
9 oyda davlat byudjetiga 158,7 trln so‘m soliq tushgan
11.10.2025 | 17:0030464
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi davomida davlat byudjetiga 158,7 trln so‘m soliq tushumlari ta’minlandi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga ko‘pdir.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha Komissiyaning 6 oktyabrdagi yig‘ilishida berilgan topshiriq asosida Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda mutasaddi idoralar va vazirliklar vakillari ishtirok etib, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, raqamlashtirish jarayonlari — elektron hisob-fakturalar (EHF), raqamli markerovka, MXIK, elektron yuk xatlari va keshbek tizimlarining joriy etilishi tufayli yashirin iqtisodiyot ulushi ayrim sohalarda 10–20 foizga kamaygan.
Bu islohotlar natijasida korxonalarning umumiy tovar aylanmasi 42 foizga o‘sib, 737 trln so‘mga yetdi. Aylanmasi bo‘lmagan 24,3 ming korxona bu yil 93,4 trln so‘mlik savdo amalga oshirgan. 26,8 ming korxona aylanmasi esa ikki barobarga o‘sib, 189 trln so‘mni tashkil etdi.
Joriy yilning yanvar–sentyabr oylarida davlat byudjetiga 158,7 trln so‘mlik soliq tushumlari tushgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 23,8 trln so‘mga yoki 18 foizga ko‘p. Hududiy soliq tushumlari 27 foizga, III chorakda esa 30 foizga oshgan. Eng yuqori o‘sish Navoiy (86 foiz), Farg‘ona (39 foiz), Sirdaryo (32 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (33 foiz) qayd etilgan.
Foyda solig‘i tushumlari 54 foizga, qo‘shilgan qiymat solig‘i esa 28 foizga ko‘tarilgan. Ayniqsa, umumiy ovqatlanish sohasida elektron hisob tizimlari va keshbek amaliyotining joriy etilishi QQS tushumlarini 44 foizga oshirishga xizmat qilgan.
Shuningdek, 14,5 ming korxonada ishchilar soni ikki barobarga ko‘payib, 255 ming kishini tashkil etgan. 24,1 ming korxonada ish haqi fondi ikki barobar oshib, 8,6 trln so‘mga yetgan. Yig‘ilish yakunida nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, jamoatchilik ishtirokini kengaytirish va xalqaro tajribalarni joriy etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.





