add

Abadiy inqilob: AQSH va Eron qanday do‘st tutingan, keyin nega dushmanlashgan?

01.07.2025 | 10:00109364 daqiqa

Eron va AQSH o‘rtasidagi to‘qnashuv dunyoning siyosiy sahnasida allaqachon klassik qarama-qarshilik sifatida qaraladi. Ammo vaziyat doimo shunday bo‘lmagan. O‘z vaqtida amerikaliklar Fors diyorida faqat ma’rifatchi va maslahatchi bo‘lib yurgan, Eron esa begona o‘yinda sipoh edi. Nima uchun hammasi bunchalik keskin o‘zgarib ketdi?

Abadiy inqilob: AQSH va Eron qanday do‘st tutingan, keyin nega dushmanlashgan?
AQSH prezidenti Donald Tramp Eronni «jahon hamjamiyatiga qo‘shilish»ga chaqirdi. «Eron jahon tartibining izidan borishi lozim, aks holda uning ahvoli yanada yomonlashadi», — dedi u. Bu so‘zlar o‘tgan haftada avj olgan navbatdagi to‘qnashuv bosqichining yakunlovchi nuqtasi bo‘ldi. Bu qarama-qarshilik Isroilning Eronning yadroviy va mudofaa ob’ektlariga bergan zarbasi bilan boshlanib, AQSH harbiy-havo kuchlarining uran boyitishga aloqador Eron korxonalariga beqiyos hujumi bilan davom etdi. Shuningdek, Tehronning Qatardagi Al-Udayd AQSH harbiy bazasiga javob zarbasi ham bo‘ldi. So‘ngra bu qarama-qarshilik yakun topdi yoki, aniqrog‘i, har bir ishtirokchi o‘zini g‘olib deb e’lon qilgan bayonotlar bilan to‘xtab qoldi. Qizig‘i shundaki, bu safar AQSH prezidenti muammoning mohiyatini aniq ifoda etdi. Eronning mashaqqatli yadroviy dasturi — bu faqat bir jihat, xolos. Asosiysi esa mamlakatni «jahon tartibi iziga qaytarish»dir. Ammo juda uzoq vaqt davomida Eron aynan shu izda bo‘lgan va ma’lum bir paytda bu izda bo‘lish undan ham yomon ekanligini anglab yetgan. Bu xulosaga kelgunicha yo‘l ancha uzun bo‘lgan, deb yozadi jurnalist Yuriy Shevchuk.   Shaxmatdagi sipoh-davlat Eronning G‘arb olami bilan kurashi AQSH siyosiy sahnada paydo bo‘lishidan ancha avval boshlangan, chunki AQSH uning tashqi siyosat manzarasidagi birinchi G‘arb davlati emas edi. Avval boshdan bu kurash davlatlar o‘rtasidagi to‘qnashuv emas, balki Forsiyaning (Eron 1930-yillargacha aynan shu nom bilan tanilgan) ichidagi modern, premodern va an’anaviy kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuv edi. Bu yerlarda g‘arblashish tarixi Mag‘rib va Mashriqning musulmon davlatlari uchun an’anaviy ssenariy bo‘lib kelgan: buyuk imperiyalar davri ancha orqada qolgan, XIX asrga kelib Forsiya Qojarlar sulolasi qo‘li ostida zaiflashgan va qoloq davlatga aylangan edi. Shu bois u tezda Yevropa mustamlakachilik davlatlari o‘yinida sipohga aylandi. Uni avvalo Hindiston yo‘lidagi hudud sifatida qiziqtirganlar; bu jarayonga turtki bo‘lgan voqea esa Napoleonning Yaqin Sharqda paydo bo‘lishi bo‘ldi. U Rossiya yordamida Buyuk Britaniya Hindistoniga yo‘l ochishni maqsad qilgan edi. Mana shunda, 1801 yilda Britaniya Forsiya shohi bilan harbiy texnologiyalar evaziga birinchi hamkorlik shartnomasini imzoladi. Qariyb bir yarim asr davomida Forsiya Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalarining «katta o‘yini» maydoni bo‘lib qoldi. Ular bir-birining Hindiston va Markaziy Osiyoga yo‘nalgan ekspansiyasini cheklashga intilishardi. Rossiya mamlakatning shimolida, Britaniya esa janubida mustahkamlandi. Bu davr Forsiyaning Qofqozortini yo‘qotishi va uning Rossiya tarkibiga qo‘shilishiga olib kelgan muvaffaqiyatsiz urushlar, chet el savdogarlariga berilayotgan keng imtiyozlar va Peterburg hamda Londonning Forsiyada telegraf va temir yo‘l qurish huquqi uchun kurashgan «konsessiyalar urushlari»ni o‘z ichiga oldi. Chet el tijoriy ta’sirining ortishi mahalliy savdogarlar va dehqonlar noroziligini kuchaytirdi. Ular orasida ulamolar ta’siri ortib bordi, ular bu yo‘nalishda mamlakat o‘z islomiylik mohiyatini yo‘qotishi mumkinligini aytishardi. Bu davrda Amerika Forsiyada asosan Assuriya Sharq cherkovi nasroniylari bilan ishlash uchun kelgan missionerlar orqali namoyon bo‘ldi. Birinchi amerikalik 1835 yili bu yerda yashay boshlagan — u presviterian Jastin Perkins edi. U va uning hamkasblari boshlang‘ich va o‘rta maktablar, tibbiy kollejlar, matbaalar ochishardi, tilni o‘rganib, unda kitob va jurnallar nashr etishardi. Ular ma’rifatchilik va volontyorlik bilan shug‘ullanib, o‘ziga yaxshi nom qozongan, xalq diplomatlari sifatida e’tirof etilgan. Ular sharafiga Tehronda ko‘chalarga nomlar berilgan hollar ham bo‘lgan. Har qanday modernizatsiya jarayonini boshdan kechirgan mamlakatlar singari, Forsiyada ham yevropaliklashuvga qarshi chiqayotgan kuchlar paydo bo‘ldi. Dehqonlar uchun bu jarayon asosan ekspluatatsiya va zo‘ravonlik bilan bog‘liq edi. Bir vaqtning o‘zida islohotlarga intilayotgan ziyolilar ham paydo bo‘la boshladi — ular ulamolar bilan munozara olib borib, islom mamlakatni taraqqiyotdan to‘sib turayotganini aytishar va islom Forsiyaga arablar orqali kirib kelganini esga solib, islomdan oldingi Eron an’analariga tayangan holda milliy o‘zligini asoslab berishga urinardilar. Afsuski, xorij tajribasi bilan yetarlicha tanish bo‘lmagan bu islohotchilar yevropalik institutlarni mexanik ravishda ko‘chirishni taklif qilishardi va agrar davlatni industrial davlatga aylantirish oson jarayon emasligini tushunishmasdi. Shunga qaramasdan, ular konstitutsiya joriy etishni qat’iy tavsiya qilishardi, Yaponiyani namuna sifatida ko‘rsatib (Yaponiya 1889 yilda konstitutsiya qabul qilib, qisqa vaqt ichida texnologik jihatdan rivojlangan davlatga aylangan va hatto Rossiyani yengishga muvaffaq bo‘lgan edi). Shoh hokimiyatini cheklash g‘oyalari paradoks qilib, shiizm asoslari bilan ko‘p jihatdan uyg‘un edi. Shialar uzoq asrlar davomida arab xalifalari tomonidan ta’qib qilingan va bu ularda ijtimoiy adolatga intilish va har qanday diktaturaga nisbatan nafrat ruhini uyg‘otgan edi. Shialar ulamolari an’anaviy ravishda siyosatga aralashishni rad etardi, biroq asta-sekin xalqni himoya qilish yo‘lida hokimiyat zulmiga qarshi chiqishni boshladi. Masalan, shoh Nosiriddin tomonidan Britaniyaga berilgan tamaki yetishtirish va sotish konsessiyasiga qarshi mujtahidlar fatvo chiqarib, mamlakatda tamaki sotish va iste’mol qilishni man etishgan va hukumat konsessiyadan voz kechishga majbur bo‘lgan. Shu ma’noda yevropaparast islohotchilar va qadimchilar kayfiyatlari mushtarak bo‘lib qoldi. Bu esa 1905 yilda Konstitutsiyaviy inqilobga olib keldi — tijoratchilarning namoyishlari va ulamolar qo‘llab-quvvati bilan shoh Muzaffariddin majlis — parlament tashkil etish va shoh hokimiyatini cheklovchi, qonun oldida tenglik va shaxsiy huquqlarni himoya qiluvchi konstitutsiya imzolashga rozi bo‘ldi. Biroq u tez orada vafot etdi. Ko‘p o‘tmay qisqa, ammo shafqatsiz fuqarolik urushi boshlandi va taxtga avval Rossiyaga moyil Muhammad Ali o‘tirdi, u majlisni Rossiya kazaklari yordamida tarqatib yubordi, so‘ngra uning o‘g‘li — Qojarlar sulolasining so‘nggi shohi Ahmadshoh taxtni meros qilib oldi. Aytish joizki, bu davrda yana bir amerikalik — Tabrizda yashagan missioner-o‘qituvchi Hovard Baskervil o‘ziga xos jasorat ko‘rsatdi. U shaharni shoh qo‘shinlari qamalida ekanligida neytrallik saqlashni talab qilgan AQSH konsulligi so‘roviga quloq solmadi. Baskervil konstitutsiyaviylarni qo‘llab, ular tomoniga o‘tdi. Bir paytlar armiyada xizmat qilgan Baskervil jangchilar otryadini tuzib, ularni tayyorladi va qamalni yorib chiqishga urindi, ammo jangda halok bo‘ldi. Inqilob yetakchilaridan Sattorxon uning vintovkasini Eron bayrog‘iga o‘rab, AQSHdagi qarindoshlariga yuboradi. Baskervilning dafn marosimi katta shuhrat bilan o‘tdi va uning uyi yonida haykal o‘rnatildi. Shu vaqtda tarix uchun muhim bo‘lgan bir necha voqea yuz berdi. 1907 yili Rossiya va Buyuk Britaniya Forsiyada ta’sir doiralarini bo‘lib olish to‘g‘risida bitim imzoladi (formal jihatdan mamlakat markazi neytral hudud sifatida qoldi). 1908 yili esa Masjidi Sulaymonda sanoat miqyosida qazib chiqarish mumkin bo‘lgan neft topildi. Bu ishlarning oxiri edi — ekspeditsiya natija bermayotgani uchun aksionerlar qazish ishlarini to‘xtatish haqida qaror qabul qilgan edi. Izlanishlar bir necha yil davom etgan: 1901 yili shoh Muzaffariddin britan tadbirkori Uilyam Noks D’Arsiga 60 yillik konsessiya berib, Forsiyaning ko‘p qismida (Rossiya nazoratidagi beshta shimoliy mintaqadan tashqari) gaz, neft, asfalt va mineral vosklarni qidirish, qazish, tashish va sotish huquqini taqdim etgan edi. Peterburg bu bitimni to‘sishga urindi, ammo hal qiluvchi omil 5000 funtlik pora bo‘ldi (konsessiyaning umumiy qiymati 20 ming funt va royalti edi). Neft topilgach, konsessiya tez orada Ingliz-Fors neft kompaniyasiga aylantirildi. Inqilob davrida majlis Britaniya va Rossiyaning qopqonidan qandaydir yo‘l bilan chiqib ketishga urindi. Biroq buni amalga oshirish juda qiyin edi. Forsiyaning moliyaviy ahvoli nihoyatda og‘ir edi: mamlakat katta qarzlar girdobiga botgan, shoh saroyi esa juda korrupsiyalashgan, deyarli barcha yirik amaldorlar Peterburg yoki Londonning qo‘lidagi qo‘g‘irchoqlar edi. Shunday sharoitda majlis (bu paytda ikkinchi chaqiriq) amerikaliklar yordamiga murojaat qilishga qaror qildi. Eron elchisining rasmiy so‘rovi ortidan AQSH davlat kotibi davlat xazinasi boshliqligiga yosh moliyachi Morgan Shusterni tavsiya qildi. U avval Filippinda xizmat qilgan edi. Shuster uch yordamchisi bilan Tehronga yetib kelib, darhol islohotlarga qo‘l urdi. Shusterning ilk qadami uning mustaqilligini namoyon etish bo‘ldi — u Britaniya va Rossiya elchixonalariga tashrif buyurishdan bosh tortdi. Keyin esa byudjet qabul qilishni talab qildi. Shungacha Forsiyada byudjet degan tushuncha amalda mavjud emas edi: mablag‘ ajratish masalasi moliya vaziri huzuriga borib so‘rash orqali hal etilar, har bir idora pulni o‘z xohishiga ko‘ra sarflardi. Shuster davlat xazinasidan chiqadigan barcha to‘lovlarni nazoratga oldi va maqsadsiz xarajatlarni qisqartira boshladi. Bu ham xorijiy elchixonalarda, ham saroydagi yirik guruhlarda qattiq norozilik uyg‘otdi. Yangi moliyachi xazina jandarmeriyasini (soliq politsiyasiga o‘xshash tuzilma) tashkil qildi. Eng muhimi, taxtdan ag‘darilgan shoh Muhammad Alining akasiga tegishli mol-mulkni musodara qilishga buyruq berdi. U taxtni qayta egallashga urinishda akasiga yordam bergan edi. Bu kishi Rossiyaning katta do‘sti edi — uning uyini himoya qilish uchun kazaklar otryadi kelib, jandarmlar bilan to‘qnashuvga kirishdi. Bu inqiroz Rossiya qo‘shinlarining Tehronga kirishiga va Shusterni ishdan bo‘shatish talab qilingan ultimatumga olib keldi. Majlis bu talabni rad etdi va hukumat tomonidan yana tarqatib yuborildi. Morgan Shuster AQSHga qaytib ketishga majbur bo‘ldi. U yerda «Forsiyani bo‘g‘ish» deb nomlangan kitob yozdi va unda mamlakatning ikki katta davlat tomonidan ekspluatatsiya qilinishi haqida atroflicha tanqidiy fikrlar bildiradi. U o‘z lavozimida Eronning mustaqil siyosatini qo‘llab-quvvatlashga harakat qildi, ammo mamlakatdan haydaldi. Konstitutsiya va parlament faqat ko‘zbo‘yamachilikka aylandi — mamlakat o‘z mustaqilligini to‘liq yo‘qotdi. Ingliz-Fors neft kompaniyasi to‘liq Britaniya hukumati nazoratiga o‘tdi. Yosh Ahmadshoh esa rasmiy rahbar sifatida qoldi, aslida esa uning nomidan regentlar hukmronlik qilardi.   Katta safarbarlik Birinchi jahon urushi davrida Rossiya va Britaniya qo‘shinlari yana Forsiyani egallab turdi. Oktyabr inqilobidan so‘ng qizil armiya qisqa muddatga Kaspiy dengizining janubiy sohilida Forsiya (yoki Gilon) SSRni tuzdi va Tehronga yurishga tayyorgarlik ko‘rdi. Britaniya esa mamlakat hududidan Sovet Rossiyasiga intervensiya uchun baza sifatida foydalandi. Siyosiy sahnada yangi qahramon paydo bo‘ldi — Forsiya kazak brigadasi qo‘mondoni Rizo Pahlaviy. 1921 yil fevral oyida u katta qiyinchiliklarsiz to‘ntarish uyushtirdi va yangi hukumat tuzilganini e’lon qildi. O‘zi esa avvaliga harbiy vazir, keyin esa bosh vazirga aylandi. Britaniya Rizoxondan sovet ekspansiyasiga qarshi turishda yordam kutgan edi, biroq u avvalo sovetlar bilan do‘stlik shartnomasi tuzdi va Forsiyani markazlashtirish ishlarini boshladi. 1925 yilda u Ahmadshohni taxtdan voz kechishga majbur qildi va o‘zi shoh bo‘ldi. Ilgari Rizo respublika e’lon qilish niyatida edi, lekin ulamolar bunga keskin qarshi chiqishdi — ular shoh rejimiga qarshi edi, ammo respublika shakli ularni yanada ko‘proq qo‘rqitardi. Bunga qo‘shni Turkiyada hokimiyatga kelgan Otaturkning qattiq sekulyarizatsiya siyosati qo‘rquv uyg‘otdi. Pahlaviy sulolasining ilk vakili bo‘lgan Rizo shoh ilk kunlaridanoq mamlakatni Britaniya ta’siridan xalos qilishga urina boshladi. AQSHni u shu maqsadda vosita sifatida ko‘rardi va shuning uchun 1920-yillardayoq mamlakatning shimolidagi neft konlariga Amerika neft kompaniyalariga, jumladan Standard Oil (keyingi Exxon) ga konsessiya berdi. Biroq bu kompaniyalar o‘sha paytda mamlakatda mustahkamlana olmadi — bu nafaqat Britaniyaning qattiq qarshiligi, balki sovet hukumati Amerika kompaniyalariga neft tranzitini o‘z hududi orqali amalga oshirishga ruxsat bermagani tufayli sodir bo‘ldi. Ular buni keyinchalik uddalashdi. Pahlaviy ko‘p marotaba amerikaliklar xizmatlaridan foydalangan — masalan, bir necha yil mobaynida uning moliya bo‘yicha maslahatchisi Artur Millspo bo‘lib, u bir qator tuzilma islohotlarini o‘tkazdi, byudjet taqchilligini qisqartirdi va qarzlarga bog‘liqlikni kamaytirdi. Uning soliq islohotlari xalq uchun og‘riqli bo‘lgan, lekin infratuzilma loyihalari uchun mablag‘ to‘plash imkonini bergan. Millspo harbiy xarajatlarni oshirishdan bosh tortgani uchun lavozimidan olindi, ammo uning yordamchisi Eljin Grouzklouz shoh hukmronligining oxirida davlat xazinachisi sifatida inflyatsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bordi. Rizo-xon hokimiyatga kelib, ulamolarga islom va shariat qonunlarini hurmat qilishga va’da bergan edi. Lekin u o‘z va’dasini buzdi. Uning modernizatsiya dasturi Otaturknikidan ham qat’iyroq bo‘lib chiqdi. Yangi shoh muxolifatni, shu jumladan ruhoniylar qatlamni ham shafqatsizlik bilan yo‘q qilar, har qanday noroziliklarni kuch bilan bosar, erkin matbuotni bo‘g‘ar va ko‘chmanchi qabilalarni kambag‘allashtirar edi. Shoh yevropacha tartiblarni juda qattiq uslublar bilan joriy etardi, uni bu borada Pyotr I ga qiyoslash mumkin — hatto cherkovning mulklarini musodara qildi, barcha (faqat ruhoniylardan tashqari) g‘arb uslubidagi kiyimlarni kiyishni majburiy etib qo‘ydi. Ba’zi hollarda askarlar ayollardan paranjilarini yulib-yirtib olishar yoki erkaklarni zo‘rlab g‘arbcha kiyimga o‘tkazishardi. Rizo Pahlaviy radikal antiklerikal edi va milliy g‘oyani qadimgi fors madaniyatiga asoslashni xohlar, islomni esa undan butunlay chiqarib tashlashga intilar edi. U shariat sudlarini fuqarolik sudlari bilan almashtirar, haj qilishni va hatto imom Husayn sharafiga o‘tkaziladigan an’anaviy yurishlarni taqiqlardi, mamlakat nomi rasman Eron deb o‘zgartirildi. Biroq, boshqa tomondan, shoh yo‘llar va elektr stansiyalari qurdi, universitet ochdi, yahudiylarga nisbatan kamsitishlarni to‘xtatdi, ayollar huquqlarini kengaytirdi va diniy maktablarni yopib, ular o‘rnida davlat maktablarini ochdi. Shuningdek, u neft konsessiyasi shartlarini qayta ko‘rib chiqishga erishdi va britaniyaliklar Eron xazinasiga to‘laydigan daromadlarni oshirdi — garchi buning evaziga konsessiya muddati yana 32 yilga uzaytirilgan bo‘lsa-da. U to‘liq iqtisodiy mustaqillikka erisholmadi va mamlakat hali ham qarzlar va xorijiy investitsiyalarga bog‘liq holda qoldi. Uning radikal siyosati xalqning hurmatini olib kelmadi. Barcha norozi edi — qadimchilar, liberallar, britaniyaliklar, dehqonlar. Qizil shohdan qochgan ko‘pgina ulamolar jamlangan Qum shahri diniy poytaxtga aylana boshladi. Ana shu yerda keyinchalik mashhur mullo — Ruxullo Musaviy Xumayniy o‘z faoliyatini boshladi. Rizo Pahlaviyning Britaniya nazoratidan xalos bo‘lish istagi uni Germaniya bilan hamkorlikka olib keldi, bu hamkorlik Ikkinchi jahon urushi oldidan ayniqsa yaqinlashdi. Shu sababli 1941 yil avgustda Britaniya va SSSR (o‘sha paytda ittifoqchilar edi) Eronni yana okkupatsiya qilib, uni ikki qismga bo‘lib olishdi. Hayratda qolgan shoh qarshi turolmadi va taxtdan voz kechdi, keyingi yillarda badarg‘ada yashadi. shoh unvoni uning o‘g‘li Muhammad Rizo Pahlaviyga o‘tdi. O‘g‘il ko‘plab otasining taqiqlarini bekor qildi, ammo unga og‘ir urushdan keyingi davrda hukmronlik qilishga to‘g‘ri keldi. Iqtisodiy vayronagarchilikka siyosiy bo‘ronlar qo‘shildi. Mamlakatda o‘sha davr siyosatining asosiy yo‘nalishlarini aks ettirgan turli partiyalar paydo bo‘ldi: covetlarga moyil «To‘da», an’anaviy yo‘nalishdagi «Fioyini islom» («Islom fidoyilari») va sekulyar «Milliy front», uni Konstitutsiyaviy inqilob davridagi eski siyosiy arbob Muhammad Musoddiq boshqardi. Mamlakat namoyishlar va siyosiy qatllardan tebranib turdi. Bu vaqtga kelib Xumayniy allaqachon Pahlaviyni shia nuqtayi nazaridan tanqid qilgan birinchi kitobini nashr etgan edi. U faqat Alloh qonun chiqarish huquqiga egaligini, shu bois shia musulmonlar islomni bo‘g‘ishga urinayotgan diktatorlarga bo‘ysunmaslik huquqiga ega ekanini ta’kidlardi. Shuning uchun mujtahidlar ilohiy qonunlarga to‘siq qo‘ymaydigan va xalqni ezmaydigan rahbarni saylashlari lozim edi. Musoddiq dasturining eng asosiy punkti neft sohasini milliylashtirish bo‘ldi. Shu shior ostida Milliy front 1951 yilgi majlis saylovlarida g‘alaba qozondi; Musoddiq hukumatni boshqardi va deyarli darhol rejasini amalga oshirishga kirishdi. U Ingliz-Eron neft kompaniyasi bilan shartnomani bekor qildi va uning aktivlarini ekspropriatsiya qildi, kelajak foydasining 25 foizini tovon sifatida taklif qildi. Tabiiyki, London qattiq g‘azablandi — Britaniya Eron neftni xarid qilishga embargo e’lon qildi va Fors ko‘rfazidagi flotini kuchaytirdi. Milliylashtirish qarori Musoddiqni vatan qahramoniga aylantirdi, ammo neft qazib olish deyarli to‘xtadi va bu jiddiy iqtisodiy inqirozga olib keldi. 1952 yil kuzida Musoddiq Britaniya bilan diplomatik munosabatlarni ham uzdi. Ana shu paytda AQSH Eronni juda behalovat qilgan burilishni amalga oshirdi. Garri Trumen Eron masalasida Britaniyani qo‘llab-quvvatlamagan edi, ammo prezidentlikka Duayt Eyzenhauer kelgach, vaziyat butunlay o‘zgardi.   Do‘stdek tuyulgan dushman «Temir Ayk» laqabli Duayt Eyzenhauerning keskin antikommunistik qarashlari Eronda voqealar zanjirini qo‘zg‘atdi. 1953 yilga kelib iqtisodiy inqiroz tufayli Muhammad Musoddiq xalq orasida ham, armiyada ham ommaviy qo‘llovdan mahrum bo‘la boshladi. Milliy front majlisdagi o‘rinlarini yo‘qotar, ulamolar esa uni sekulyarizmda ayblar edi. Musoddiq tobora ko‘proq ma’muriy buyruqbozlikka suyanib, siyosiy raqiblariga qarshi repressiyalar o‘tkazardi. U «To‘da» partiyasi kommunistlaridan tayanishga tirgak izladi, bu esa Eyzenhauer ma’muriyatini jiddiy xavotirga soldi. AQSHda Eronda kommunistik to‘ntarish ro‘y berishi mumkinligi taxmini kuchayib, prezident Britaniya maxsus xizmatlari bilan birgalikda «Ayaks» operatsiyasini tasdiqladi. Bu operatsiya shoh Muhammad Rizo Pahlaviyy hokimiyatini mustahkamlashga qaratilgan edi. CIA (MRB) o‘z ishtirokini faqat 2013 yilga kelib rasman tan oldi, garchi bu voqelik ungacha ham yaxshi ma’lum edi. O‘n yil o‘tib, ilk bor operatsiyaning demokratik qonunlarga zid bo‘lgani haqida rasmiy bayonot berildi. Operatsiyada norozilar, siyosatchilar, politsiya va harbiylarni sotib olish, provokatsiyalar uyushtirish va Musoddiqqa qarshi keng ko‘lamli targ‘ibot kampaniyasi ko‘zda tutilgan edi. Ammo sababni Musoddiqning o‘zi berdi. 1953 yil yozida u majlisni tarqatish va bosh vazirga qonun chiqarish vakolatini berish masalasida referendum o‘tkazdi. «Ha» deganlar 99,9 foiz bo‘ldi, ammo ovoz berish maxfiy emas edi — Musoddiq tarafdorlari va muxoliflari alohida chodirlarda ovoz berishga majbur bo‘lgandi. Majlis tarqatilishi haqidagi farmon chiqarildi. Ammo Musoddiq raqiblari uni diktatorlikda ayblab, shoh hokimiyatini tiklash shiorlari ostida namoyishlarni boshladi. Shoh uning iste’fo berish farmonini imzolashga ko‘ndirildi va vaqtincha mamlakatdan chiqib ketdi. To‘ntarish ko‘cha janglariga aylanib ketdi, bu yerda «To‘da» a’zolari Musoddiq tarafini oldi va dastlab to‘ntarish amalga oshmay qolishiga salkam sababchi bo‘ldi. Ammo natijada Musoddiq qo‘lga olindi, sud qilindi va o‘lim jazosiga hukm qilindi, u keyinchalik umrbod uy qamog‘i bilan almashtirildi. Milliy front taqiqlandi. To‘ntarishda ruhoniylar pozitsiyasi muhim rol o‘ynadi. Uning rahbari oyatulloh Sayyid Koshoniy 1953 yilgi to‘ntarishgacha Musoddiqning ishonchli ittifoqchisi bo‘lib, majlis spikeri sifatida faoliyat yuritardi. Ammo Musoddiq majlisni tarqatgani va umuman uni katta siyosatdan siqib chiqarishga uringani uni qattiq g‘azablantirdi (Musoddiq qat’iy islom dushmani emas edi, u shunchaki dinni siyosatdan chiqarib, uni shaxsiy ishga aylantirishni istagan edi). Shu bois to‘ntarish vaqtida Koshoniy ochiqdan-ochiq shoh tomoniga o‘tdi. 1953 yil to‘ntarishi Eron tarixidagi tub burilish nuqtasiga aylandi. U ko‘plab eronliklarning hukumatdan noroziligi tufayli ro‘y bergan bo‘lsa-da, xorijiy qo‘llab-quvvatlovsiz amalga oshishi mumkin emas edi. Vaqt o‘tishi bilan Eronda bu to‘ntarishni AQSHning «buyuk xizmatlari» sifatida yodga ola boshlashdi. Shundan so‘ng AQSH Eronning asosiy sherigi va ittifoqchisi, shuningdek, uning iqtisodiyotidagi eng katta manfaatdorga aylandi. Yangi shartnoma imzolandi: Ingliz-Eron neft kompaniyasi o‘rniga Yevropa va Amerika neft kompaniyalaridan iborat konsorsium tuzildi, ularga barcha foydaning yarmi tegishli bo‘ldi. Embargo bekor qilindi va neft sotishdan davlat xazinasi tushumlari ancha oshdi. Bundan tashqari, amerikaliklar boshqa sohalarda ham hamkorlik qila boshladi — masalan, 1957 yilda AQSH Eronga yadro texnologiyalari va reaktor berish haqida shartnoma imzoladi. Shunga qaramay, neft shartnomasi eronliklarni qattiq g‘azablantirdi — ko‘p yillar do‘st deb ko‘rilgan amerikaliklar ham boshqa xorijliklar kabi manfaatparast va ayyor ekanini ko‘rsatdi. To‘ntarishdan so‘ng tashviqot bilan qarshi olingan shoh xorijliklar qo‘g‘irchog‘i degan tamg‘ada qoldi. Koshoniy hibsga olindi, keyinroq ozod qilindi. Amerika kompaniyalari va maslahatchilari mamlakatni to‘ldirib yubordi va ular hukumat bilan sinonimga aylandi. Ko‘p o‘tmay Eronni yana bir inqilob — «Oq inqilob» kutardi. Bu Muhammad Rizo Pahlaviy boshlagan 1963 yildagi keng ko‘lamli modernizatsion islohotlar dasturi edi. U feodal qoldiqlarni yo‘qotishga qaratilgan agrar, industrial va ijtimoiy dasturlarni o‘z ichiga oldi. Ishchilar uchun foyda taqsimoti joriy qilindi, qishloqlarda maktab va shifoxonalar qurildi, yer katta mulkdorlardan sotib olinib, oqillik bilan dehqonlarga sotildi, korxonalar xususiylashtirildi — Eron taraqqiy etgan va ilg‘or davlatga aylanayotgandi. O‘sha davrga tegishli bo‘lgan mashhur suratlar — hozir ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan, Eron ayollarining cho‘milish kiyimlaridagi, klyosh shim kiygan erkaklar va umuman g‘arblashishga mukkasidan ketgan jamiyat vakillari aks etgan tasvirlar — aynan shu davrning ko‘rinishidir. Bu suratlar orqali «qarang, Eron nimalarni yo‘qotdi, odamlar qanday yashardi!» degan g‘oya ilgari suriladi. Biroq aynan shoh rejimi ko‘pchilikning eng katta g‘azabiga sabab bo‘lgan edi. Oddiy holat: g‘arblashuv ne’matlaridan faqat yirik shaharlarning kam sonli aholisi bahramand bo‘lardi. Neftdan tushgan foyda asosan yirik loyihalar va armiyaga yo‘naltirilar, ijtimoiy tengsizlik esa ortib borardi. Qishloq xo‘jaligi tanazzulga yuz tutar, dehqonlar ommaviy ravishda shaharlarga ko‘chib kelib, qashshoq tumanlarda yashar va past maosh to‘lanadigan ishlarda ishlar edi. Eron ikkiga bo‘linib ketdi: Tehronning shimoliy qimmat tumanlari boylar va o‘rta sinfning yashash joyi bo‘lsa, janubiy qismdagi qashshoqlar bu yerni umuman boshqa davlatdek ko‘rardi. Shu bilan birga, shoh muxolifatga qarshi qattiq kurash olib bordi, CIA va Isroil «Mossad» yordamida tuzilgan maxfiy politsiya — SAVAK orqali sho‘rolarni qatag‘on qilib, qiynoqlar qo‘llardi. Eron ziyolilari demokratik g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlar, biroq milliy haqorat va ko‘pchilik aholining ahvolini ko‘rib, g‘arb qadriyatlarini Eron jamiyatiga qanday moslashtirish mumkinligini anglay olmas edi. 1960-yillarda Ruhulloh Xumayniyning xutbalari ommalasha boshladi. U hayratlanarli tarzda hatto ko‘pgina ulamolar uchun kutilmagan holda rejimning ijtimoiy adolatsizligini, ayniqsa shahar qashshoqlarining ahvolini qattiq tanqid qilishga kirishdi. Xumayniyni bir necha bor hibsga olishdi — uning tarafdorlari ko‘chalarga chiqib, har galgi namoyishlar yanada kengayib bordi. SAVAKning qattiqqo‘l harakatlari esa navbatdagi to‘qnashuvlarning yanada kuchayishiga xizmat qildi. Asosan, bu jarayonlar keyinchalik «rangli inqiloblar» deb atalgan hodisalar mexanizmiga o‘xshardi, garchi bu atama o‘sha paytda mavjud bo‘lmagan bo‘lsa-da. Shoh AQSH harbiylari va maslahatchilariga daxlsizlik berganidan so‘ng, Xumayniy uni Eronni mustamlakaga aylantirishda ayblab, mamlakatdan badarg‘a qilindi. Shunday kayfiyatlar sharoitida hukumat an’anaviy ruhoniylar qatlamiga qarshi kampaniya boshladi: madrasalar ustidan nazoratni kuchaytirish, diniy mulkni davlat ixtiyoriga o‘tkazish, hukumatga sodiq diniy tuzilmalar yaratish va nomaqbul voizlarga nisbatan ta’qiblarni yo‘lga qo‘yish orqali. Xumayniy esa xorijdan turib tanqidni davom ettirdi va ma’lum bir vaqtda shia ideologiyasida haqiqiy to‘ntarish qildi: ulamolar hokimiyatni qo‘lga olishi va davlat boshiga faqihni qo‘yishi kerakligini taklif qildi. An’anaviy shialar imom yo‘q sharoitda har qanday hokimiyatni noqonuniy deb bilishardi. Bu nazariya «viloyati faqih» — «faqih hokimiyati» nomi bilan mashhur bo‘ldi. Xumayniyning fikricha, islom g‘arb ideologiyalaridan ko‘ra tenglik, adolat va inson huquqlari kabi qadriyatlarni yaxshiroq ta’minlashga qodir edi.   Yangi inqilob Lenin 1917 yil boshida inqilob o‘z umri davomida sodir bo‘lishiga ishonmaganidek, Xumayniy ham «viloyati faqih» (faqih hokimiyati) g‘oyasi amalga oshishi uchun yana bir necha asrlar kerak deb o‘ylar edi. Lekin voqealar ko‘p kuttirmadi. 1970-yillar boshidagi iqtisodiy o‘sish Tehronga ko‘proq qurol-yarog‘ sotib olish imkonini berdi, biroq bu boylik faqat tanlanganlarga mansub bo‘lib qoldi. Neft narxi o‘sishi ortidan kuchaygan inflyatsiya millionlab odamlarni ishsizlikka va ko‘plab kichik savdogarlarni kasod bo‘lishiga olib keldi. Shoh hokimiyati tobora ko‘proq zo‘ravonlik va zulmga suyanib bordi. 1977 yili AQSH prezidenti Jimmi Karter Tehronga tashrif buyurib, Eron hokimiyatiga to‘la ishonch va qo‘llab-quvvatlash bildirdi. Bu esa Eronliklarning g‘azabini yanada kuchaytirdi, chunki Karter diktatorni olqishlayotgan edi. Karter, aslida, chin dildan o‘z so‘zlarini aytdi — u Eronning tashqi qiyofasiga mahliyo bo‘lgan edi, bu qiyofa g‘arbcha qarashlarga to‘liq mos tushardi. Biroq u g‘arb ratsionalizmi va moddiy dunyoqarashi shialik mistitsizmi bilan qattiq to‘qnashib ketayotganini payqamadi. Shialar uchun amerikaliklarning hayoti tarzi — «way of life» — mutlaq behayolik va poshsholik ko‘rinishi edi. Karter shia tarixidagi yomonlik timsoli — VII asrda imom Husaynni o‘ldirgan xalifa Yazid bilan solishtirilardi, Muhammad Rizo Pahlaviy esa uning qo‘mondoniga tenglashtirilardi. Mana shu davrda AQSH eronliklar ko‘zida «Katta Iblis» sifatida muqarrarlandi. Xalqning g‘azabi shoh rejimiga qaratilib, AQSHga ham yopishdi. 1978 yili politsiya Qumdagi navbatdagi namoyishni o‘qqa tutdi — talabalar madrasani qayta ochish va so‘z erkinligini talab qilishardi. Mana shu voqeadan so‘ng Islom inqilobi boshlandi. Bu safar uni siyosatchilar yoki ziyolilar emas, balki ulamolar boshlab ketdi. Butun mamlakatni ko‘p ming kishilik namoyishlar qamrab oldi; ularni o‘qqa tutdilar, lekin ertasi kuni odamlar yanada ko‘proq chiqishardi. Xalqning barcha qatlamlari shohdan yuz o‘girdi. Ishchilar ommaviy tarzda ish tashlashdi. Qurbonlar soni yuzlab odamlar bilan, namoyishchilar esa millionlar bilan o‘lchanar edi. Oxir-oqibat shoh kech bo‘lsa-da yopiq eshiklar ortidan tuzatishlar o‘tkazishga va’da berdi, ammo endi bari kech edi — u Misrga qochishga majbur bo‘ldi, Xumayniy esa, aksincha, Tehronga g‘olibona yurish bilan qaytdi. Ajablanarlisi, AQSH hukumati bu paytda inqilobchilarga nisbatan sovuq, ammo to‘g‘ri munosabatda bo‘lar edi. Vaqtincha birlashgan aksilshoh koalitsiyasi mustahkam ko‘rinmas va oson tarqalishga tayyor edi. G‘oliblar yangi konstitutsiya bo‘yicha tortishar va saflarida Amerika agentlarini qidirishardi. Shu vaqtda AQSH elchixonasini talabalar tomonidan bosib olish bilan bog‘liq mashhur voqea yuz berdi. Ko‘pchilik birinchi bosib olish 1979 yil fevralida sodir bo‘lganini unutib qo‘yadi, o‘shanda Xumayniy va uning hamrohi — Bosh vazir Mehdi Bozorgon bosib oluvchilardan elchixonani tark etishni talab qilishgan edi. Lekin o‘sha yil noyabrida talabalar yana elchixonani egallab olishdi va hamma ularni yana chiqarib yuborishadi deb kutdi. Ammo bu safar Xumayniy kutilmagan holda talabalar tomonini oldi, Bozorgon esa iste’foga chiqdi. 444 kun davomida 52 nafar amerikalik diplomat Eronda garovda ushlab turildi. Bu voqea butun dunyoda katta rezonans keltirib chiqardi va Eron radikalizmining ramziga aylandi. Oyatulloh Xumayniy ushbu inqirozdan millatni o‘z shaxsi atrofida birlashtirish uchun ustalik bilan foydalandi va AQSHga qarshi kayfiyatlarni qo‘zg‘adi — aks holda bu nafrat vaqt o‘tishi bilan susayishi mumkin edi. Shu vaqt davomida u bir necha davlat to‘ntarishlari urinishlarini bartaraf etishga, radikallar otryadlarini nazorat ostiga olishga va Eronga bostirib kirgan Iroq bilan urushni boshlab yuborishga erishdi. AQSH esa, tabiiyki, urush davomida Iroqni moliyaviy va harbiy yordam bilan qo‘llab-quvvatladi. 1980 yilda diplomatik aloqalar uzildi va 1984 yilda Livandagi amerikalik harbiylar kazarmasiga terrorchilar tomonidan qilingan hujumdan so‘ng AQSH Eronni terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlat, deb e’lon qildi. Shu vaqtdan boshlab ikki davlat o‘zaro qurol bilan «suhbatlashadigan» darajaga yetdi. Iroq-Eron urushi paytida Fors ko‘rfazida bir qator harbiy to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi, 1988 yilda esa AQSH harbiy-havo kuchlari tasodifan Eron yo‘lovchi samolyotini qiruvchi deb o‘ylab, urib tushirdi. Shunga qaramay, yashirin aloqalar to‘xtamadi: masalan, 1987 yilda AQSH harbiylari va ma’muriyatining ayrim yuqori lavozimli shaxslari embargoni buzib, Eronga qurol sotgani bilan bog‘liq mojaro ko‘tarildi. Islom inqilobi Xumayniy tomonidan g‘arb ratsionalizatsiyasiga qarshi qo‘zg‘olon sifatida ko‘rsatildi. U qurgan fundamentalistik jamiyat «kufr dunyosida» muqaddas bir qamal qilingan qal’a sifatida yashashi lozim edi. Har qancha iqtisodiy qiyinchiliklar bo‘lmasin, Iroq bilan urush mamlakatda birdamlikni saqlab turishga yordam berdi. Xumayniy yoshlar orasida diniy fanatizmni qo‘zg‘atib, ularni «shayton»ga qarshi kurashga frontga jo‘natishga qodir edi. Shu bilan birga, bu «birdamlik» asosan kuch bilan ta’minlanardi. Amalda esa munozaralar to‘xtamadi, chunki hatto ko‘plab ortodokslar uchun ham Xumayniy ortiqcha radikal ko‘rinardi. Xumayniy vafotidan so‘ng Eron siyosati ancha yumshadi va yengilroq yo‘l tuta boshladi. 1989 yilgi yangi konstitutsiya oliy ruhiy rahbar hokimiyatini unchalik mutlaq qilib qo‘ymadi. 1990 yillar davomida Eron AQSHning turli xil sanksiyalari ostida qoldi. Ular deyarli har bir yangi prezident tomonidan kuchaytirilardi, biroq ba’zida qisman yumshatishlar ham amalga oshirilgan edi. Ikki davlatning bir-biri haqidagi o‘zaro afsonalari hanuz juda kuchli. bugungi kunda asosiy bahs mavzui Eronning yadro dasturi hisoblanadi. Eronda uni mustaqillikning eng muhim belgisi sifatida ko‘rishadi, G‘arbda esa, ayniqsa oyatulloh Ali Xomanaiyning doimiy bayonotlari tufayli, bu dastur ehtimoliy xavf sifatida baholanadi. AQSH prezidenti Donald Tramp ham o‘zidan avvalgi prezidentlar kabi Eronning yadro quroliga ega bo‘lishini hech qanday sharoitda yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlab keladi. Shu bilan birga, qat’iy qarama-qarshiliklarga qaramasdan, bu muloqot baribir mavjud va davom etmoqda, Tehron esa bu quroldan voz kechishga tayyorligini ham va’da qilmoqda. Eronda fundamentalistlar va ko‘proq plyuralizm va sekulyarlashuv tarafdori bo‘lgan pragmatiklar o‘rtasidagi tortishuv hamon davom etmoqda. XX asrning oxiriga kelib Eronda shakllangan uch xil identifikatsiya — islomiy, g‘arbparvar va islomgacha bo‘lgan fors merosi — haligacha bir-biri bilan murosaga kela olgani yo‘q. Ammo vaqt-vaqti bilan Eronda prezidentlikka liberal qanot vakillari saylanadi, norozilik namoyishlari esa, har qancha bostirilsa ham, kamida amalga oshishi mumkin — bu jihatdan Eron, masalan, Rossiyadan farq qiladi. Eron nazariyachilari ta’rificha, demokratiya mutlaq inkor qilinmaydi, biroq u faqat odamlardan emas, balki yer yuzidagi Alloh vakillari orqali xudodan kelsa, adolatli deb topiladi. Ehtimol, keyingi bosqichda Eron o‘z ritorikasini o‘zgartiradi va G‘arb bilan yaqinlashishga intilar. Axir, har qanday ziddiyat abadiy bo‘lmasligi mumkin. Biroq shuni ishonch bilan aytish mumkinki, Eron fundamentalizmi ko‘p yillik katta davlatlar tomonidan ko‘rsatilgan tahqir va mensimaslik munosabatiga reaksiya sifatida yuzaga kelgan va har qanday yaqinlashuv yangi kolonializm shartlarida ro‘y berishi mumkin emas.  

Teglar

Mavzuga oid