
85 foiz holatda jurnalistlar o‘ldirilishi jazosiz qolmoqda — BMT
2023 yil avgustidan buyon o‘tgan davrda dunyoda 163 nafar jurnalist o‘ldirildi. BMT bu jinoyatlarning 85 foizi haligacha ochilmagan.

UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil avgustidan 2025 yil mayigacha bo‘lgan muddatda dunyo bo‘ylab 163 nafar jurnalist o‘ldirilgan. Ulardan 109 nafari, jumladan 12 nafar ayol jurnalist, qurolli nizolar hududida halok bo‘lgan — asosan G‘azo (46), Sudan (13) va Ukraina (8)da.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bu voqealarni keskin qoraladi. Uning ta’kidlashicha, G‘azoda xalok bo‘lgan jurnalistlar soni juda katta va har bir holat yuzasidan mustaqil, xolis tergov o‘tkazilishi shart. Shu bilan birga, G‘azoga xalqaro jurnalistlarni kiritishga qo‘yilgan taqiqni ham «qabul qilib bo‘lmaydigan holat» sifatida baholadi.
Jurnalistlarga qarshi zo‘ravonlik nafaqat urush hududlarida, balki tinch mamlakatlarda ham davom etmoqda. Masalan, UNESCOga ko‘ra, Meksikadagi vaziyat ko‘plab mojarolarga moyil hududlarga qaraganda ham xavfliroq — bu yerda 15 nafar OAV xodimi o‘ldirilgan.
Jami holatlar bo‘yicha yetakchi mintaqa — arab davlatlari (82), undan so‘ng Lotin Amerikasi va Karib havzasi (34), Osiyo-Tinch okeani mintaqasi (30), Yevropa va Shimoliy Amerika (12), Afrika (5) kelmoqda.
BMT 2013 yilda 2-noyabrni «Jurnalistlarga nisbatan jinoyatlar uchun jazosizlikka barham berish xalqaro kuni» deb e’lon qilgan. Bu sana Malida o‘ldirilgan ikki fransuz jurnalisti xotirasiga bag‘ishlangan. Ushbu kun ommaviy axborot vositasi xodimlariga qarshi zo‘ravonlik jinoyatlarini jazosiz qoldirmaslik zarurligini eslatib turadi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning ta’kidlashicha, davlatlar jurnalistlarni himoya qilish, ularga qarshi jinoyatlarga nisbatan tezkor, samarali va mustaqil tergov o‘tkazish orqali jazosizlikka chek qo‘yishlari shart.
«Jurnalistlar sukut saqlashga majbur qilinganda, butun jamiyat o‘z ovozini yo‘qotadi», — deya ogohlantirdi BMT rahbari.





