Logo

Tumanlarda bir kishini kambag‘allikdan chiqarishga qancha pul sarflangani aytildi

Bankdan kredit olib, biznesini yurgiza olmagan 62 kishi kreditni qaytarishga qiynalyapti. Davlat rahbarining aytishicha, buning sababi atigi mingta mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla bankiri «loyihaviy yondashuv» asosida ishlashni biladi.

Tumanlarda bir kishini kambag‘allikdan chiqarishga qancha pul sarflangani aytildi © Ijtimoiy tarmoqlar

O‘zbekiston prezidentiga ko‘ra, Piskentda har bir odamni kambag‘allikdan chiqarishga 250 million so‘m kredit to‘g‘ri kelmoqda. Boshqa hududda shuncha pulga sanoatda yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida tumanlarda bir kishini kambag‘allikdan chiqarishga qancha mablag‘ ishlatilganini aytdi.

Yig‘ilishda ajratilgan kredit resurslarining natijadorligi tumanlar kesimida qiyosiy tahlil qilinar ekan, o‘tgan davrda Sharof Rashidov va Qarshi tumanlariga bir xil — 2 trillion 300 milliard so‘mdan kredit resursi berilgani ma’lum qilindi. Sharof Rashidov tumanida ushbu mablag‘ hisobidan 30 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilgan bo‘lib, bir kishiga o‘rtacha 78 million so‘m to‘g‘ri kelgan. Qarshi tumanida esa 13 ming ehtiyojmandning sharoiti yaxshilanib, bir kishiga o‘rtacha 176 million so‘m sarflangan.

Qamashi va Piskent tumanlariga 1 trillion 100 milliard so‘mdan kredit berilgan. Qamashida 28 ming, Piskentda esa atigi 4,5 ming kambag‘al aholi bu toifadan chiqarilgan.

G‘uzor, Nishon, Muborak, Yangiqo‘rg‘on, Toyloq, Boysun, Oltinsoy, Bandixon, Beshariq, Farg‘ona tumanlari hamda Nurafshon, Bekobod va Yangiyo‘l shaharlarida ham shunday holat kuzatilayotgani aytildi.

Piskentda har bir odamni kambag‘allikdan chiqarishga 250 million so‘m kredit to‘g‘ri kelayotgani aytildi. Vaholanki, boshqa hududda shuncha pulga sanoatda yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari ayrim hudud rahbarlari qo‘lidagi tayyor resurslardan samarali foydalanib, odamlarni ishli qilishga bilimi yoki toqati yetmayotganini tanqid qildi. Ular zamonaviy iqtisodiyotdagi tebranishlar va tezkor o‘zgarishlarni to‘g‘ri anglamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Prezident matbuot xizmatining yozishicha, hududlarda so‘nggi bir yilda tashkil qilingan 86 ming kichik korxonadan 15 mingtasi, ya’ni 17 foizi faoliyatini to‘xtatgan. Bankdan kredit olib, biznesini yurgiza olmagan 62 ming aholi kreditni qaytarishga qiynalayotgani qayd etildi. Buning sababi sifatida atigi mingta mahalladagi hokim yordamchisi va mahalla bankiri «loyihaviy yondashuv» asosida ishlashni bilishi ko‘rsatildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda o‘tgan uch yilda mahallalardagi tadbirkorlik loyihalariga 314 trln so‘m ajratilgani haqida yozgan edik.

Teglar

Mavzuga oid