Yakkasaroyda yirik avariya: kanalizatsiya quvuri yorilib ketdi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yirik avariya holati yuzaga keldi. Poytaxtning 3 ta tumanidan oqib o‘tuvchi markaziy kanalizatsiya quvuri yorilib ketgan. Qurilish hududida kotlovon ishlari noto‘g‘ri amalga oshirilgani bunga sabab qilib aytilmoqda.
3-iyul kuni Yakkasaroy tumani Dilbuloq mahallasida joylashgan “Better Best” MCHJ qurilish obyekti hududida oqova suv tarmog‘ida texnik nosozlik yuzaga kelib, diametri 1800 mm bo‘lgan temir-beton kanalizatsiya tarmog‘i shikastlandi. Natijada yer qoplamasining qisman cho‘kishi va o‘pirilishi kuzatilgan.
Dastlabki o‘rganishlarga ko‘ra, qurilish tashkiloti tomonidan olib borilgan qazish ishlari jarayonida xavfsizlik me’yorlariga to‘liq rioya etilmaganligi hamda kanalizatsiya tarmog‘i quvuriga yaqin masofada yer qazish ishlari amalga oshirilgani oqibatida mazkur hodisa yuzaga kelgan.
Ayni vaqtda “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ mutaxassislari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda avariya holatini bartaraf etish hamda oqova suv tarmog‘ini tiklash ishlari olib borilyapti.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga ko‘ra, qurilish ishlari jarayonida mas’ul shaxslarning e’tiborsizligi oqibatida oqova suv tarmog‘i quvuriga shikast yetkazilgan va natijada avariyaviy holat yuzaga kelgan. “Toshkent shahar suv ta’minoti” AJ va qurilish inspeksiyachi tomonidan qurilish firmasi qurilishdagi qoidabuzarlik holatlari bo‘yicha bir necha marotaba ogohlantirilgan. Aniqlanishicha, poytaxtning 3 ta tumanidan oqib o‘tuvchi mazkur markaziy kanalizatsiya quvuri Sergeli tumanida joylashgan Salor suv tozalash inshootiga yo‘naltirilgan.
Holat bo‘yicha dastlabki hujjatlar to‘planib, huquqiy baho berish va aybdorlarga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan. Tuman hokimligi qoidabuzarliklar tasdiqlangan taqdirda, aybdor shaxslar va tashkilotlar javobgarlikka tortilishini bildirdi.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator va montajchi: Miroqil Xayrullayev
Teglar






