloq hududlari va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi qatlamlariga qaratiladi.
O‘zbekiston, Shveysariya va BMT hamkorligida tashkil etilgan mazkur jamg‘arma strategiyasining birinchi bosqichida sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga 87 million dollar ajratilgan edi. Loyihalarni tanlash, amalga oshirish hamda mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan monitoring jarayonlarida BMT va Jahon banki ishtirok etadi, bu esa ehtimoliy korrupsion holatlarning oldini olishga yordam beradi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2022 yilda qariyb 131 million dollar, 2025 yil fevralida esa yana 182 million dollarni qaytarish bo‘yicha kelishuvlar imzolanib, jamg‘arma orqali aholi manfaatlariga yo‘naltirilishi belgilangan mablag‘lar 313 million dollarni tashkil etgan edi.
«Ayvonlar haqiqatan ham hayratlanarli darajada go‘zal» — Tramp Shavkat Mirziyoyevga sovg‘a uchun minnatdorlik bildirdi
AQSH prezidenti Donald Tramp «Truth Social» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasi orqali mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va o‘zbek xalqi nomidan sovg‘a qilingan ayvonlar uchun minnatdorlik bildirdi. Tramp o‘tgan hafta O‘zbekiston elchisi Furqat Sidiqov va AQSH ichki ishlar vaziri Duglas Bergum ishtirokida o‘tgan ochilish marosimi vaqtida «Marine One» vertolyotida hudud uzra parvoz qilganini ta’kidlab, ayvonlarni «haqiqatan ham hayratlanarli darajada go‘zal» deya e’tirof etdi. U, shuningdek, bir necha oy davomida oilalaridan uzoqda, murakkab ob-havo sharoitida 200 yillik tog‘ yong‘og‘i yog‘ochidan ushbu inshootlarni bunyod etgan o‘zbekistonlik mohir hunarmandlarning mahoratini alohida qayd etdi.
AQSH prezidenti mazkur sovg‘ani shaxsiy mulki sifatida olib qolmay, Amerika xalqiga taqdim etishga qaror qilganini bildirdi. Vashingtondagi Tidal Basin suv havzasi bo‘yida, Tomas Jefferson va Jorj Vashington yodgorliklari manzarasi ochiladigan joyda qad rostlagan ushbu ayvonlar bir yildan so‘ng Milliy qahramonlar bog‘i ochilgach, turmush qurish takliflari, diplomatik qabullar, sakura gullari festivalidagi fotosessiyalar va kundalik tashriflar uchun poytaxtning eng mashhur maskanlaridan biriga aylanishi kutilmoqda. Posti yakunida Tramp O‘zbekiston elchixonasi hamda AQSH Milliy bog‘lar xizmatiga ham minnatdorlik izhor etdi.
Uy olmoqchi bo‘lganlar uchun yangi xizmat ishga tushdi
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida qurilish obyektlari haqidagi ochiq ma’lumotlarni ko‘rish xizmati ishga tushirildi. U ko‘p qavatli va yakka tartibdagi uy-joylar, madaniyat, san’at va turizm obyektlari, shuningdek, qurib bitkazilgan binolar hamda 30 dan ortiq yo‘nalishdagi obyektlarni qamrab oladi. Portalda obyektning nomi, manzili, toifasi, foydalanishga topshirish muddati, qavatlar va xonadonlar soni, umumiy maydoni, loyiha qiymati hamda qurilishga buyurtma bergan, loyihani tayyorlagan va qurilish ishlarini olib borayotgan tashkilotlar haqida ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Bundan tashqari, portal orqali arxitektura-shaharsozlik kengashi xulosasi, ekspertiza xulosasi hamda qurilish-montaj ishlarini boshlash uchun berilgan ruxsatnomani yuklab olish mumkin. Mazkur xizmat ayniqsa qurilish tugamasidan turib xonadon uchun pul to‘laydigan xaridorlarga qo‘l keladi: ular to‘lov qilishdan oldin qurilishga kim mas’ul ekani, ishlarni boshlashga ruxsat berilgani va uy qachon foydalanishga topshirilishi rejalashtirilganini oldindan tekshira oladi.
Toshkent va Andijon hokimliklari budjetdan umumiy hisobda 3,27 mlrd so‘m ishlatadi
Toshkent viloyati hokimining farmoyishiga ko‘ra, viloyat budjetining ikkinchi chorak daromadlar rejasi ortig‘i bilan bajarilgan qismidan 2,1 milliard so‘m ajratiladi. Ushbu mablag‘ Nurafshon shahridagi «Nurafshon Biznes City» hududida joylashgan Yangi O‘zbekiston bog‘ini obodonlashtirish — sug‘orish tizimini ishga tushirish, maysalar va turli xil ko‘chatlar ekish, «bruschatka» yotqizish hamda ko‘l atrofiga panjara o‘rnatish ishlariga sarflanadi. Mablag‘ «Toshkent viloyatida biznes markazlarini qurish direksiyasi» davlat unitar korxonasiga berilib, uning maqsadli sarflanishi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi viloyat boshqarmasi tomonidan nazorat qilinadi.
Andijon viloyati hokimining qarori bilan esa viloyat budjetining 2026 yilgi zaxira jamg‘armasidan 1 milliard 170,4 million so‘m yo‘naltiriladi. Mazkur pullar viloyat hokimligi ishlar boshqarmasiga berilib, tumanlardagi yer maydonlarini yer fondining bir toifasidan boshqasiga o‘tkazish uchun zarur loyiha hujjatlarini ishlab chiqishga sarflanadi. Qarorga muvofiq, viloyat Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi 2026 yilgi xarajatlar rejasiga tegishli o‘zgartirish kiritadi, viloyat G‘aznachilik xizmati boshqarmasi esa mablag‘larni belgilangan tartibda moliyalashtiradi.
Deputatlar O‘zbekistonda 12 yillik ta’limga o‘tish bo‘yicha qonunni qabul qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 24-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilovchi qonun qabul qilindi. Yangi tartibga ko‘ra, 6 yoshli bolalar uchun bir yillik majburiy tayyorlov hisobiga umumiy o‘rta ta’lim muddati 11 yildan 12 yilga uzaytiriladi (bunda 12-sinf tashkil etilmaydi) va har bir bolaning ushbu tayyorgarlikdan o‘tish huquqi davlat tomonidan kafolatlanadi. Ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda xorijda o‘qish uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan mazkur o‘zgarish doirasida 6 yoshli bolalarning tayyorlov bilan qamrovini hozirgi 98 foizdan 2027 yilda 100 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Tayyorlov guruhlari davlat bog‘chalari va maktablarida (shuningdek, bog‘cha va maktab mavjud bo‘lmagan chekka hududlardagi ijtimoiy obyektlarda) bepul tashkil etiladi, shu bilan birga, nodavlat ta’lim tashkilotlarida ham ochilishiga ruxsat beriladi. To‘liq qamrovga erishish uchun qo‘shimcha 800 ta guruh va qariyb 20 mingta yangi o‘rin yaratilib, tegishli xarajatlar 2027 yilgi davlat budjetida nazarda tutiladi, amaldagi qonunchilikdagi maktabgacha yosh (7 yoshgacha) normasi esa o‘zgarishsiz qoladi. Deputatlar yangi tizimni joriy etishga ta’lim muassasalarini tayyorlash uchun kamida olti oy vaqt kerakligini ta’kidlagan bo‘lib, qonun Senatda ko‘rib chiqilganidan so‘ng imzolash uchun prezidentga yuboriladi.





