Logo

«Endi hamma narsaga pulimiz yo‘q». Germaniya kansleri aholini davlat xarajatlari qisqarishiga tayyorlanishga chaqirdi

Bugun 21:152 daqiqa

U davlat soliq tushumlari avvalgidek barcha xarajatlarni qoplay olmasligini aytdi.

«Endi hamma narsaga pulimiz yo‘q». Germaniya kansleri aholini davlat xarajatlari qisqarishiga tayyorlanishga chaqirdi © Michael Kappeler, dpa, Globallookpress

Germaniya kansleri Fridrix Mers mamlakat aholisini davlat xarajatlari qisqarishiga tayyorlanishga chaqirdi. Bu haqda «Süddeutsche Zeitung» nashri xabar berdi.

«Endi hamma narsaga pulimiz yo‘q. Shu bilan birga, bu yerda o‘tirgan barchamiz o‘zimizga odatiy va qadrli bo‘lib qolgan ayrim qarashlardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi», — dedi Mers bundestagdagi budjet muhokamasi chog‘ida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda davlat soliq tushumlari hisobidan «biz uzoq yillar davomida qattiq o‘rganib qolgan barcha narsani» qoplay olmaydi — aks holda, farzandlar va nabiralar avlodida «siyosiy qarorlar uchun erkin sarflaydigan mablag‘ qolmaydi».

U mamlakat «ushbu majburiy cheklovlarni anglab yetishi» hamda «kim bo‘lmoqchiligimiz va nimaga ega bo‘lishni istashimizni» hal qilib olishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Muhokamalar davomida Mers budjet loyihasini tanqid qilgan «Germaniya uchun muqobil» partiyasiga ham javob qaytardi. Uning ta’kidlashicha, AdG Putin «faqat Ukraina bilan cheklanib qolmasligini» tushunmayapti.

«Buni anglab yetmagan odam yo bu dunyoni tushunmaydi, yoki mamlakatimizning erkinligi, ochiqligi va liberalligi borasida butunlay boshqa maqsadlarni ko‘zlamoqda», — dedi Mers.

So‘nggi haftalarda Germaniyaning hukmron koalitsiyasi ichida 2027 yilgi federal budjet yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi. Unda qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan bir nechta asosiy masalalar bor — xususan, GFR tarixidagi eng yuqori, taxminan 560 milliard yevrolik rekord xarajatlar shular jumlasidandir. Muxolifat ushbu budjet loyihasini (jumladan, Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam tufayli) tanqid qilmoqda, Mersni esa siyosiy layoqatsizlikda ayblamoqda. Budjet bo‘yicha yakuniy ovoz berish 27-noyabrga rejalashtirilgan, ungacha bundestagda debatlar davom etmoqda.

Teglar

Mavzuga oid