Yetti oyda O‘zbekiston chetga 1,28 mln tonna meva-sabzavot sotdi
2026-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistondan 1,28 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 ming tonnaga ko‘p. Biroq eksport qiymati 3,9 foizga kamayib, 1,03 mlrd dollarni tashkil etdi.

Joriy yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekiston 1,28 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlarini xorijga pulladi. 2025-yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 1,28 mln tonna bo‘lgan. Shu tariqa, bir yil ichida eksport hajmi 5,5 ming tonnaga yoki 0,4 foizga oshgan.
Biroq mahsulotlarni eksport qilishdan olingan tushumda o‘sish kuzatilmadi. Mazkur davrda meva-sabzavot eksportining qiymati 1,03 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,9 foizga kamaydi. 2025-yilning shu davrida ushbu ko‘rsatkich 1,07 mlrd dollar bo‘lgan. Meva-sabzavot mahsulotlarining umumiy eksportdagi ulushi esa 5,1 foizni tashkil etdi.
Sabzavotlar eksporti
Dastlabki yetti oyda O‘zbekiston 539,6 ming tonna sabzavot mahsulotlarini eksport qildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 55,4 ming tonnaga yoki 11,4 foizga ko‘p. Eksport qiymati esa 165,9 mln dollardan 200,5 mln dollarga yetib, 20,8 foizga oshdi.
Sabzavotlar eksportida asosiy ulush piyoz va karamga to‘g‘ri keldi. Shu bilan birga, pomidor, sabzi va sarimsoq eksportida ham o‘sish kuzatildi:
Mahsulot | 2025-yil, ming tonna | 2026-yil, ming tonna | 2025-yil, mln dollar | 2026-yil, mln dollar |
Piyoz | 284,0 | 304,1 | 79,7 | 89,3 |
Karam | 126,9 | 139,4 | 48,7 | 54,7 |
Pomidor | 30,8 | 33,0 | 24,8 | 34,4 |
Sabzi | 39,2 | 57,5 | 8,0 | 13,1 |
Sarimsoq | 3,4 | 5,6 | 4,7 | 8,9 |
Jadvaldan ko‘rinadiki, besh asosiy mahsulotning barchasida eksport hajmi va qiymati oshgan. Eng katta hajm piyozga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, sabzi va sarimsoq eksportida nisbatan ko‘tarilgan.
Bundan tashqari, tarvuz va qovun sotuvida o‘ziga xos holat kuzatildi: eksport hajmi 175,7 ming tonnadan 173,9 ming tonnagacha biroz kamaygan bo‘lsa-da, uning qiymati 41,9 mln dollardan 55,1 mln dollarga oshdi.
Mevalar va rezavorlar eksporti
Meva va rezavorlar eksportida pasayish kuzatildi. Ular 251 ming tonna miqdorda xorijga sotildi. Bu 2025-yilning mos davriga nisbatan 39,8 ming tonna yoki 13,7 foizga kam. Qiymat ham 330,8 mln dollardan 308 mln dollargacha tushib, 6,9 foizga qisqardi:
Mahsulot | 2025-yil, ming tonna | 2026-yil, ming tonna | 2025-yil, mln $ | 2026-yil, mln $ |
Shaftoli | 87,9 | 92,3 | 80,5 | 91,7 |
Gilos | 34,3 | 25,2 | 72,5 | 59,9 |
O‘rik | 61,0 | 26,4 | 46,7 | 32,4 |
Quritilgan uzum | 54,6 | 51,6 | 73,3 | 62,1 |
Uzum | 29,5 | 37,8 | 24,9 | 28,9 |
Umuman olganda, ayrim mahsulotlar eksporti oshganiga qaramay, gilos va o‘rik kabi asosiy mahsulotlar hajmining keskin kamayishi meva va rezavorlar eksportining umumiy natijasiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Shuningdek, boshqa mahsulotlarda ham turlicha natija ko‘rindi:
Mahsulot | 2025-yil, ming tonna | 2026-yil, ming tonna | 2025-yil, mln $ | 2026-yil, mln $ |
Tarvuz va qovun | 175,7 | 173,9 | 41,9 | 55,1 |
Yeryong‘oq va yong‘oqlar | 13,1 | 13,3 | 31,2 | 30,3 |
Mosh | 33,6 | 35,7 | 32,1 | 33,9 |
Jadvaldan ko‘rinib turibdiki, tarvuz va qovun eksportida hajm biroz kamaygan bo‘lsa-da, daromad oshgan. Yeryong‘oq va yong‘oqlarda esa hajm deyarli o‘zgarmagan, qiymat pasaygan. Mosh eksportida ham hajm, ham qiymat ko‘tarilgan.
Xulosa o‘rnida aytganda, yetti oy yakunida sabzavotlar eksporti ham hajm, ham qiymat jihatidan o‘sdi, meva va rezavorlar eksporti esa kamaydi. Natijada umumiy eksport hajmi biroz oshgan bo‘lsa-da, undan tushgan tushum 1,1 mlrd dollardan 1,03 mlrd dollargacha qisqardi.
Muallif: Diyora Xabibullayeva





