add

«Apple’ga o‘tsang, ahmoq bo‘lasan» — Tim Kuk Stiv Jobs o‘rnini qanday egalladi?

Bugun 13:558438

Tim Kuk 2011 yildan beri Apple korporatsiyaga rahbarlik qilmoqda — bu Stiv Jobs boshqargan davrdan ham uzoqroq. Uning davrida sanoatda inqilob qilgan yangi gadjet paydo bo‘lmadi, biroq «olmali» kompaniya dunyodagi eng qimmat korporatsiyalardan biriga aylandi.

«Apple’ga o‘tsang, ahmoq bo‘lasan» — Tim Kuk Stiv Jobs o‘rnini qanday egalladi?

Tim Kuk 1960 yilning 1 noyabrida AQSHning Alabama shtatidagi Mobil shahrida tug‘ilgan. Uning otasi kemasozlik korxonasida ishlagan, onasi esa dorixonada. Kuk 12 yoshidayoq ish boshlagan — har kuni tonggi soat uchda uyg‘onib, gazetalar tarqatar edi.

U o‘z oilasida kollejga o‘qishga kirgan ilk inson bo‘ldi. Keyin muhandislikni o‘rganish uchun Obern universitetiga yo‘l oldi. U yerda birinchi marta 1977 yilda chiqarilgan Apple II kompyuterini ko‘rdi. Keyinchalik u bu qurilmadan «g‘ashi kelgan»ini tan olgan. Tim Kuk necha bor maktablarda dasturlash asoslari o‘qitilishi kerakligini ta’kidlagan. «Bu fanni o‘quv dasturidan chiqarish — bolalarga zarar qilish bilan teng», der edi Apple rahbari.

Oliy o‘quv yurtining so‘nggi bosqichida o‘qiyotgan paytida Kuk shahar hokimiyati tomonidan qabul qilingan svetofor boshqaruv tizimini yaratdi. O‘sha vaqtlardayoq u biznes qobiliyatini namoyon qildi: universitet yilnomasiga reklama jalb qilish bilan shug‘ullanar, o‘sha yilgi eng ko‘p tijoriy e’lonlarni jamg‘aradi. Tarqatish ishlari ham unga topshirilganda, nashr tarixi uchun eng katta tirajni tashkil qildi.

Bakalavr diplomini olgandan so‘ng Tim Kuk hayot uchun 25 yillik reja tuzdi. «Birinchi yil-ikki yil hammasi rejadagidek ketdi. Keyin esa bu reja qog‘ozga arzimay qoldi», — degan u The Wall Street Journal nashriga. Uning ta’kidlashicha, eng katta xatolardan biri — rejada intuitsiyaga e’tibor berilmagani bo‘lgan. Ammo aynan hissi tuyg‘ulariga amal qilgani uni Apple’ga olib keldi.

 

Apple’ga olib borgan yo‘l

1982 yili universitetni tamomlaganidan so‘ng Tim Kuk IBM kompaniyasida ish boshladi. U yangi ishga tushgan istiqbolli loyiha — shaxsiy kompyuterlar ishlab chiqarish bo‘yicha guruhga qo‘shildi. Ko‘p o‘tmay, u yuqori salohiyatli xodimlar (HiPo) ichki ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi va 12 yil ichida kompaniyaning Shimoliy Amerikadagi yetkazib berish xizmati direktori lavozimigacha ko‘tarildi.

IBM’da u o‘zlashtirgan eng muhim ko‘nikma — «Just in Time» (ayni vaqtida) nomli boshqaruv strategiyasi bo‘ldi. Bu uslub omborlarda tayyor mahsulot va uni ishlab chiqarish uchun zarur qismlar zaxirasini minimal darajada ushlashga asoslanadi. Apple’da keyinchalik ushbu yondashuv mukammal darajaga yetkazildi. Masalan, Intel yangi protsessor chiqarishi bilanoq Apple bu protsessor o‘rnatilgan mahsulotlarni bozorga chiqarar edi. Boshqa kompaniyalar esa avval eski modellarni sotib bo‘lishni kutardi.

1994 yili Tim Kuk rad etib bo‘lmas taklif oldi: Intelligent Electronics kompaniyasi uni operatsiyalar bo‘yicha direktor etib ishga oldi. Maoshi —250 ming dollar (bonus va opsionlardan tashqari). Ammo bu pullar unga osonga tushmadi. Yagona bo‘lib u bu yerda jiddiy sog‘liq muammolariga duch keldi: shifokorlar unga siyrak skleroz tashxisini qo‘yishdi. Keyinchalik bu tashxis noto‘g‘ri ekani, ahvoli esa ish orqali ro‘y bergan organizm tugal zaiflashuvi ekani ma’lum bo‘ldi. Bu voqea Kukning hayotga qarashlarini o‘zgartirdi — u xayr-ehson ishlariga jiddiy e’tibor bera boshladi.

1997 yili Tim Kuk Intelligent Electronics kompaniyasini General Electric tomonidan sotib olinishi bo‘yicha muvaffaqiyatli kelishuvni amalga oshirdi. Shundan so‘ng u Compaq kompaniyasida vitse-prezident lavozimiga tayinlandi. Aslida u bu yerda yorqin karyera qila olishi mumkin edi, biroq yarim yil o‘tishiga ham ulgurmasdan Kuk ishdan ketishga qaror qildi — bu vaqtga kelib u Stiv Jobs bilan tanishib ulgurgan edi.

 

Bo‘sh omborlar bo‘yicha daho

Kuk Stiv Jobs bilan shaxsiy uchrashuvni qiziqish bilan tashkil etgan. U texnologiya sohasi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan bu shaxsni yaqinroq tanishni istagan. Ammo natijada Jobs uni o‘zining kelajak haqidagi ilhomli nutqlari bilan o‘ziga rom etdi va ishga o‘tishga ko‘ndirdi. O‘shanda Compaq barqaror va yirik kompaniya edi, Apple esa bankrotlik tomon yo‘nalgandek ko‘rinayotgandi. Agar 1995 yili Apple’ning daromadi 11 mlrd dollar bo‘lgan bo‘lsa, 1998 yilga kelib, Kuk Jobs bilan gaplashgan paytda bu ko‘rsatkich 6 mlrdgacha tushib ketgandi.

«Har qanday ratsional mulohazalar kompaniyani almashtirmaslik kerakligini ko‘rsatardi, — deb eslaydi Kuk. — Maslahatlashgan bosh direktorlardan biri menga ochiq aytdi: agar sen Compaq’dan Apple’ga o‘tsang, ahmoq bo‘lasan». Ammo bu shunday bir holat ediki, odatda aql bilan qaror chiqaradigan Kuk ichki ovoziga tayanadi. Moliyaviy jihatdan ham u xato qilmadi. Apple unga 500 ming dollar bonus, 400 ming dollar yillik maosh va aksiya opsioni taklif qildi. Bugunga kelib Kukning boyligi 2,6 mlrd dollarga baholanmoqda.

Kukning Jobs o‘rnini egallashi ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi. U Apple uchun juda ko‘p ish qilgan, ammo keng jamoatchilik bundan bexabar edi. Businessweek’ka bergan intervyusida Jobs shunday degan edi: «Tim kelganidan so‘ng biz logistikani amalda qayta ixtiro qildik».

Kuk esa Wired jurnaliga berilgan intervyuda o‘zini hazillashib «omborlar Attilasi» deb atagan. Apple’ga kelishi bilanoq u «Just in Time» strategiyasini joriy etishga kirishdi — bu esa asosan ombor va ishlab chiqarish xodimlari orasida ish o‘rinlarining qisqarishiga olib keldi.

1998 yil oktyabrida, Apple’ga kelganiga olti oy bo‘lganida, Kuk kompaniyaning ombor zaxiralarini 30 kunlik ish uchun kerakli miqdordan 6 kunlik darajaga tushirdi. 1999 yilga kelib esa zaxiralar 2 kunlik miqdorgacha qisqartirildi. Biroq, yetkazib berish tizimi shunday qurildiki, minimal zaxiralar ham ishlab chiqarishning to‘xtashiga olib kelmasdi.

Shundan so‘ng Kuk distribyutorlar bilan ishlashga o‘tdi. U Jobsni o‘z ishlab chiqarishlarni bosqichma-bosqich yopib, mustaqil ta’minlovchilarga o‘tish rejasiga ko‘ndirdi. Albatta, Kuk bu borada pioner emasdi: Apple 1996 yildayoq Koloradodagi zavodini sotgan, 1999 yilda esa (Kuk davrida) Irlandiyadagi ishlab chiqarish qisqartirilgan. 2004 yili esa Kaliforniyadagi so‘nggi yig‘uv liniyasi yopildi va ish o‘rinlari Osiyoga ko‘chdi.

Compaq’da ishlab yurgan chog‘ida Kuk Foxconn asoschisi Terri Gou bilan tanishgan. 2000 yilda aynan Foxconn iMac kompyuterlarini yig‘ish bo‘yicha shartnoma oldi. Yangi yetkazib berish modeliga o‘tish rejali ravishda amalga oshirildi. Masalan, Apple 2005 yilda o‘z protsessorlari — PowerPC’dan voz kechib, Intel’dan buyurtma berishga o‘tdi. Ammo vaqt o‘tishi bilan, AQSH hukumati bosimi ostida, Apple Amerikada yig‘uv liniyalarini qayta ochishga majbur bo‘ldi.

Kuk ta’minlovchilar sonini minimumga tushirdi va ular bilan munosabatlar, biznes jarayonlarni yaxshilashga e’tibor qarata boshladi. «Agar ta’minlovchi va’dasini bajarmasa, unga tom ma’noda proktologik tekshiruv o‘tkazilardi, — deb eslagan edi Kukning hamkasbi. — Buni kuzatish ham kulgili, ham noqulay edi».

Apple muhandislari doim Xitoyga borishardi. Ammo bu boshqa kompaniyalardagidek rasmiy top-menejerlar safari emas, balki oddiy muhandislar tomonidan amalga oshirilardi. Ular ta’minlovchilarning ishlab chiqarish liniyalarini takomillashtirish va muammoli nuqtalarni topish bilan shug‘ullanishardi.

Kuk boshqa yangiliklarni ham joriy etdi. Masalan, 1998 yilda u 100 mln dollar qiymatda logistika, jumladan, aviatashish xizmatlarini oldindan bron qildi. Bu katta xatar edi: ushbu bron yangi iMac G3’ni yetkazish uchun qilingandi. Agar u ommalashmaganida, katta pul zoye ketgan bo‘lardi. Ammo bu model xitga aylandi va Apple uni uzilishlarsiz xaridorlarga yetkaza oldi.

 

Almashtirib bo‘lmas shaxsni almashtirish

Besh yil o‘tib, Tim Kukda Apple’ning asoschisi Stiv Jobsni kompaniya boshida almashtira olishini isbotlash imkoniyati paydo bo‘ldi. 2004 yili Jobsda oshqozon osti bezida o‘sma aniqlanib, operatsiya qilingan paytda, uni vaqtincha aynan Kuk almashtirgan edi. 2009 yili Jobs yana davolanishga muhtoj bo‘ldi. Avvaliga rasman u gormonal disbalansga duchor bo‘lgani aytildi, ammo keyinchalik unga jigar ko‘chirib o‘tkazilgani ma’lum bo‘ldi. Bu safar ham rahbarlikni Kuk qo‘liga oldi.

2011 yil yanvar oyida Jobs yana davolanishga muhtoj bo‘lganida, uning o‘rniga kim kelishi haqidagi savolning javobi aniq edi. 24 avgust kuni Stiv Jobs Kukni bosh direktor etib tayinlashini e’lon qildi — endi u «ijrochi direktor vazifasini bajaruvchi» emasdi. Ortiqcha sarlavhalarsiz, rasmiy ravishda CEO lavozimini egalladi. Oktyabr oyida esa Jobs vafot etdi.

Financial Times Kukni hazil-huzur bilan «android» deb atagan — u Jobsga to‘la zid shaxs edi. Jobs impulsiv, tez qarori va rok yulduziga o‘xshagan xatti-harakatlari bilan tanilgan bo‘lsa, Kuk aksincha — sokin, vazmin va har doim fikr uchun boshqalarga ham joy beruvchi rahbar sifatida e’tirof etilgan. Jobs bosim va ilhom bilan yutishga harakat qilgan joyda, Kuk sabr va izchillik bilan maqsadga erishadi. Jobs baqirib ketadigan vaziyatda Kuk suhbatdoshiga og‘ir va jim nigoh tashlaydi, xolos.

«U juda hissiyotchan odam emas, lekin u kimdan norozi ekanini barcha hamisha bilib turadi», — deydi Kuk qo‘l ostida ishlovchi xodimlar. U ovozini ko‘tarishni yoqtirmaydi, diplomatiyani afzal ko‘radi. Ammo bu uni kam talabchan rahbarga aylantirmaydi. Aksincha, u ham Jobs kabi talabchan va natija so‘rovchi rahbarga aylangan.

Apple Stiv Jobs boshchiligida innovatsion qurilmalar — masalan, iPhone va iPad kabi dunyoda yangi toifalar yaratgan kompaniya sifatida nom qozongan. Tim Kuk davrida esa Apple ko‘p sohali transmilliy korporatsiyaga aylandi — u hatto Oskar mukofotiga nomzod qilinadigan filmlar ishlab chiqara boshladi.

Hozirgi CEO davrida Apple 100 dan ortiq kompaniyani sotib oldi. Ularning ichida 2014 yili 3 mlrd dollarga sotib olingan Beats quloqliklari ishlab chiqaruvchisi, hamda 2019 yili 1 mlrdga Intel’ning smartfon modemlari bo‘limi ham bor.

 

Kuk uddasidan chiqa olmagan narsa

Tim Kukning muvaffaqiyatlaridan biri — kompaniyani barqaror daromad keltiruvchi xizmatlar ekotizimiga aylantirgani bo‘lsa-da, u butun tarmoqni portlatadigan «navbatdagi buyuk narsa»ni yarata olmadi. Avtopilotli avtomobil loyihasi yopildi, virtual reallik ko‘zoynaklari ommabop bo‘lmadi, AirPods va Apple Watch kabi qurilmalar yaxshi chiqdi, lekin inqilobiy mahsulotlar emas edi.

Kukning eng katta yutuqlaridan biri — Apple’ni faqat iPhone’ga bog‘liq kompaniyadan uzoqlashtirish bo‘ldi. iPhone va boshqa qurilmalar sotuvi yilga qarab ko‘tarilishi yoki pasayishi mumkin. Shuning uchun CNN ta’kidlashicha, Kuk Apple’ni barqaror va oldindan bashorat qilinadigan daromadga ega xizmatlar ekotizimiga aylantirdi.

2011 yili iCloud xizmati ishga tushirildi, 2012 yili — Apple Podcasts, 2015 yili esa Apple Music. Kompaniya birinchi marta 2015 yili xizmatlardan tushgan daromadni oshkor qildi: 234 mlrd dollar umumiy tushumning taxminan 20 mlrdi shu sohaga to‘g‘ri kelgan. Shundan beri Apple yana bir qator xizmatlarni ishga tushirdi — jumladan, Apple Arcade, Apple TV+ va Apple Fitness+. 2020 yilga kelib xizmatlar ulushi umumiy daromadning 20 foiziga yetdi. 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 24 foiz bo‘lib, xizmatlar kompaniya daromadining ikkinchi eng katta manbaiga aylandi. Birinchi o‘rinda, albatta, iPhone sotuvi turibdi.

Tim Kuk 65 yoshni qarshi olayotgan paytda, uning o‘rnini kim egallashi haqida turli taxminlar paydo bo‘ldi. Yaqingacha barcha Kukning o‘ng qo‘li — operatsiyalar direktori Jeff Uilyamsni asosiy nomzod deb bilishardi. Ammo iyul oyida 62 yoshli Uilyams pensiyaga chiqishini e’lon qildi. Kompaniya rahbarligi uchun nomzodlar doirasi tor — ko‘plab top-menejerlar yoshi tufayli CEO bo‘lishga mos kelmaydi, chunki yaqin yillarda ularning o‘ziga ham almashtiruvchi kerak bo‘ladi.

2024 yil oktyabr oyida Bloomberg manbalari Apple 50 yoshli jabhaviy uskunalar bo‘limi rahbari Jon Ternusni Kukning o‘rniga ko‘rayotganini ma’lum qildi. Kuk ham xuddi shu yoshda kompaniya bosh direktori bo‘lgan edi. Bloomberg ta’kidlashicha, Ternus — texnikaga mukkasidan ketgan. Apple’ni 15 yil mobaynida biznes-menejer boshqarganidan so‘ng, kompaniya uchun texnik rahbar aynan kerakli shaxs bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

«Apple’ga o‘tsang, ahmoq bo‘lasan» — Tim Kuk Stiv Jobs o‘rnini qanday egalladi? | Vaqt.uz