Ayollar va erkaklar maoshi orasidagi farq yana 30 yil davomida yo‘qolmaydi

16.02.2026 | 13:404 daqiqa

Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hatto xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar kabi tarmoqlarda ham ayollar va erkaklar maoshi orasidagi farq sezilarli darajada.

Ayollar va erkaklar maoshi orasidagi farq yana 30 yil davomida yo‘qolmaydi

Buyuk Britaniyadagi «Trades Union Congress» (TUC) ma’lumotlariga ko‘ra, agar mavjud rivojlanish sur’ati saqlansa, jinslar orasidagi maosh farqini yopish harakatlari 2056 yilga qadar samara bermaydi. «TUC»ning rasmiy maosh ma’lumotlari tahliliga ko‘ra, erkak va ayollar o‘rtasidagi o‘rtacha maosh farqi 12,8 foizni tashkil etadi. Eng keng farq moliya va sug‘urta sohasida 27,2 foizni, dam olish xizmatlari sohasida esa faqat 1,5 foizni tashkil etadi.

Jinslar orasidagi maosh farqi – bir xil sohada ishlayotgan erkak va ayollarga to‘lanadigan maoshlar orasidagi farqdir. Buyuk Britaniyada 250 dan ortiq xodimi bor ish beruvchilar maosh ma’lumotlarini e’lon qilishi shart. Hukumat esa «jinslar orasidagi maosh farqining asosiy sabablarini bartaraf etish va xotin-qizlarni ishda muvaffaqiyatga erishishini qo‘llab-quvvatlash»ini ma’lum qilgan.

Xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil qiluvchi sohalarda, masalan ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar tarmoqlarida ham, jinslar orasidagi farq tegishlicha 17 foiz va 12,8 foizni tashkil etadi. «TUC»ning ta’kidicha, bu farq ayol xodimning yilning 47 kuni «beqimmat» ishlashiga teng.

«Xotin-qizlar erkaklar bilan taqqoslaganda yiliga 1,5 oy davomida samarasiz ishlashga majbur bo‘lyapti. Hali ham yashash xarajatlari yuqori bo‘lib turgan bir paytda, xotin-qizlar yana ham yo‘qotishni boshdan kechirolmaydi. Ular o‘z huquqli ulushiga ega bo‘lishi kerak», – dedi «TUC» bosh kotibi Paul Novak.

U yaqinda qabul qilingan «Employment Rights Act»ni «maosh tengligini ta’minlash yo‘lida muhim qadam» deb atadi va hukumatdan to‘liq to‘lovli ota-ona ta’tiliga kirish imkoniyatini kengaytirishini talab qildi, shunda «ona va ota boquvchilik vazifalarini birgalikda amalga oshirishi mumkin bo‘ladi».

Jinslar orasidagi maosh farqi eng keng 50–59 yoshdagi xodimlar orasida kuzatiladi. Mehnat ittifoqlari guruhi bu holatni ayollar oilaviy majburiyatlar uchun ishini to‘xtatishi yoki kamaytirishi tufayli rivojlanishga bog‘laydi. «TUC» esa jinslar orasidagi farqni yopishga yordam berish uchun moslashuvchan ishlash va bolalar boquvi imkoniyatlarini kengaytirishni talab qilmoqda.

«Employment Rights Act» doirasida ishchilar huquqini oshirish bo‘yicha bahslar davomida biznes guruhlari qo‘shimcha imtiyozlar va ta’tillar xarajatlarni oshirib, xodimlarni ishga olish xohishini pasaytiradi, deb ta’kidladi.

«Biznes xarajatlari hozirdanoq firmalarning ish o‘rinlarini qisqartirishga olib kelmoqda. Mehnat qonunlaridagi katta o‘zgarishlar yaqinda kuchga kirsa, hukumat bu bosimlarni yana kuchaytirmasligi uchun ehtiyotkor bo‘lishi kerak», – dedi «Future of Work and Skills» direktori Matyu Persival.

Britaniyada yaqin kelajakda ish beruvchilar jinslar orasidagi maosh farqini qisqartirish bo‘yicha rejalarini e’lon qilishi kerak bo‘ladi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday?

Markaziy bankning 2025 yil yakunlari uchun «We Finance Code» hisobitiga kra, O‘zbekistonda ayollar va erkaklar o‘rtasida tenglikni ta’minlash aholi daromadini qariyb uchdan biriga oshirishi mumkin. 2025 yil yakuni bo‘yicha, mamlakat doimiy aholisi soni 38 million kishidan ortiq bo‘lib, uning taxminan 49 foizi ayollar (18,9 million atrofida). Mehnatga layoqatli aholi (15-64 yosh) orasida 10 milliondan ortiq ayollar bo‘lib, ular mehnatga layoqatli jami aholining qariyb 47 foizini tashkil etadi.

Jahon bankining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, ayollarning mehnat bozoridagi ishtiroki 45 foizdan oshmaydi. Ayollar va erkaklar o‘rtasida iqtisodiy faoliyatda teng ishtirokni ta’minlash O‘zbekiston milliy daromadini taxminan 29 foizga oshirishi mumkin. «McKinsey» ma’lumotlariga ko‘ra, ayollar o‘z biznesini boshlashda oilaviy va uy majburiyatlari to‘siq bo‘lishini erkaklarga nisbatan ikki barobar ko‘proq qayd etadi.

Jahon bankining tahlillari shuni ko‘rsatadiki, ayollarning 60 foizdan ortig‘i mehnat bozorida ishtirok etishda bolalar va keksalar parvarishi bilan bog‘liq majburiyatlarni asosiy to‘siq sifatida ko‘rsatadi. BMT Taraqqiyot Dasturining tadqiqotlariga ko‘ra esa, ayollarning 48 foizi ish va oilaviy majburiyatlarni muvozanatlashda jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi.

Moliyaviy sektorda gender tenglikni tizimli tashkil etish maqsadida 2025 yilga kelib 15 ta bank Markaziy bankning ichki gender tenglik siyosatini qabul qilgan. Ta’kidlanishicha, qilinayotgan ishlar natijasida iqtisodiyotda ayollar faolligi yildan-yilga oshib bormoqda.

2022 yilda mamlakatda taxminan 500 ming kichik va o‘rta korxona faoliyat yuritgan bo‘lib, ularning 187 mingtasi ayol tadbirkorlar tomonidan boshqarilgan. 2025 yilga kelib, bu raqam sezilarli darajada oshdi va hozirda mamlakat bo‘ylab 801 mingdan ortiq kichik va o‘rta biznes korxonalari faoliyat yuritmoqda, ulardan 225 mingtasi ayol rahbarlar tomonidan boshqarilmoqda. Ayol tadbirkorlarning umumiy kichik va o‘rta biznes egalaridagi ulushi 39,6 foizni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, mamlakat bo‘ylab jami 5,2 million o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 2,1 millionini ayollar tashkil etadi. 2020–2025 yillar davomida ayollar biznesini moliyalashtirish ham sezilarli darajada o‘sdi. Kreditlar soni 100 790 tadan 403 872 taga yetib, 300 foizga o‘sdi, umumiy kredit hajmi esa 4,9 trillion so‘mdan 22,7 trillion so‘mga oshib, 364 foizga o‘sdi.

Ayni paytda «We Finance Code» Milliy Koalisiyasi a’zolari soni 19 ta bo‘lib, ulardan 11 tasi bank hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid