Logo

Tramp yangi savdo bojlarini e’lon qildi: bu qaysi davlatlarga ta’sir qiladi?

Bugun 09:204 daqiqa

Vashington ularni dunyo bozorlarini arzon tovarlar bilan to‘ldirib yuborayotganlikda ayblamoqda.

Tramp yangi savdo bojlarini e’lon qildi: bu qaysi davlatlarga ta’sir qiladi? © Getty images

Tramp ma’muriyati 14 ta yirik savdo hamkoriga, jumladan, Xitoy, Yevropa Ittifoqi va Hindistonga nisbatan yangi savdo bojlari joriy etish rejasini e’lon qildi. Vashington ularni dunyo bozorlarini arzon tovarlar bilan to‘ldirib yuborayotganlikda ayblamoqda. Eng yuqori stavkalar Xitoyga nisbatan qo‘llaniladi.

AQSH Savdo vakili idorasi (USTR) Vashington «tarkibiy ortiqcha quvvat» deb ataydigan holat yuzasidan sakkiz oy davom etgan tekshiruvdan so‘ng chorshanba kuni yangi bojlarni e’lon qildi.

AQSHning yuqori martabali rasmiysi «Reuters» agentligiga ma’lum qilishicha, USTR buni mamlakatlar tomonidan subsidiyalar va boshqa choralar orqali «talab hamda bozor tamoyillaridan uzilgan holda ishlab chiqarish va quvvatlarni rag‘batlantirish» deb ta’riflaydi.

Ushbu choralar fevral oyida AQSH Oliy sudi tomonidan bekor qilingan Trampning keng ko‘lamli import soliqlarini qayta tiklash yo‘lidagi so‘nggi urinishdir.

Qanday yangi bojlar e’lon qilinmoqda?

Yangi bojlar 1974 yilgi AQSH savdo to‘g‘risidagi qonunining 301-bo‘limi doirasida joriy etilmoqda. U Vashingtonga Amerika biznesiga nisbatan adolatsiz munosabatda deb topilgan davlatlarni jazolash imkonini beradi. Tramp birinchi prezidentlik muddatida Xitoy tovarlariga yirik bojlar qo‘yish uchun aynan shu moddadan foydalangan.

Bu Trampning 2025 yil aprel oyida — Oq uydagi ikkinchi muddatini boshlaganidan ko‘p o‘tmay e’lon qilgan «Ozodlik kuni» bojlarini qaytarishga bo‘lgan navbatdagi urinishidir. U o‘sha bojlarni favqulodda vakolatlar to‘g‘risidagi qonunga tayanib kiritgan, biroq joriy yil fevralida Oliy sud mazkur qonun prezidentga savdo bojlarini joriy etish vakolatini bermaydi, degan qarorga kelgan edi.

Shundan so‘ng ma’muriyat boshqa bir qonundan foydalanib, savdo hamkorlariga 10 foizlik vaqtinchalik bojlar joriy etdi, biroq ularning muddati iyul oyida tugadi. Keyin ularning o‘rniga AQSH import qiladigan deyarli barcha mahsulotlarni yetkazib beruvchi 60 iqtisodiyotga nisbatan 10 foizdan 12,5 foizgacha bojlar kiritildi. Bu safar ma’muriyat 301-bo‘limga tayanib, mazkur davlatlar majburiy mehnat yordamida ishlab chiqarilgan tovarlar kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yetarli chora ko‘rmayotganini da’vo qildi.

Savdo hamkorlarining «tarkibiy ortiqcha quvvati» yuzasidan o‘tkazilgan so‘nggi tekshiruv mart oyida boshlangan bo‘lib, po‘lat va avtomobillardan tortib komputer chiplari va quyosh panellarigacha bo‘lgan sohalarni qamrab oldi. Unda davlat subsidiyalari, davlat tomonidan sun’iy ravishda past ushlab turilgan ish haqlari hamda davlat korxonalari faoliyati o‘rganildi.

Vashingtonning ta’kidlashicha, bunday qo‘llab-quvvatlov zavodlarga o‘z mahsulotlarini butun dunyo bo‘ylab arzonroq narxda sotish imkonini beradi, bu esa amerikalik ishlab chiqaruvchilarga zarar yetkazadi va AQSHga investitsiya kiritish rag‘batini susaytiradi.

Qaysi davlatlar nishonga olindi?

Tekshiruv 16 iqtisodiyotni qamrab oldi, ulardan 14 tasiga — Xitoy, Bangladesh, Kamboja, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Indoneziya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Malayziya, Singapur, Shveysariya, Tayvan, Tailand va Viyetnamga nisbatan boj joriy etish taklif qilindi. Tekshiruvdan o‘tkazilgan Meksika va Norvegiya esa hozircha cheklovlardan chetda qoldi.

Tramp ma’muriyati Xitoyni eng yirik qoidabuzar deb hisoblab, uning po‘lat, alyuminiy, elektromobil, maishiy texnika va quyosh panellari sanoatini misol keltirmoqda. Pekin bu ayblovni rad etib, o‘z eksporti shunchaki raqobatbardosh ekanini ta’kidlaydi. Vashington, shuningdek, Xitoy kompaniyalarini AQSHning avvalgi bojlarini chetlab o‘tish maqsadida Viyetnam, Indoneziya va Kambojaga sarmoya kiritayotganlikda ayblamoqda.

Vashington Yevropa Ittifoqiga qarshi dalil sifatida Germaniya va Irlandiyaning yirik savdo profitsitini ko‘rsatdi. Shuningdek, Xitoy va Yaponiya avtomobilsozlik sanoati, Singapurning komputer chiplari hamda Norvegiyaning yoqilg‘i va dengiz mahsulotlari eksporti alohida tanqid ostiga olindi.

Yangi boj stavkalari qancha bo‘ladi?

AQSHning yuqori martabali rasmiysi aksariyat davlatlar uchun belgilangan stavkalarni ochiqlamadi. Biroq eng yuqori bojlar Xitoyga nisbatan qo‘llaniladi. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, ortiqcha quvvat tufayli taklif etilayotgan 20 foizlik boj Trampning birinchi prezidentlik muddatida belgilangan taxminan 25 foizlik bojlar ustiga qo‘shiladi. Bu esa Xitoyni 20 foizlik stavka taklif qilinayotgan Viyetnamdan yuqoriroq o‘rinda saqlab qoladi.

Rasmiyning ta’kidlashicha, yangi bojlar Tramp ma’muriyati muzokaralar orqali erishgan savdo kelishuvlaridagi tarif cheklovlarini buzmaydi. «Reuters»ning avvalgi xabarlariga ko‘ra, bu cheklovlar Yevropa Ittifoqi, Yaponiya va Janubiy Koreya uchun 15 foiz, Malayziya uchun esa 19 foiz etib belgilangan.

Xitoy uchun esa Pekin bilan 10-yanvarda muddati tugaydigan savdo sulhiga muvofiq, Trampning ikkinchi muddati davomida joriy etiladigan bojlarning eng yuqori chegarasi 20 foizni tashkil etadi.

Hindistonning AQSH bilan imzolangan savdo bitimi yo‘q. Tomonlar fevral oyida bitimning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha kelishib olgan, biroq u yakuniga yetmagan va muzokaralar oylab cho‘zilib ketgan. 14-noyabr kuni Hindiston tashqi ishlar vaziri S. Jayshankar kelishuv yaqin orada imzolanishi mumkinligini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid