add

Agar dunyoda ichimlik suvi qolmasa: chuchuk suv uchun urushlar yangi reallikka aylanadimi?

05.10.2025 | 17:45318244

Hatto global isishga ishonmaydiganlar ham XXI asrda insoniyat suv yetishmovchiligi muammosiga to‘qnash kelishi aniq ekanini tan oladi. Iqlim o‘zgarishi bunga yagona sabab emas — ichimlikka yaroqli suv tanqisligi ortida yana bir qancha omillar turibdi. Ammo ularning barchasi inson faoliyatiga borib taqaladi.

Agar dunyoda ichimlik suvi qolmasa: chuchuk suv uchun urushlar yangi reallikka aylanadimi?
Bugunning o‘zidayoq suvga ega bo‘lish masalasi diplomatik ziddiyatlarga sabab bo‘lmoqda, ertaga esa urushlarga ham aylanishi mumkin. Asrning eng asosiy ekologik muammosi haqida Republic.ru nashrida Anastasiya Prikazchikovaning maqolasi e’lon qilindi. Avgust oyi oxirida Iroqning shimolida arxeologlar qariyb 2300 yildan buyon saqlanib qolgan 40 ga yaqin qabrni kashf etdi. Ularning ochilib qolishiga sabab — mamlakatdagi eng yirik suv omborida suv sathi tarixiy minimumga tushib ketgan edi. Iroqda 2025 yil 1933 yildan beri eng qurg‘oq yillardan biri bo‘ldi. Mamlakatdagi suv zaxiralari to‘la hajmning bor-yo‘g‘i 8 foizini tashkil etmoqda. Bu esa Furot daryosining janubiy qismidagi minglab oilalarni o‘z uylarini tark etishga majbur qildi. Mamlakat suv resurslari vaziri esa hatto kuzgi qishloq xo‘jaligi rejalarini qayta ko‘rib chiqishni e’lon qildi. Iroqdagi suv inqiroziga faqatgina iqlim o‘zgarishi emas, balki Eron va Turkiya hududida — Furotning yuqori oqimida qurilgan to‘g‘onlar ham, shuningdek, Iroqdagi ichki muammolar, xususan siyosiy elita orasidagi korrupsiya va samarasiz boshqaruv ham sabab qilib ko‘rsatiladi. Ammo Iroq — ichimlik suvi tanqisligi davlat ichida va mamlakatlar o‘rtasida nizolarga sabab bo‘layotgan yagona hudud emas. [caption id="attachment_19517" align="aligncenter" width="633"]Suv 02 Dahuqdagi osori-atiqalar departamentining kurd xodimlari Mo‘sul to‘g‘oni sohillarida ochilib qolgan qabr ustida ishlashmoqda. Foto: Ismael ADNAN / AFP[/caption] Tinch okeani tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, u 1980-yillardan beri suv bilan bog‘liq mojarolarni qayd etib keladi. 2023 yilda shunday nizolar soni 2022 yilga nisbatan 50 foizga oshgan: 2022 yilda 231 ta, 2023 yilda esa 347 ta holat qayd etilgan. Solishtirish uchun: 2000 yilda suv bilan bog‘liq bor-yo‘g‘i 22 mojaro kuzatilgan. Bu yerda suv infratuzilmalariga hujumlar, suv resurslarini boshqarish bo‘yicha tortishuvlar, suvdan qurolli to‘qnashuvlarda bosim vositasi sifatida foydalanish holatlari nazarda tutilmoqda. Ko‘p hollarda bu kabi ziddiyatlarga global suv inqirozi sabab deb qaraladi. UNESCO ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ortiq kishi xavfsiz ichimlik suviga ega emas. Yer yuzidagi 2–3 milliard odam yiliga kamida bir oy suv tanqisligiga duch keladi. COVID-19 pandemiyasi davrida 3 milliard kishi qo‘lini sovunlab yuvish imkoniga ega bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi — ya’ni virusdan himoyalanishning eng asosiy chorasidan mahrum bo‘lgan. Prognozlarga ko‘ra, ushbu o‘n yillikning oxiriga kelib ichimlik suviga talab taklifdan 40 foizga oshib ketadi. 2050 yilga borib esa suv bilan bog‘liq muammolar dunyo yalpi ichki mahsulotini 8 foizgacha kamaytiradi. Kambag‘al davlatlarda esa yo‘qotishlar 15 foizga yetishi mumkin. Shuni ham unutmaslik kerakki, dunyodagi oziq-ovqatning yarmidan ko‘p qismi suv tanqis bo‘lgan hududlarda yetishtiriladi. Demak, yaqin o‘n yilliklarda insoniyat suv bilan birga oziq-ovqat inqiroziga ham duch kelishi mumkin.   Yana iqlim haqida Yer yuzasining 70 foizini suv tashkil etadi, ammo uning 97 foizi dengizning sho‘r suvidir. Qolgan 3 foiz ichishga yaroqli suvga to‘g‘ri keladi va shu ozgina manbalarga bugun 8 milliard insonning hayoti bog‘liq. Shu uch foizning ham atigi 0,06 foizi insonlar uchun oson yetib borish mumkin bo‘lgan resurs hisoblanadi. Qolgani esa qutb muzliklari, toshqinli muzliklar, yerosti suvlari va botqoqliklarda saqlanadi. Ichimlik suvini shartli ravishda «ko‘k suv» va «yashil suv» deb ikkiga bo‘lish mumkin. Bu ikkisi o‘zaro chambarchas bog‘liq. «Ko‘k suv» daryolar, ko‘llar, suv qatlamlari, muzliklar va qutb muz qalqonlarida jamlangan bo‘ladi — u daryo oqimlarini tashkil qiladi va yerosti suvlarini to‘ldiradi. «Yashil suv» esa tuproq, o‘rmon va o‘simliklarda jamlangan bo‘lib, oddiy bug‘lanish va transpiratsiya (o‘simliklarning bug‘lanish jarayoni) orqali atmosferaga qaytib, u yerda bulutlarga aylanadi. Bulutlar esa katta masofalarga harakat qilib, turli hududlarga yomg‘ir yog‘dirishni ta’minlaydi. Shu tabiiy aylanish hisobiga yerdagi yomg‘irning taxminan 40 foizi aynan «yashil suv» hisobiga yuzaga keladi. Yevroosiyo, Janubiy Amerika va Afrikadagi ayrim hududlarda bu ko‘rsatkich 80–90 foizgacha yetadi. Bu esa ularning lokal bug‘lanishlarga qay darajada bog‘liq ekanini ko‘rsatadi. [caption id="attachment_19518" align="aligncenter" width="633"]Suv 03 Metyu to‘foni[/caption] Ichimlik suvining tabiiy aylanishi butun dunyo mamlakatlarini bir-biriga bog‘laydi. Masalan, G‘arbiy Afrikada bug‘langan suv Janubiy Amerikada yomg‘irga aylansa, Shimoliy Amerikadagi bug‘lanish Yevropa mamlakatlarida yomg‘ir bo‘lib yog‘adi. Bu tizim a’lo darajada ishlaydi, agarda har bir element o‘z vazifasini ado eta olsa! Ammo inson omili — yerdan foydalanishdagi yirik o‘zgarishlar: o‘rmonlarni o‘tloq va plantatsiyalarga aylantirish, botqoqliklarni quritish, yangi to‘g‘onlar va suv omborlari qurilishi — tabiiy bug‘lanish, yomg‘ir va suv oqimlari muvozanatini buzadi. Bu holatga global iqlim o‘zgarishi ham qo‘shimcha xavf solmoqda. Yer sayyorasi isishi bilan suvning bug‘lanishi ham kuchayadi. Issiq havo ko‘proq namni ushlab turishi mumkin va bu issiqxona effektini yanada kuchaytiradi hamda isishni tezlashtiradi. Shu orqali «buzuq aylanma» paydo bo‘ladi: suv aylanishi kuchayadi, yomg‘irlar shiddatliroq bo‘ladi, to‘fon va bo‘ronlar kuchayadi, toshqinlar esa ko‘payib boradi. Natijada, ba’zi hududlarda yomg‘ir ortiqcha miqdorda yog‘sa, boshqa joylarda tanqislik kuzatiladi. Har ikki holat ham mintaqalarni ekologik falokatga yetaklaydi — biri suv bosishidan, ikkinchisi esa qurg‘oqchilikdan aziyat chekadi. Asr oxiriga borib, Markaziy Afrika, Hindiston va Xitoyda yomg‘ir miqdori 30 foizga ko‘payishi kutilmoqda. Ammo Yevropa, Janubiy Amerika, Janubiy Afrika va Avstraliyada yog‘ingarlik 25 foizga kamayishi taxmin qilinmoqda. Muzliklarning eriy boshlashi ham katta xavotir uyg‘otmoqda. Chunki ular yer yuzidagi ichimlik suvining taxminan 70 foizini saqlaydi. Jahon meteorologiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil — tarixdagi eng issiq yilda muzliklar 600 gigatonnadan ortiq suvni yo‘qotgan. Bu so‘nggi yarim asrdagi eng katta yo‘qotish hisoblanadi. 2000 yildan beri muzliklar o‘z hajmining 5 foizini yo‘qotgan. Prognozlarga ko‘ra, agar global isish 2 daraja Selsiy darajasida ushlab turilsa, asr oxiriga borib muzliklarning to‘rtdan bir qismi yo‘qolishi mumkin. Agar esa negativ ssenariy amalga oshsa va harorat 3–5 darajagacha ko‘tarilsa, insoniyat muzliklarning yarmini yo‘qotadi. Bu esa ichimlik suvi zaxiralarining yo‘qotilishiga ham teng bo‘ladi. [caption id="attachment_19519" align="aligncenter" width="633"]Suv 04 Shpitsbergendagi eriyotgan muzlikning koinotdan ko‘rinishi. 2023 yil 15 iyul. Foto: Şebnem Coşkun / ANADOLU AGENCY / Anadolu via AFP[/caption]   Uch tomonlama inqiroz Yohann Rokstryom — Global suv resurslari iqtisodiyoti bo‘yicha komissiyaning hamraisi — dunyoda suv bo‘yicha yuzaga kelgan vaziyatni «uch tomonlama inqiroz» deb ataydi. Inson nafaqat global gidrologik aylanishga ta’sir ko‘rsatib, iqlimga ta’sir qilmoqda, balki toza ichimlik suvini ifloslantirmoqda va undan samarasiz foydalanmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda yer yuzidagi barcha iflos suvlarning 80 foizi qayta tozalanmasdan tabiatga qaytarilmoqda, natijada toza ichimlik suvi miqdori tobora kamayib bormoqda. Suvni ifloslantirishning asosiy manbai — qishloq xo‘jaligi sohasi bo‘lib, u azot va fosfor moddalari, gerbitsidlar va boshqa kimyoviy moddalarning faol qo‘llanilishi bilan bog‘liq. Bu moddalar kanalizatsiya orqali ochiq suv havzasiga tushadi, yer osti suvlariga singib ketadi va suvni ifloslantirib, inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavf tug‘diradi. Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligida dunyodagi mavjud ichimlik suvining 70 foizga yaqini sarflanadi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bahosiga ko‘ra, aholi soni o‘sishi tufayli 2050 yilga borib oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyoj 60 foizga oshib ketadi. Demak, uni yetishtirish uchun yanada ko‘proq toza suv talab etiladi. Ammo bu talabni qondirish tobora qiyinlashmoqda. [caption id="attachment_19520" align="aligncenter" width="633"]Suv 05 Dron yordamida sholizorga pestitsid sepilmoqda. Foto: Yuka Obayashi / Reuters[/caption] Qishloq xo‘jaligiga oid yana bir muammo — bu davlat subsidiyalaridir. Har yili butun dunyoda qishloq xo‘jaligi va suv ta’minoti uchun 600 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Mutaxassislar aytishicha, bu kabi yordam ko‘p hollarda salbiy ekologik oqibatlarga olib keladi. Masalan, go‘yoki rivojlanishga ko‘mak berish maqsadida dunyoda eng ko‘p suv talab qiluvchi guruch, paxta va shakarqamishini yetishtirishga subsidiyalar ajratilishi, aynan eng qurg‘oqchil hududlarda ana shu ekinlarni yetishtirishni rag‘batlantiradi. Bu esa suv tanqisligini yanada kuchaytiradi. Ko‘pincha bir mamlakatdagi qishloq xo‘jaligi subsidiyalari boshqa mamlakatda tropik o‘rmonlarni kesib tashlashga olib keladi. Masalan, AQSHda chorvachilikni qo‘llab-quvvatlash soya ekinlariga bo‘lgan talabni oshiradi va bu Braziliyada o‘rmonlarni kesishga olib keladi, chunki aynan shu soya donlari chorva uchun yem-xashak sifatida ishlatiladi. Qishloq xo‘jaligidan keyingi ikkinchi yirik suv iste’molchisi — bu sanoat sektori. U dunyodagi barcha ichimlik suvining 20 foizini sarflaydi. Sanoat korxonalari suvni tozalash va qayta ishlatish orqali undan oqilona foydalanishi mumkin edi. Ammo amalda sanoat chiqindilarining 80 foizi hech qanday tozalashdan o‘tmasdan chiqarib yuboriladi va ishlab chiqarish aylanmasiga qaytarilmaydi. Natijada har yili suv manbalarga 300–400 million tonna og‘ir metalllar, erituvchilar, zaharli loy va boshqa turdagi sanoat chiqindilari tushadi. Yondashishlardan yana biri — kommunal va maishiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan toza suv. Bu har yili mavjud ichimlik suvining 12 foizini tashkil etadi. Ya’ni, biz har kuni uyda va shahar infratuzilmasini saqlashda ishlatayotgan suv. Hozirda dunyo aholisining 55 foizi shaharlarda yashaydi, 2050 yilga borib bu ko‘rsatkich 70 foizga yetadi. Biroq ko‘plab shaharlar hozirning o‘zida iflos suvni tozalash va qayta ishlash imkoniyatiga ega emas. Masalan, 2022 yilda butun dunyo bo‘ylab maishiy kanalizatsiya suvining 42 foizi hech qanday xavfsiz tozalashlarsiz tabiatga chiqarilgan. Bunga asosiy sabab — xonadonlarda kanalizatsiya va septik tizimlarning yo‘qligi. Qolaversa, maishiy chiqindilar global issiqxona gazlari chiqindisining 3–7 foizini tashkil etadi.   Yo‘qolgan dengiz Orol dengizi suv resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish qanday qilib ekologik fojia va iqtisodiy inqirozga olib kelishini ko‘rsatuvchi ramzga aylangan. 2014 yilda Britaniyaning Pink Floyd guruhi Louder than Words qo‘shig‘iga klip chiqargan, u aynan Orol haqida edi. Klipning bosh qahramonlari — mahalliy aholining ikki avlodi vakillari bo‘lib, ulardan biri Orol dengizining hali mavj urib yotgan davrini eslaydi, ikkinchisi esa faqat sahroda yashagan, bir paytlar suv bo‘lgan joyda faqat quruqlikni ko‘rgan. Qozog‘iston va O‘zbekiston chegarasida joylashgan Orol dengizi o‘tmishda dunyodagi to‘rtinchi yirik ichki ko‘l hisoblangan. Unga suv ikki yirik daryo — Amudaryo va Sirdaryodan oqib kelgan. Bu daryolar esa uzoq tog‘lardagi qor va yomg‘ir suvlari hisobiga to‘lgan. 1960-yillarda sovet ittifoqi ushbu daryolar suvini katta qishloq xo‘jaligi loyihalari, asosan paxta yetishtirish uchun sug‘orish maqsadida olib ketishni boshladi. Bu esa Orol dengizining qurishini boshlab berdi. Daryolardan muntazam ravishda suv olinishi va mintaqadagi uzoqqa cho‘zilgan qurg‘oqchilik tufayli dengiz sathi qariyb 90 foizga qisqardi. Buning oqibatida Orolqum deb ataluvchi yangi cho‘l paydo bo‘ldi. 1986 yilda dengiz ikki qismga — Janubiy va Shimoliy Orolga bo‘lindi. Shundan biri — Janubiy Arol hanuzgacha so‘rilishda davom etmoqda. 2014 yilda dengizning sharqiy qismi butunlay yo‘qoldi. Shimoliy Orolni tiklash uchun to‘g‘on qurilib va boshqa suvni saqlash choralari ko‘rildi, biroq butun mintaqaning ekotizimi allaqachon yemirilgan edi. [caption id="attachment_19521" align="aligncenter" width="633"]Suv 06 Orol dengizining yillar osha qurib borishi. Foto: NASA[/caption] Orol dengizi mahalliy iqlimni yumshatib turardi. Uning qurishi natijasida qishlar sovuqroq, yozlar esa issiq va quruq bo‘lib qoldi. Baliqchilik inqirozga yuz tutdi — bu esa hayoti baliq ovlashga bog‘liq bo‘lgan mahalliy jamoalar farovonligiga qattiq ta’sir qildi. Dengiz tubidan ko‘tarilayotgan, qishloq xo‘jaligi kimyoviy moddalari bilan ifloslangan chang inson sog‘lig‘iga zarar yetkazmoqda va sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanishiga sabab bo‘lmoqda. Bu esa fermerlarning ishini yanada mushkullashtirmoqda. Yomg‘ir miqdorining ko‘payishi yoki muzliklarning erishi ham endi Orol dengizi suvining yo‘qotilishini bartaraf eta olmadi. Bu yo‘qotishlar aynan inson faoliyati natijasida sodir bo‘ldi. Orolning qurishi eng avvalo Qozog‘iston va O‘zbekistonga ta’sir qildi, chunki dengiz aynan ular hududida joylashgan. Ammo uni to‘yintiruvchi daryolar yana to‘rt mamlakat — Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afg‘oniston uchun ham asosiy transchegaraviy suv manbai hisoblanadi. Bu mamlakatlar ham o‘z navbatida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. SSSR parchalanganidan so‘ng, ular qolgan suv resurslari uchun o‘zaro raqobatga kirishdi va shu kungacha dengizni tiklash bo‘yicha umumiy kelishuvga kela olmayapti.   Nil uchun urush bo‘ladimi? bugungi kunda eng yirik suv muammolaridan biri Nil daryosi havzasida joylashgan davlatlar o‘rtasida yuz bermoqda. Aholi sonining o‘sishi, yomg‘irlar tartibining o‘zgarishi va iqtisodiy rivojlanishga intilish tufayli Nil suvi birinchi navbatda Misr va Sudan uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib qolgan — bu mintaqadagi eng yirik suv iste’molchilaridir. Shu bilan birga, Nil suvining 85 foizi Efiopiya tog‘liklaridan keladi. Ammo suvga boy va katta gidroenergetik salohiyatga ega bo‘lgan Efiopiyada hatto so‘nggi paytgacha aholining 83 foizi elektr energiyasiga ega emas edi, 94 foizi esa ovqat tayyorlash va uyini isitish uchun hali ham yoqilg‘i sifatida yong‘oq daraxt yog‘ini ishlatardi. Vaziyatni o‘zgartirish maqsadida 2011 yili Efiopiya hukumati Nilning o‘ng yo‘nalishidagi tarmog‘i — Ko‘k Nilda «Efiopiyaning buyuk qayta tirilish to‘g‘oni»ni qurish rejalarini e’lon qildi. Deyarli 5 mlrd dollarga baholangan va 5000 MW quvvatga ega bu gidroelektrostansiya Afrikadagi eng yirigi bo‘lishi va nafaqat efioplar, balki Afrika Sharqidagi barcha xalqlar — Jibuti, Eritreya va Somali aholisini ham elektr bilan ta’minlashi ko‘zda tutilgan edi. To‘g‘on 2020 yili to‘ldirila boshlandi va 2022 yilda allaqachon tok ishlab chiqarayotgan edi. 2024 yilning oxiriga kelib umumiy ishlab chiqarish 1550 MWga yetdi. [caption id="attachment_19522" align="aligncenter" width="633"]Suv 07 Ko‘k Nilda barpo etilgan «Efiopiyaning buyuk uyg‘onish to‘g‘oni». 2022 yil 19 fevral. Foto: Minasse Wondimu Hailu / ANADOLU AGENCY / Anadolu via AFP[/caption] Efiopiya ushbu rejalarini e’lon qilgani zamonoq, Misr bunga keskin qarshi chiqdi. Qohira bu borada 1929 va 1959 yillardagi suv bitimlariga tayanib, unga ko‘ra Misr Nil suvining uchdan ikki qismiga ega va daryoning yuqori oqimidagi har qanday loyihani veto qilish huquqiga ega ekanini ta’kidladi. Ammo Efiopiya bu huquqni inkor qildi, chunki u ushbu bitimlarda qatnashmagan — Misr o‘z vaqtida ularni Britaniya bilan, uning mustamlakasi sifatida imzolagan edi. Qohirani eng ko‘p xavotirga solgan masala suv omborini to‘ldirish jarayoni bo‘ldi. Hukumat to‘g‘on suv miqdorini qisqartiradi, deb qo‘rqdi. Natijada, Misrda sholi ekish uchun ajratilgan yer maydonlari ikki baravar qisqartirildi. Ko‘p o‘tmay, Misr, Efiopiya va Sudan suv resurslari bo‘yicha muzokaralarga kirishdi. 2012 yil mart oyida Sudan prezidenti to‘g‘on qurilishini qo‘llab-quvvatladi. Misr esa o‘z pozitsiyasida qat’iy qoldi va 2014 yilda muzokaralardan chiqib ketdi — sababi sifatida Efiopiyaning kelishuvga tayyor emasligini ko‘rsatdi. Keyinroq AQSH vositachiligida muzokaralar qayta tiklandi, ammo ulardan hech qanday natija chiqmadi. 2020 yil oktyabrda AQSH prezidenti Donald Tramp ochiq-oydin shunday dedi: «Juda xavfli vaziyat yuzaga kelyapti, chunki Misr bunday sharoitda yashay olmaydi… Ular bu to‘g‘onni portlatishadi». Bunga javoban Efiopiya Tashqi ishlar vazirligi AQSH prezidentini urushga da’vat qilishda aybladi. Shuningdek, 2021 yilda Sudanda hokimiyat o‘zgarishi bilan birga rasmiy ritorika ham o‘zgardi — rasmiylar «suv urushi» haqida ochiq gapira boshlashdi. 2025 yil 9 sentyabr kuni Efiopiya hukumati rasman to‘g‘onni ochdi. Bu esa qo‘shnilar bilan munosabatlarda keskinlikni yanada oshirdi. Misr tashqi ishlar vaziri suv xavfsizligini «qizil chiziq», to‘g‘onni esa davlat uchun «ekzistensial tahdid» deb atadi. Biroq mutaxassislar fikricha, Misr yoki Sudan to‘g‘onni portlatishga urinishmaydi — bu ular uchun xudkushlik bilan barobar bo‘ladi, chunki suv omboridan oqib keladigan to‘lqin ikkala davlatni ham halokatga olib kelishi mumkin. Shu bilan birga, Efiopiya to‘g‘on orqali Misr va Sudanga bosim o‘tkazish vositasiga ega bo‘ldi. [caption id="attachment_19523" align="aligncenter" width="633"]Suv 08 Sudanda Ko‘k Nilda barpo etilgan «Buyuk Efiopiya uyg‘onish to‘g‘oni»ga qarshi norozilik namoyishlari. 2021 yil 14 iyun. Foto: Mahmoud Hjaj / ANADOLU AGENCY / Anadolu via AFP[/caption] Efiopiya haqli ravishda tanqid qilinib, xalqaro daryo hisoblangan Ko‘k Nilda to‘g‘on qurish to‘g‘risidagi qarorni bir tomonlama qabul qilgani uchun ayblanadi. Bu daryo bir nechta davlatlarning hayotini ta’minlab turadi. Efiopiya to‘g‘on yordamida qo‘shni Jibuti va Keniyaga elektr energiyasini eksport qilishni rejalashtirmoqda. Yana bir ehtimoliy xaridor — Yaqin Sharq davlatlari. Ammo bu yo‘lda energiya uzatish tarmoqlarini Qizil dengiz orqali o‘tkazish kerak bo‘ladi. Efiopiya o‘z iqtisodiy salohiyatini rivojlantirishni rejalashtirgan, bu esa shunga olib keladiki — ertami-kechmi u qo‘shnilari bilan kelishib olishiga to‘g‘ri keladi. Aks holda, bu mintaqada suv uchun urush muqarrar.   Aholi ko‘paymoqda — ichimlik suvi kamaymoqda 1980-yillardan beri dunyoda suvdan foydalanish hajmi yiliga taxminan 1 foizga o‘sib bormoqda va bu o‘sish 2050 yilgacha shuncha sur’atda davom etishi kutilmoqda. Bunga aholi sonining o‘sishi va sanoat ehtiyojlarining ortishi sabab bo‘lmoqda. Prognozlarga ko‘ra, 2050 yilga kelib Yer yuzida 9,7 milliard odam yashaydi. Demak, kelasi 25 yilda insoniyat soni deyarli 1,5 milliardga oshadi. Bu esa ko‘proq ichimlik suvi, oziq-ovqat ishlab chiqarish va boshqa mahsulotlar uchun suv talab etiladi degani. Biroq NASA ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yil mayidan buyon Yerdagi toza ichimlik suvi zaxirasi keskin kamaygan va hanuzgacha tiklanmagan. 2002 yildan beri agentlik tomonidan kuzatilgan dunyodagi 30 ta eng kuchli qurg‘oqchilikdan 13 tasi so‘nggi 10 yil ichida sodir bo‘lgan. Umuman olganda, global toza suv zaxirasi qayta tiklanishi mumkinmi-yo‘qmi — hali aniq emas. Ammo shunchaki faktning o‘zi, ya’ni dunyodagi eng issiq o‘n yillik bir vaqtning o‘zida toza suv zaxiralari kamayishi bilan to‘g‘ri kelayotgani olimlarni jiddiy o‘yga solmoqda. NASA bu holatni «asrimizning asosiy ekologik muammosi» deb ataydi. Uning yechimi insoniyat kelajagini belgilab beradi. 2022 yilda Niderlandiya tashabbusi bilan suv resurslarining global iqtisodiy ahamiyatini baholash uchun xalqaro komissiya tuzildi. Uning natijasi sifatida 2024 yilda suv inqiroziga bag‘ishlangan tarixdagi eng yirik tadqiqot e’lon qilindi. Unda mutaxassislar barcha mamlakatlarni suv resurslarini boshqarishda yondashuvni keskin o‘zgartirishga chaqirdi. Avvalo, tadqiqot mualliflari fikricha, suv aylanishi — umuminsoniy boylik ekanini tan olish zarur. Unga birgalikda e’tibor va himoya kerak. Masalan, bir mamlakat yangi plantatsiyalar uchun o‘rmonlarni kesayotgani tufayli qo‘shni davlat ichimlik suvi yetishmovchiligiga duch kelmasligi kerak. Shuningdek, tabiiy suv omborlarini — botqoqlar va yer osti suvlarini tiklash lozim. Davlatlar qishloq xo‘jaligini subsidiyalashni bosqichma-bosqich kamaytirishi va suv ta’minoti tizimlaridagi yo‘qotishlarni cheklashi kerak. Muammoning yechimi sifatida suvdan samarali foydalanishni ta’minlovchi sarmoyalar, suvni kam talab qiladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga o‘tish, o‘simliklarga suv va o‘g‘itni aniq miqdorda, aniq joyga va kerakli vaqtda berish texnologiyalarini joriy etish taklif etilgan. Shuningdek, sanoat va shahar kanalizatsiya suvlarini qayta ishlash, ishlab chiqarishda suvni takroran foydalanish va uning sarfi to‘g‘risida hisobot yuritish ham zarur. Aks holda, suv resurslari boshqaruvidagi bugungi yondashuv o‘zgarmasa, suv inqirozining oqibatlari qaytarib bo‘lmas darajada bo‘lishi mumkin. [caption id="attachment_19524" align="aligncenter" width="633"]Suv 09 «Akvarel» filmidan kadr. (2018 yil, rejissyor: Viktor Kosakovskiy)[/caption] 2018 yilda Venetsiya xalqaro kinofestivalida rejissyor Viktor Kosakovskiy «Akvarel» nomli hujjatli filmini taqdim etdi. Film 96 kadr/soniya tezlikda suratga olingan bo‘lib, faqatgina texnik jihozlariga mos bo‘lgan kinoteatrlarda namoyish etildi. Muallifning asosiy g‘oyasi — suv kayfiyati va shaklini barcha jihatlari bilan ko‘rsatish edi. Kosakovskiy o‘z so‘zlarida: «Odamlar suv inqirozi haqida gapiradigan navbatdagi filmni suratga olish menga qiziq emasdi. Dunyoda juda ko‘p gap bor, lekin hech kim eshitmaydi», — degan edi. Shuning uchun u so‘zni suvning o‘ziga berdi. «Akvarel»da odamlar deyarli yo‘q, borlari ham Baykal muzliklari, Grenlandiya muzlarining yemirilishi, Mayamini vayron qilgan «Irma» bo‘roni va Venesueladagi hayratomuz Anxel sharsharasi kabi tabiat manzaralari fonida juda kichik va nochor ko‘rinadi. Film uchun musiqani fin musiqachi va Apocalyptica guruhi yetakchisi Eykka Toppinen yozdi. Lekin filmning bosh g‘oyaviy «ovozi» bu — suvning o‘zi bo‘ldi. Bu hujjatli filmda global isish yoki suv ifloslanishi haqida gap yo‘q. Lekin uni ko‘rgan kishi uchun suvning betakror go‘zalligi kelasi o‘n yilliklarda abadiy yo‘qolib ketishi mumkinligi haqida o‘ylamaslikning iloji yo‘q.

Teglar

Mavzuga oid

Agar dunyoda ichimlik suvi qolmasa: chuchuk suv uchun urushlar yangi reallikka aylanadimi? | Vaqt.uz