
37 yil ortga surilgan jarayon: aholini ro‘yxatga olish nega muhim?
15.09.2025 | 18:00296315
O‘zbekiston biror marta aholini ro‘yxatdan o‘tkazmagan yagona postsovet davlati. Rejalar bir necha bor elon qilingan, hatto 2022 yilda Jahon bankidan 50 mln dollar kredit ham olingan. Biroq jarayon pandemiya, mablag‘ yetishmasligi va tashkiliy sabablar bilan ortga surilib kelmoqda.

Aholining soni va tarkibi bo‘yicha aniq ma’lumotlarni aholini ro‘yxatga olish orqali aniqlash mumkin. Bu harakat orqali mamlakat o‘tmishi va kelajagining «fotosurati» yaratiladi. Aholini ro‘yxatga olish ma’lum bir sanada aholining aniq soni (yoshi va jinsi tarkibi, fuqaroligi, milliy tarkibi, barcha aholi punktlari bo‘yicha soni, oilaviy ahvoli, ma’lumot darajasi, uy-joy bilan ta’minlanganlik darajasi, mehnat resurslari, iqtisodiy faol aholi, aholi bandligi (kasbi va mutaxassisligi) va ishsizligi, daromad olish manbalari, nogironligi bo‘yicha batafsil ma’lumot olinadi.
Shuningdek, bu ma’lumotlardan aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisoblashda (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, iste’mol mahsulotlari hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari)ni hisoblashda ishlatiladi. Bundan tashqari ro‘yxat orqali aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham shakllantiriladi.
11 sentyabr kuni Statistika agentligi rahbari Bekzod Hamroyevning xabar berishicha, 2026 yilning 12 yanvaridan 28 fevraligacha, jami 45 kun butun respublika bo‘ylab aholini ro‘yxatga olish ishlari amalga oshiriladi. Bu haqda 2024 yil 4 mart kuni prezident imzolagan qaror ilovasida belgilab qo‘yilgan.
Bekzod Hamroyevga ko‘ra, «BMT ning Aholishunoslik instituti, BMT ning Oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti bilan birgalikda aholi uchun jami 71 ta savol tuzib chiqilgan. Bundan 54 tasi bevosita aholi, qolgan 17 tasi qishloq xo‘jaligi bo‘yicha».
Aholini ro‘yxatga olish bir necha kun davomida o‘tkazilsa ham, ma’lumotlar aniq bir vaqtda – ko‘pincha aholini ro‘yxatga olishning birinchi kunining 0 soatdagi holati bo‘yicha qayd etiladi. Bu «aholini ro‘yxatga olishning nozik vaqti», deb ham ataladi. Masalan, chaqaloq aholini ro‘yxatga olish davrida, ammo ana shu aniq muddatdan keyin tug‘ilgan bo‘lsa, u aholi ro‘yxatiga kiritilmaydi. Lekin, kimdir bu aniq nozik muddatda hayot bo‘lib, shundan keyin, ya’ni aholini ro‘yxatga olish davrida vafot etsa, u aholi ro‘yxatiga kiritiladi.
Jarayon nega kechikdi?
O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon aholisini ro‘yxatdan o‘tkazmagan yagona post sovet davlati hisoblanadi. Xususan, Qozog‘iston aholisini uch marta (1999, 2009, 2021 yillarda), Qirg‘iziston 2 marta (1999, 2009 yillarda), Tojikiston 2 marta (2000,2010 yillarda), Turmaniston ham 2 marta (1995, 2012 yillarda) ro‘yxatdan o‘tkazgan. O‘zbekiston esa bu tadbirni faqat mustaqillikdan oldin 1897, 1926, 1939, 1959, 1970, 1979 va 1989 yillarda amalga oshirilgan.
Birinchi Prezident Islom Karimov davrida bu borada hech qanday ishlar amalga oshirilmagan. Shavkat Mirziyoyev rahbarlikka saylangach, aholini ro‘yxatga olish ahamiyati bo‘yicha rasmiy bayonotlar berila boshlandi. Xususan, 2019 yil 5 fevralda «O‘zbekiston Respublikasida 2022 yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi prezident farmoni, 2020 yil 16 martda «Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida»gi qonun qabul qilingandi. Unda aholini har 10 yilda, qishloq xo‘jaligini esa har yili ro‘yxatdan o‘tkazish belgilandi. Ammo qonunda ko‘rsatilgan asosiy vazifa haligacha amalga oshmadi.
Dastlabki rejaning amalga oshmaganiga pandemiya sabab qilib keltirildi. 2022 yilda belgilangan tadbir, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, respublikada aholini ro‘yxatga olish ishlari 2023 yilning 1-25 noyabrida o‘tkazilishi belgilangandi. Biroq pandemiya tugaganiga qaramay, bu tadbir 2023 yilda ham amalga oshirilmadi. Bunga sabab qilib Davlat statistika agentligi to‘laqonli ro‘yxatdan o‘tkazish uchun zarur omillar va xalqaro tajribalarni o‘rganish lozimligini, tegishli chora-tadbirlarni o‘tkazish vaqt talab qilishini ko‘rsatdi.
2024 yil mart oyida o‘tkazilgan matbuot anjumanida statistika agentligi rasmiysi aholini ro‘yxatga olish endi 2025-2026 yilga ko‘chirilganini e’lon qildi. Yig‘ilishda shu paytgacha ro‘yxatga olish amalga oshmaganiga yetarlicha mablag‘ yo‘qligi sabab bo‘lgani aytildi.
Ma’sul xodim tadbirni o‘tkazish uchun 800 mlrd so‘m atrofida pul ketishini ham ta’kidladi.
Ammo 2022 yilda hukumat tadbirni o‘tkazish iddaosi bilan Jahon bankidan 50 mln dollar miqdorida kredit olgan. Bu tadbirni o‘tkazish uchun kerak bo‘lgan mablag‘ning to‘rtdan uchini tashkil qiladi. Ammo hech kim bu pullarning qayerga ishlatilgani haqida rasmiy munosabat bermagan.
Ro‘yxatga olish nega muhim?
Yaqin Sharq universiteti dotsenti Assel Tutumlu vaziyatga shunday baho berdi: «Mamlakatda nafaqat qancha aholi, balki qanday aholi yashayotganini bilmay turib bir ish qilish qiyin. Ro‘yxatga olish orqali biz davlat resurslarini qayerda, qanday sarflanayotganini bilishimiz mumkin. Ma’lumotlar bazasining yo‘qligi davlat tuzulmalarining aholining turmush darajasini boridan ko‘ra yaxshiroq qilib ko‘rsatish va uning yaxshilanishi uchun mas’ulyatni o‘zidan soqit qilishiga zamin yaratadi. Bu mamlakat kelajagi uchun jiddiy muammolar tug‘diradi. Aniq ma’lumotlar bazasiga tayanmagan davlat dasturining samarasiz bo‘lish ehtimoli katta. Aksar aholi nima bilan mashg‘ul, uning daromadi qancha degan savollar javobi foiz stavkalari, resurslar taqsimoti, kambag‘al aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar yaratish jarayonida maqroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni asl jarayonga moslash imkonini faqat aholini ro‘yxatga olish bilan amalga oshirish mumkin».
Jarayonni tartibga solish
Aholi tarkibi haqida aniq ma’lumot yo‘q joyda mamlakatning kelajakdagi siyosiy va iqtisodiy holati, va’da qilingan islohotlar va qabul qilingan strategiyalarning qanchalik samara berishi savol ostida qoladi.
Mamlakat aholisi, kelajagi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti uchun muhim bo‘lgan ushbu tadbir o‘tkazilish tartibini mustahkamlaydigan qarorning yo‘qligi jarayonni orqaga surilishiga hamda tizimlashmasligiga ham sabab bo‘lmoqda. Ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish qonun bilan tartibga solinishi mustahkamlab qo‘yilgan.
Masalan, Buyuk Britaniyada 1920 yilda Qo‘shma Qirollikda aholini ro‘yxatga olish qonuni qabul qilingan. Mazkur qonunda aholini ro‘yxatga olishning barcha qoidalari, fuqarolar, uy xo‘jaliklari, korxonalar va muassasalarning qaysi toifalari ro‘yxatga olinishi, aholini ro‘yxatga olishni kim o‘tkazishi, so‘rov varaqalari qanday bo‘lishi kerakligi belgilab qo‘yilgan. Bundan tashqari aholini ro‘yxatga oladigan hisobchilarni yollash qoidalari, ularning xizmat vazifalari hamda aholini ro‘yxatga olish qoidalari ko‘rsatilgan.
Buyuk Britaniyada har galgi aholini ro‘yxatga olishdan taxminan bir yil avval bunga doir alohida qonun hujjati qabul qilinadi (bunda albatta 1920 yilgi qonun hujjatiga havola qilinadi). Bu qonunda aholini ro‘yxatga olish uslubiga aniqlik kiritiladi, aholini ro‘yxatga olish muddati va buning uchun ajratiladigan mablag‘ miqdori belgilanadi. Buyuk Britaniyada aholini ro‘yxatga olish har o‘n yilda, odatda, aprel oyida o‘tkaziladi. Bu sananing tanlanishi mamlakatda aholi o‘rtasida ommaviy tadbirlarning o‘tkazilishi uchun ob-havo qulay bo‘lishi bilan izohlanadi.
Mamlakatda aholini ro‘yxatga olishga jalb qilinadigan ijtimoiy xodimlarga qat’iy talablar qo‘yiladi. Ular maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tishlari shart. Bu xodimlar ro‘yxatga olish boshlanishidan uch kun avval o‘z hududlaridagi aholini so‘rov varaqasini to‘ldirish bilan tanishtirib chiqishlari talab qilinadi.
O‘zbekistonda ham mazkur jarayonni tartibga solinishini mustahkamlovchi qat’iy qonunning qabul qilinishi orqali muammoning ko‘p qismi bartaraf qilinishi mumkin.
Mehrinoz Farmonova tayyorladi.





