Logo

Neft va gazga qarshi kurash barbod bo‘ldimi? Qariyb 200 davlat «Antaliya pakti»ni imzolay olmadi

Bugun 22:156 daqiqa

BMTning COP-31 iqlim anjumani 2009 yildan buyon ilk bor umumiy siyosiy kelishuvsiz yakunlandi. 50 soatga kechikkan yakuniy majlisda yirik davlatlarning energetika va moliya borasidagi manfaatlari keskin to‘qnashdi.

Neft va gazga qarshi kurash barbod bo‘ldimi? Qariyb 200 davlat «Antaliya pakti»ni imzolay olmadi © REUTERS

2026 yil 22-noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 31-konferensiyasi — COP-31 o‘z ishini yakunladi. Qariyb 200 davlat vakillari qatnashgan muzokaralar neft, gaz va ko‘mirdan foydalanishni qisqartirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun mablag‘ ajratish hamda rivojlanayotgan mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash masalalaridagi kelishmovchiliklar bilan tugadi.

Davlatlar Turkiya va Avstraliya raisligi taklif etgan umumiy siyosiy hujjat — «Antaliya pakti» bo‘yicha kelishuvga erisha olmadi. Natijada sammitning asosiy yakuniy kelishuvi qabul qilinmadi.  

«Reyters» ma’lumotiga ko‘ra, Antaliya sammiti 2009 yilgi Kopengagen konferensiyasidan buyon umumiy siyosiy kelishuvsiz yakunlangan ilk iqlim anjumani bo‘ldi. Dastlab 20-noyabrda tugashi belgilangan muzokaralar kelishmovchiliklar sabab 22-noyabrgacha cho‘zildi, yakuniy yalpi majlis esa rejadagi muddatdan 50 soatdan ortiq kechikdi.

Nima uchun asosiy kelishuvga erishilmadi?

Antaliyadagi muzokaralarning eng bahsli mavzusi qazilma yoqilg‘ilardan — neft, gaz va ko‘mirdan voz kechish jarayonini qanday tezlashtirish masalasi bo‘ldi.

Bu muammo iqlim konferensiyalari uchun yangilik emas, biroq 2023 yilda Dubayda o‘tgan COP-28 sammitidan so‘ng u yanada dolzarb tus olgandi. O‘shanda davlatlar ilk bor yakuniy kelishuvda energetika tizimlarida qazilma yoqilg‘ilardan adolatli, tartibli va bosqichma-bosqich voz kechish zarurligini tan olgan edi.

Ushbu kelishuv davlatlarni bu jarayonni joriy o‘n yillikda tezlashtirishga va 2050 yilgacha sof nol chiqindilarga erishish maqsadlariga mos harakat qilishga chaqirgandi. Antaliyada esa aynan shu majburiyatlarni qanday bajarish, ularni tezlashtirish va yangi xalqaro hujjatda qanday aks ettirish borasida kelishmovchilik kelib chiqdi.

BMTning rasmiy materiallarida qayd etilishicha, Turkiya va Avstraliya raisligi dastlabki loyihada qazilma yoqilg‘ilardan voz kechishni tezlashtirish, jumladan, energetika tizimlarida ulardan foydalanishni bosqichma-bosqich to‘xtatishni taklif etgan.

Biroq 19-noyabrda e’lon qilingan keyingi loyihadan qazilma yoqilg‘ilarga oid bevosita ifodalar olib tashlandi. Navbatdagi tahrirda ham neft, gaz va ko‘mirni ochiq tilga oluvchi aniq majburiyat bo‘lmadi. Hujjatda 2023 yilgi Dubay kelishuvi eslatilgan bo‘lsa-da, qator davlatlar buni yetarli emas deb topdi.

Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya hamda iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p aziyat chekayotgan bir qator davlatlar yakuniy hujjatda qazilma yoqilg‘ilardan voz kechish bo‘yicha aniq ifoda bo‘lishini talab qildi. Ular neft va gaz haqida ochiq aytilmagan hujjatni iqlim inqiroziga munosib javob deb hisoblamadi.

Boshqa tomondan, Rossiya va Saudiya Arabistoni kabi iqtisodiyotida neft va gaz muhim o‘rin tutadigan davlatlar bunday ifodalarning hujjatga kiritilishiga qarshi chiqdi.

«Karbon Brif» ma’lumotiga ko‘ra, yakuniy muzokaralar oldidan 126 davlatdan iborat guruh qazilma yoqilg‘ilardan voz kechish masalasini hujjatga qaytarishni talab qilgan. Ammo yakuniy matn bo‘yicha baribir kelishuvga erishilmadi.

Uglerodni ushlab qolish texnologiyalari ham bahsga sabab bo‘ldi

Neft va gazdan voz kechish masalasi bilan bir qatorda uglerod chiqindilarini kamaytirish texnologiyalari ham muzokaralarning eng murakkab nuqtalaridan biriga aylandi.

Xususan, yakuniy hujjat loyihalarida uglerodni ushlab qolish va saqlash texnologiyalariga tayanish masalasi ko‘tarildi. Bunday texnologiyalar sanoat korxonalaridan atmosferaga chiqadigan karbonat angidridni ushlab qolish va saqlashni nazarda tutadi.

Bu taklifni barcha davlatlar va ekologik tashkilotlar birdek ma’qullamadi. Tanqidchilarning fikricha, uglerodni ushlab qolish texnologiyalariga ortiqcha tayanish neft va gazdan foydalanishni davom ettirish uchun bahona bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Saudiya Arabistoni vakillari esa bunday texnologiyalarni iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning amaliy yechimlaridan biri sifatida baholadi.

Shu tariqa ikki xil yondashuv to‘qnashdi: bir tomon chiqindilarni manbaida kamaytirish va qazilma yoqilg‘ilardan foydalanishni qisqartirish shartligini ta’kidlasa, ikkinchi tomon mavjud energetika tizimlarida uglerodni ushlash texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini saqlab qolishni istadi.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun ajratiladigan mablag‘ ham kelishilmadi

Antaliya muzokaralaridagi ikkinchi yirik kelishmovchilik iqlim moliyasi bilan bog‘liq bo‘ldi.

Kun tartibida iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun mablag‘ ajratish, ayniqsa rivojlanayotgan va tabiiy ofatlarga nisbatan zaif mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlash masalasi turgandi.

Iqlim o‘zgarishiga moslashish deganda qurg‘oqchilik, suv tanqisligi, kuchli yog‘ingarchilik, toshqin, dengiz sathining ko‘tarilishi va boshqa tabiiy xavflarga tayyorgarlik ko‘rish, ularning iqtisodiy hamda ijtimoiy oqibatlarini yumshatish choralari tushuniladi.

Rivojlanayotgan davlatlar bu yo‘nalishda moliyaviy ko‘makni oshirishni talab qildi. Xususan, 2035 yilgacha moslashuv uchun ajratiladigan mablag‘ni yiliga 120 milliard dollarga yetkazish va uni hisoblashning aniq asosini belgilash masalasi muhokama qilindi. Biroq yakuniy hujjat loyihalarida bu maqsadning aniq miqdori va hisoblash mezonlari saqlanib qolmadi.

Kelishmovchilik nafaqat mablag‘ miqdori, balki uning manbalari va taqsimlanish tartibiga ham bog‘liq edi. Rivojlanayotgan mamlakatlar boy davlatlarning moliyaviy mas’uliyati va grant shaklidagi yordamni ko‘paytirish zarurligini ta’kidlagan bo‘lsa, rivojlangan davlatlar boshqa moliyaviy manbalar va xususiy sektor sarmoyalarini jalb etishga e’tibor qaratdi.

2035 yilgacha energiya iste’molida elektr ulushini 35 foizga yetkazish taklif qilindi

COP-31da Turkiya ilgari surgan muhim yo‘nalish dunyoda elektrlashtirish jarayonini tezlashtirish bo‘ldi.

Unga ko‘ra, 2035 yilgacha dunyo bo‘ylab yakuniy energiya iste’molida elektr energiyasi ulushini 35 foizga yetkazish maqsad qilingan. Bu transportda elektromobillardan foydalanishni kengaytirish, sanoatdagi ayrim jarayonlarni elektr energiyasiga o‘tkazish, binolarni elektrlashtirish va boshqa texnologiyalarni rivojlantirishni nazarda tutadi.

«Karbon Brif» ma’lumotiga ko‘ra, ushbu tashabbusni taxminan 80 mamlakat qo‘llab-quvvatlagan.

Dunyo iqlim o‘zgarishi bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erisha oladimi?

Sammitdagi kelishmovchiliklar dunyo iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashda hali yetarli natijaga erisha olmagan bir pallada yuz berdi.

BMTning Atrof-muhit dasturi 2026 yil oktabr oyida e’lon qilgan «Chiqindilar bo‘yicha tafovut» hisobotiga ko‘ra, amaldagi iqlim siyosati saqlanib qolsa, global harorat asr oxirigacha sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 2,8 darajaga oshishi mumkin.

Mamlakatlar Parij bitimi doirasida bergan barcha milliy majburiyatlarini to‘liq bajarsa ham, harorat o‘sishi 2,6 daraja atrofida bo‘lishi prognoz qilingan. Bu esa Parij bitimida belgilangan 1,5 darajali maqsaddan ancha yuqori.

Hisobotda haroratning 1,5 darajadan vaqtincha oshib ketishini imkon qadar cheklash va asr oxirigacha yana shu me’yordan pastga qaytarishning eng maqbul ssenariysi ham ko‘rib chiqilgan. Buning uchun global issiqxona gazlari chiqindilarini 2030 yilgacha 2025 yil darajasiga nisbatan 18 foizga, 2035 yilgacha 45 foizga va 2040 yilgacha 69 foizga qisqartirish talab etiladi.

BMT Atrof-muhit dasturi bunga erishish uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, energiya samaradorligini oshirish, ko‘mir, neft va gaz ulushini kamaytirish hamda metan chiqindilarini qisqartirish zarurligini ta’kidlagan.

O‘zbekiston uchun bu muzokaralar nimani anglatadi?

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro kelishuvlar O‘zbekiston uchun ham bevosita ahamiyatga ega. Mamlakat 2018 yilda Parij bitimini ratifikatsiya qilib, xalqaro iqlim majburiyatlarini zimmasiga olgan.

O‘zbekiston 2025 yilda Parij bitimi doirasida uchinchi milliy hissasini — NDC 3.0 hujjatini taqdim etdi. Unga ko‘ra, mamlakat 2035 yilgacha yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 2010 yil darajasiga nisbatan 50 foizga kamaytirish majburiyatini olgan. Hujjatda 2055 yilgacha uglerod neytralligiga erishish maqsadi ham qayd etilgan.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda issiqxona gazlari chiqindilarining taxminan 75 foizi energetika sektori hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bois energiya samaradorligini oshirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish va tabiiy gaz zaxiralariga qaramlikni kamaytirish mamlakatning nafaqat iqlim siyosati, balki energetik xavfsizligi uchun ham muhim.

Bundan tashqari, Jahon banki iqlim o‘zgarishiga moslashish choralari ko‘rilmasa, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik, ekstremal issiqlik va boshqa xavflar iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazishini qayd etgan. Hisobotda moslashuv choralari ko‘rilmagan taqdirda, 2050 yilga kelib O‘zbekiston iqtisodiyoti 10 foizga qisqarishi mumkinligi prognoz qilingan.

Keyingi muzokaralar Efiopiyada davom etadi

Antaliyada ochiq qolgan masalalar bo‘yicha muzokaralar kelgusi yilda davom etadi. 2027 yilda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha 32-konferensiyasi Efiopiya poytaxti Addis-Abebada o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Unda qazilma yoqilg‘ilardan bosqichma-bosqich voz kechish, iqlim moliyasi, rivojlanayotgan davlatlarga yordam va iqlim o‘zgarishiga moslashish masalalari yana kun tartibiga chiqishi kutilmoqda.

BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasi ijrochi kotibi Saymon Still Antaliyadagi yakuniy bayonotida davlatlar asosiy kelishuvga erisha olmaganidan afsus bildirdi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro iqlim muzokaralari ilmiy ma’lumotlarga asoslanishi va mavjud muammolarga munosib javob berishi lozim.

Teglar

Mavzuga oid