add

1979-yildan keyingi Eron: Inqirozlar xronologiyasi

Bugun 16:456 daqiqa

1979-yilgi inqilob Eronning nafaqat ichki tuzumini, balki butun Yaqin Sharqdagi kuchlar muvozanatini o‘zgartirib yubordi. Oyatulloh Xumayniyning qaytishidan boshlangan yangi davr Eronni misli ko‘rilmagan sinovlar — AQSH bilan asirlar mojarosi, sakkiz yillik qonli urush, tinimsiz sanksiyalar va yadroviy keskinliklar girdobiga tashladi.

1979-yildan keyingi Eron: Inqirozlar xronologiyasi

So‘nggi yillardagi prezidentlar o‘limi va Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvlar esa bu xronologiyaning eng xavfli sahifalariga aylandi. Eron yarim asr davomida qanday inqirozlarni boshidan kechirdi va bugungi vaziyat qanday shakllandi?

Erondagi norozilik namoyishlari kun tartibining asosiy mavzusiga aylandi; bunda hukumat va muxolifat zo‘ravonlikning kuchayishida bir-birini ayblamoqda. Hukumat, shuningdek, namoyishlar ortida tashqi kuchlarning aralashuvi borligini ham ta’kidlagan.

Bu — shohni taxtdan ag‘darib, Islom respublikasi tizimini olib kelgan 1979 yilgi inqilobdan buyon Eron boshqaruv siyosatiga qarshi o‘tkazilayotgan namoyishlarning navbatdagi to‘lqinidir.

Biroq mamlakat faqatgina namoyishlar bilan cheklanib qolmay, boshqa inqirozlarga ham duch kelgan: bular sirasiga zilzilalar, urush, sanksiyalar, yadroviy keskinliklar, mintaqaviy aralashuvlar va siyosiy dramalar kiradi.

Quyida so‘nggi ellik yillikning eng muhim voqealari xronologiyasi keltirilgan.

1979-yil Fevral: Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy Iroq va Fransiyadagi 14 yillik surgundan so‘ng vatanga qaytdi.

Aprel: O‘tkazilgan referendum natijalariga ko‘ra, Eron Islom Respublikasi deb e’lon qilindi.

Noyabr: Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronga nisbatan ilk sanksiyalarni joriy qildi; bunga Tehrondagi AQSH elchixonasida amerikalik garovga olinganlarning ushlab turilishi asos qilib olindi. AQSH bungacha taxtdan ag‘darilgan shoh Muhammad Rizo Pahlaviyni qo‘llab-quvvatlab kelgan, undan avvalroq esa, 1953 yildagi davlat to‘ntarishi paytida demokratik yo‘l bilan saylangan bosh vazir Muhammad Musaddiqning hokimiyatdan chetlatilishiga yordam bergan edi (mazkur to‘ntarish AQSH va Buyuk Britaniya razvedka idoralari tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan).

1980-yil Sentabr: Iroq Eronga bostirib kirdi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, urush qurbonlari soni qariyb 500 ming kishini tashkil etgan bo‘lib, bunda Eron eng ko‘p talofat ko‘rdi.

1981-yil Yanvar: Qolgan barcha amerikalik asirlar ozod qilindi va bu bilan Erondagi garovga olinganlar masalasi yakuniga yetdi.

Iyun: Tehrondagi Islom respublikachilar partiyasi shtab-kvartirasida sodir etilgan portlash oqibatida o‘nlab yuqori martabali amaldorlar, jumladan, Xumayniydan keyin Erondagi ikkinchi eng muhim shaxs hisoblangan sud hokimiyati rahbari Muhammad Beheshtiy halok bo‘ldi.

Avgust: Tehrondagi yig‘ilish chog‘ida uyushtirilgan portlash oqibatida prezident Muhammad Ali Rajaiy va bosh vazir Muhammad Javad Bahonar suiqasd qurboni bo‘ldi. Rasmiylar bunda bir yil avval ta’qibga uchragan so‘l inqilobiy kayfiyatdagi muxolif «Mujohidini Xalq» guruhini aybladi.

1982-yil Iyun: Isroil Livanga bostirib kirdi. Eron keyinchalik Livan qarshilik harakatiga aylanadigan «Hizbulloh» guruhini moliyalashtirishni boshladi.

1988-yil Iyul: AQSH harbiy-dengiz kuchlarining «USS Vincennes» boshqariladigan raketa kreyseri Fors ko‘rfazi uzra «Iran Air» aviakompaniyasining fuqarolik Airbus samolyotini urib tushirdi; oqibatda bortdagi barcha 290 kishi halok bo‘ldi.

Avgust: Birlashgan Millatlar Tashkiloti vositachiligidagi muzokaralardan so‘ng Eron va Iroq o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish tartibi kuchga kirdi.

1989-yil Iyun: 3-iyun kuni Oliy rahbar Oyatulloh Ruhulloh Xumayniy vafot etdi. Uning vorisi Oyatulloh Ali Xominaiy ertasi kuni Ekspertlar kengashi tomonidan saylandi.

1990-yil Iyun: Eronda kuchli zilzila yuz berdi. 40 mingga yaqin odam halok bo‘ldi.

1995-yil Mart va may: AQSH Eronga nisbatan neft va savdo sanksiyalarini joriy qildi. AQSH Eronni «terrorizm»ga homiylik qilishda va yadro quroliga ega bo‘lishga intilishda aybladi.

1998-yil Sentabr: «Tolibon» harakati avgust oyida Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif shahrini egallash chog‘ida sakkiz nafar eronlik diplomat va bir jurnalist o‘ldirilganini tan oldi. Bunga javoban Eron Afg‘oniston bilan umumiy chegarasiga minglab qo‘shinlarini joylashtirdi.

2002-yil Yanvar: AQSH prezidenti Jorj Bush Eronni Shimoliy Koreya va Iroq bilan bir qatorda «yovuzlik o‘qi» (axis of evil) tarkibiga kiritdi va bu davlatlarni «terrorizm»ni qo‘llab-quvvatlashda aybladi.

2003-yil Mart: AQSH Iroqqa bostirib kirdi. Eron u yerdagi shia jangarilari va siyosiy guruhlarini moliyalashtirish hamda qo‘llab-quvvatlashni boshladi. Uning bunday guruhlarga ta’siri bugungi kunda ham sezilarli darajada saqlanib qolmoqda.

Noyabr: Eron uranni boyitish dasturini to‘xtatib turishini va o‘zining yadroviy ob’ektlarini BMT tomonidan yanada sinchiklab tekshirilishiga ruxsat berishini e’lon qildi. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) yadro quroli dasturi bo‘yicha hech qanday dalil yo‘qligini bildirdi.

Dekabr: Eron janubidagi Bam shahrida yuz bergan zilzila 40 minggacha odamning hayotiga zomin bo‘ldi.

2006-yil Dekabr: BMT Xavfsizlik Kengashi Eronning yadroviy materiallar va texnologiyalar savdosiga sanksiyalar joriy qildi. Bu Eron Germaniya hamda Xavfsizlik Kengashining beshta doimiy a’zosi (Fransiya, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya va AQSH) tomonidan taqdim etilgan diplomatik va iqtisodiy rag‘batlar evaziga o‘z yadroviy dasturini to‘xtatmaganidan so‘ng yuz berdi.

2007-yil Oktabr: AQSH Eronga nisbatan yanada qattiqroq qo‘shimcha sanksiyalar joriy qildi.

2010-yil Iyun: BMT Xavfsizlik Kengashi Eronning yadroviy dasturi tufayli unga nisbatan sanksiyalarning to‘rtinchi bosqichini joriy qildi. Sanksiyalar kengaytirilgan qurol-yarog‘ embargosi va qattiqroq moliyaviy qoidalarni o‘z ichiga oldi.

Sentabr: Eron yadro sektori xodimlari foydalanadigan tizimlarda zararli dastur aniqlangach, Isroil va AQSHni o‘zining atom elektr stansiyasi tizimlariga virus tarqatganlikda aybladi.

2011-yil Mart: Eronning ittifoqchisi bo‘lgan Suriya prezidenti Bashar Asad rejimi mart oyida «Arab bahori» namoyishlari ortidan boshlangan xalq qo‘zg‘olonini shafqatsizlik bilan bostirdi. O‘sha yilning oxirrog‘ida Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC) Asadni qo‘llab-quvvatlash uchun Eron va xorijiy jangarilar guruhlarini yubordi.

2012-yil Yanvar: Yevropa Ittifoqi Eron nefti eksportiga boykot e’lon qila boshladi.

Sentabr: AEXA Eronning Parchin harbiy ob’ektini ko‘zdan kechirishga to‘sqinlik qilinayotgani va Eron uranni boyituvchi yadroviy sentrifugalari sonini ko‘paytirganini da’vo qildi. Bu esa mamlakat yadro quroliga ega bo‘lishga yaqinlashayotgani haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi.

Oktabr: Xalqaro sanksiyalar tufayli Eron riali AQSH dollariga nisbatan rekord darajada qadrsizlandi va 2011 yildan buyon o‘z qiymatining 80 foizini yo‘qotdi.

2015-yil Iyul: Eron AQSHning Barak Obama ma’muriyati, shuningdek, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya, Xitoy va Yevropa Ittifoqi bilan sanksiyalarni bekor qilish evaziga yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Birgalikdagi keng ko‘lamli harakatlar rejasi (JCPOA) xalq orasida «yadroviy kelishuv» nomi bilan tanildi. Ushbu bitim eronliklar tomonidan xursandchilik bilan kutib olindi.

2018-yil May: Obamaning vorisi, prezident Donald Tramp JCPOA Eron uchun juda yumshoqligini va uni «yaxshiroq kelishuv» bilan almashtirish kerakligini da’vo qilib, AQSHni yadroviy kelishuvdan chiqardi.

2020-yil Yanvar: Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining (IRGC) «Quds» kuchlari rahbari Qosim Sulaymoniy Bag‘dodda AQSHning dron hujumi natijasida o‘ldirildi.

2024-yil Aprel: Isroil Eronning Damashqdagi elchixonasini bombaladi. Oqibatda yetti kishi, jumladan, IRGCning ikki generali halok bo‘ldi.

May: Eron prezidenti Ibrohim Raisiy mamlakatning Sharqiy Ozarboyjon provinsiyasidagi vertolyot halokatida vafot etdi.

Iyul: Tehronda HAMAS rahbari Ismoil Haniya Isroil tomonidan o‘ldirildi.

2025-yil Iyun: Isroil Eronga hujum qildi. Ikki tomon o‘rtasida boshlangan 12 kunlik urush oqibatida kamida 610 nafar eronlik va 28 nafar isroillik halok bo‘ldi.

 

Teglar

Mavzuga oid