add

Zelenskiy Donbass taqdiri bo‘yicha referendum o‘tkazishga tayyor

Kecha 08:384642 daqiqa

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donbass taqdiri masalasida qarorni xalq qabul qilishi kerakligini aytdi va referendum yoki saylov o‘tkazish imkonini bildirdi.

Zelenskiy Donbass taqdiri bo‘yicha referendum o‘tkazishga tayyor

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Donbass ustidan nazorat masalasida qaror faqat xalq irodasi asosida qabul qilinishi kerakligini ma’lum qildi, deb yozmoqda Bloomberg.  Uning ta’kidlashicha, bu pozitsiya saylov yoki referendum formatida ifodalanishi mumkin.

«Bu savolga Ukraina xalqi javob beradi. Saylov orqalimi yoki referendum orqalimi — lekin xalq pozitsiyasi bo‘lishi shart», — dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining aytishicha, AQSH tomoni Donbass hududida maxsus iqtisodiy zona tashkil etish g‘oyasini ilgari surmoqda. Ushbu rejaga ko‘ra, Ukraina qo‘shinlari hududdan chiqadi, biroq Rossiya harbiylari ham u yerga kiritilmaydi. Shu bilan birga, ushbu hudud kim tomonidan boshqarilishi masalasi ochiq qolmoqda. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Vashington buni «demilitarizatsiya qilingan» yoki «erkin iqtisodiy zona» deb atashni taklif qilgan.

Bu bayonot Germaniya, Fransiya va Buyuk Britaniya rahbarlarining AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon muloqotidan so‘ng yangradi. The Wall Street Journal nashrining ma’lum qilishicha, Tramp Yevropa davlatlarini Kiyevga bosim o‘tkazib, AQSH taklif qilayotgan tinchlik rejasini qabul qilishga undashga chaqirgan. Ushbu rejada hududiy yon berishlar va Ukraina Qurolli kuchlari sonini cheklash nazarda tutilgan.

Germaniya kansleri Fridrix Mers muzokaralar markazida aynan hududiy masalalar turganini tasdiqlab, bu qarorni faqat Ukraina rahbariyati va xalqi qabul qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSH tashabbusi bilan ishlab chiqilayotgan 20 punktli tinchlik rejasi ustida kundalik ish olib borilmoqda. Kiyev Vashingtonga yangilangan hujjatni taqdim etgan. Unda bahsli hududlar va Zaporijjya atom elektr stansiyasi nazorati bo‘yicha yangi takliflar mavjud.

Yangi variantda Ukraina Qurolli kuchlari soni 800 ming nafar etib belgilangan. Ilk versiyada esa bu cheklov 600 ming nafar edi. Zelenskiy bu raqam harbiylar bilan kelishilgan real ko‘rsatkich ekanini ta’kidladi.

Avvalroq Zelenskiy Putin bilan ilk uchrashuvida unga nima degani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid