
AQSH Eron tomon «armada» yubordi, fors armiyasi esa shay. Urush yaqinmi?
Rasmiy Tehron AQSH bilan muzokaralarni emas, balki «200 foizli mudofaa»ni tanlaganini e’lon qildi.

AQSH tomonidan harbiy hujum tahdidlari davom etayotgan hamda mintaqada yangi mojaroning oldini olish bo‘yicha diplomatik urinishlar olib borilayotgan bir paytda, Eron hukumati o‘z mamlakatini himoya qilishga shay ekanini e’lon qildi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Baqoiy 30-yanvar kuni Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy Turkiyada yuqori darajadagi muzokaralar o‘tkazishini bildirdi. Baqoiy Tehron «umumiy manfaatlarga asoslangan holda qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni doimiy ravishda mustahkamlash» tarafdori ekanini qo‘shimcha qildi.
Ushbu tashrif mintaqa yetakchilari AQSHni hujumdan qaytarish va har ikki tomonni qandaydir murosaga keltirish ilinjida olib borayotgan qizg‘in diplomatik harakatlar fonida amalga oshmoqda. Biroq, 28-yanvar kuni prezident Donald Tramp ta’biri bilan aytganda, AQSHning «armada»si — USS Abraham Lincoln aviatashuvchisi boshchiligidagi harbiy kemalar guruhi Eron suvlari yaqiniga joylashishda davom etmoqda.
Eronda esa oliy siyosiy, harbiy va sud organi vakillari Tehronning asosiy e’tibori muzokaralarga emas, balki mudofaaga qaratilganini bildirib, qat’iy ohangda bayonotlar bermoqda.
«Hozirda Tehronning ustuvor vazifasi AQSH bilan muzokara o‘tkazish emas, balki mamlakat mudofaasini 200 foizli shaylikka keltirishdir», — dedi Eron muzokaralar guruhi a’zosi Kozim G‘aribobodiy.
G‘aribobodiyning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda vositachilar orqali AQSH bilan xabarlar almashilgan. Ammo u hatto muzokaralar uchun qulay sharoit bo‘lgan taqdirda ham, Eron o‘zini himoya qilishga to‘liq tayyor turishini ta’kidladi. Mulozim o‘tgan yilning iyun oyida, aynan muzokaralar boshlanish arafasida Eron avval Isroil, so‘ngra AQSH tomonidan hujumga uchraganini eslatib o‘tdi.
Armiya shay holatda
Eron so‘nggi kunlarda o‘z harbiy qudratini namoyish etishga alohida e’tibor qaratmoqda. Iyun oyidagi 12 kunlik urushdan so‘ng — o‘shanda bir qator yuqori martabali harbiy amaldorlar halok bo‘lgan va yadroviy obyektlarga zarba berilgan edi — mamlakatda ko‘plab harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
29-yanvar kuni Eron armiyasi o‘z saflariga 1000 ta yangi «strategik» dronlar qo‘shilganini e’lon qildi. Armiya ma’lumotiga ko‘ra, bular qatoriga bir martalik «kamikadze» dronlar, shuningdek, quruqlikdagi, havodagi va dengizdagi statsionar yoki harakatlanuvchi nishonlarni yo‘q qilishga qodir jangovar, razvedka va kiber-urush qurilmalari kiradi.
«Oldimizda turgan tahdidlarga muvofiq, armiya kun tartibidan tezkor jangovar harakatlar va har qanday tajovuzga qat’iy javob berish uchun strategik ustunlikni saqlab qolish hamda uni oshirish o‘rin olgan», — dedi armiya qo‘mondoni Amir Hamatiy o‘z bayonotida.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi (IIMK) ham hujumlarga bardosh berish va zarur bo‘lganda Isroilga hamda mintaqadagi AQSH obyektlariga ballistik va qanotli raketalar bilan zarba berish qobiliyatiga ega ekanini bir necha bor ta’kidladi.
«Xalqimiz qurbon bo‘ladi»
Tehron va mamlakatning boshqa hududlarida eronliklar Trampning goh tahdidli, goh muzokaraga tayyorligini bildiruvchi bir-biriga zid bayonotlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Vashington shu oyda sodir bo‘lgan va minglab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lgan norozilik namoyishlaridan so‘ng, Eron davlatini so‘nggi yarim asrlik boshqaruvi davridagi eng zaif holatda deb hisoblayotgan bo‘lsa-da, Islom Respublikasining ashaddiy tarafdorlari hukumatni qo‘llab-quvvatlashda qat’iydek ko‘rinmoqda.
«Amerika hech narsa qila olmaydi. Mabodo ular bizga qarata raketa uchiradigan bo‘lsa, Islom Respublikasi munosib javob qaytaradi va ularning bazalarini yer bilan yakson qiladi», — dedi tehronlik yosh ayol «Al Jazeera» nashriga bergan intervyusida.
Biroq, hukumat va uning tarafdorlari hujum bo‘lgan taqdirda Isroil va AQSHga qanchalik zarar yetkazish mumkinligi haqida o‘ylayotgan bir paytda, ko‘plab oddiy eronliklar bir yil ichida ikkinchi marta urush chiqishi ular uchun nima bilan yakunlanishidan xavotirda.
Tayyorgarlik choralari
Hukumat urush ehtimoli bo‘lganda fuqarolarning tayyorgarligini oshirish choralarini ko‘rmoqda. Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon chegara viloyatlari hokimlariga ayrim vakolatlarni topshirdi, bu ularga urush holatida zaruriy tovarlar, ayniqsa, oziq-ovqat mahsulotlarini mustaqil ravishda import qilish imkonini beradi.
Shuningdek, havo hujumlari paytida aholini himoya qilish uchun jamoat boshpanalariga bo‘lgan keskin ehtiyoj masalasi ham kun tartibiga chiqdi. Tehron shahar hokimi Alirizo Zakoniy 29-yanvar kungi bayonotida shahar munitsipalitati «ustuvor loyiha» sifatida «yer osti boshpanalarini» qurishini ma’lum qildi.
Ammo Zakoniy bu loyiha faqat «yaqin yillar ichida» yakunlanishini qo‘shimcha qildi. Bu esa, agar urush yaqin kunlarda boshlanib qolsa, eronliklarning bombardimonlardan yashirinish uchun joylari yana juda kam bo‘lishini anglatadi.
Yangi mojaro, shuningdek, aloqa va internetning butunlay uzib qo‘yilishini ham anglatishi mumkin — bunday holat iyun urushi va yaqinda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari paytida kuzatilgan edi.
8-yanvar kechasi mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari avj olgan pallada, 1979 yilgi inqilobdan beri Islom Respublikasi tarixidagi eng qonli davrlardan biri kuzatilar ekan, davlat tomonidan Eronning barcha hududlarida internet va mobil aloqa to‘liq o‘chirib qo‘yildi.
Deyarli uch hafta davom etgan va 90 milliondan ortiq odamga ta’sir qilgan ushbu blokadadan so‘ng, Eron hukumati so‘nggi kunlarda internet tezligini qisman tikladi, biroq ko‘pchilik uchun aloqa hamon uzilgan yoki jiddiy uzilishlar bilan ishlamoqda.
Internetga kirishga muvaffaq bo‘lganlar esa o‘tgan haftalardagi qonli voqealar tasvirlarini ko‘rib, agar urush boshlansa, bunday holatlar yanada ko‘payishidan qo‘rqmoqda.





