
Yo‘llarda tirbandlikka qarshi kurashish uchun SI joriy etilmoqda. Toshkentda emas, Varshavada
Polsha poytaxti 500 ta chorraha harakatini sun’iy intellekt orqali boshqaruvchi yangi tizimga o‘tmoqda: loyiha tirbandliklarni qisqartirish va yo‘l harakatini optimallashtirishni maqsad qiladi.

Varshava shahar hokimiyati yo‘l harakatini boshqarishni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Poytaxt 223,5 mln zlotiylik yirik modernizatsiya dasturi doirasida shahar bo‘ylab 500 ga yaqin chorrahaga zamonaviy intellektual boshqaruv tizimini o‘rnatadi. Loyiha doirasida svetoforlar yangilanadi, datchiklar va video kuzatuv tizimlari joriy etiladi, sun’iy intellekt esa trafikni real vaqtda tahlil qilib, avtomatik ravishda optimal qarorlarni taklif qiladi.
Loyihaning asosiy innovatsiyasi — SIning mustaqil ravishda harakatni boshqarish imkoniyati. Yangi tizim yo‘llardagi vaziyatni kuzatuvchi datchiklar, asfalt ostiga o‘rnatilgan detektorlar va kameralar orqali yig‘ilgan ma’lumotlardan kelib chiqib baholaydi. Varshava yo‘l infratuzilmasini boshqarish departamenti rahbari Lukash Puxalskining ta’kidlashicha, SI qanchalik ko‘p voqeani tahlil qilsa, shunchalik aniq va samarali yechim taklif qiladi.
Tizimning yana bir muhim afzalligi — yo‘l harakatini endi alohida chorrahalar emas, balki butun yo‘l koridorlari darajasida optimallashtirishdir. Bu esa svetoforlar sikllarini o‘zgartirish, oqimni qayta yo‘naltirish va zarurat tug‘ilganda muqobil yo‘llarni faol taklif qilish imkonini beradi. Loyiha kichik avariyalardan tortib, yirik tiqilinchlargacha bo‘lgan vaziyatlarga tezkor javob berish orqali harakatni sezilarli darajada silliqlashtirishi kutilmoqda.
Boshqaruv markazi 24 soat ishlaydi: operatorlar zarurat bo‘lsa, ayrim chorrahalar uchun alohida dasturlarni qo‘llab, muayyan vaqt diapazoniga mos ravishda trafikni qo‘l bilan ham boshqarishi mumkin. Varshava hokimiyatiga ko‘ra, yangi SI tizimi shahar yo‘llaridagi tirbandlikni qisqartirishda eng muhim qadamlardan biriga aylanadi.





