
Bir yilda 65 foizga qimmatlagan oltin: Hovard Marks nega uni jamg‘arma vositasi deb hisoblamaydi?
«Forbes» nashri tomonidan boylini 2,2 mlrd dollardan ortiq deb baholangan «Oaktree Capital Management» investitsiya kompaniyasi asoschisi Hovard Marks oltinga kapitalni saqlash vositasi sifatida qarash masalasiga shubha bilan yondashmoqda.

Taniqli investor bu fikrlarini yaqinda Pepperdine University talabalari oldida qilgan chiqishi chog‘ida bildirgan, deb yozmoqda «Business Insider».
Oltinning kamchiligi nimada?
Marksning fikricha, oltinning asosiy muammosi — uning adolatli narxini aniqlab bo‘lmasligi. U aktivlarni ikki toifaga ajratadi. Birinchi toifaga aksiyalar, obligatsiyalar va ko‘chmas mulk kiradi — ular pul oqimini yaratadi va kutilgan daromad asosida baholanishi mumkin. Ikkinchi toifaga esa oltin va boshqa muqobil aktivlar kiradi, ular pul oqimi keltirmaydi.
«Neft barrelining yoki oltin quymasi uchun qanday narx adolatli ekanini aytib bo‘lmaydi, — dedi Marks. — Sifat jihatlarini adolatli narxga qanday aylantirish mumkin? Javob shuki: buning iloji yo‘q. Bu gap oltin uchun ham to‘liq tushadi».
«Oltinni jamg‘arma vositasiga aylantiradigan yagona narsa — odamlar uni shunday qabul qilishga o‘rganib qolishganidir», — deya qo‘shimcha qildi u.
Tarix nima deydi?
Marksning ta’kidlashicha, tarixan bunday moddiy aktivlarga sarmoya kiritish muayyan xatarlar bilan bog‘liq bo‘lgan. U 2008 yil yozini esga oldi: o‘sha paytda «Brent» markali neft barrelining narxi 147 dollardan oshib ketgan, tahlilchilar esa bunga zaxiralarning cheklangani bilan izoh bergan. Biroq bir necha oy o‘tib, moliyaviy inqiroz chog‘ida neft narxi 40 dollar ham pastroqqa quladi, garchi taklif omillari o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan bo‘lsa ham, dedi u.
2010 yildagi mashhur tahliliy yozuvlaridan birida Marks oltin «ideal» investitsiya aktivining barcha xususiyatlariga ega ekanini, biroq inflatsiyadan himoya qilish vositasi sifatida qiymatga ega emasligini ta’kidlagan. Uning zaxiralari cheklangan bo‘lsa-da, odamlarning ishonchidan tashqari bu metallni jamg‘arma nuqtayi nazaridan temirdan qimmatroq qiladigan hech narsa yo‘q, deb yozgan edi u.
«Bu o‘zini-o‘zi aldash, ommaviy jazava obyekti, xuddi «Qirolning yangi kiyimi» haqidagi ertakdagidek, — deb yozgan edi Marks. — Oltin odamlar unga bergan bahodan tashqari hech qanday moliyaviy qiymatga ega emas va u jiddiy investitsiya strategiyasida hech qanday rol o‘ynamasligi kerak. Men bunga qat’iy ishonaman».
Uoll-stritda yana nimalar deyishmoqda?
O‘tgan yil oltin uchun 1979 yildan beri eng muvaffaqiyatli yil bo‘ldi — uning narxi 65 foizga oshib, yangi rekordni yangiladi. Oltin rallisiga foiz stavkalarining pasayishi va geosiyosiy keskinlik fonida markaziy banklar hamda investorlar tomonidan bo‘lgan talab turtki berdi. «Bloomberg» yanvar oyi boshida suhbatlashgan ko‘plab aktivlar boshqaruvchilari 2026 yilda ham oltinni qo‘llab-quvvatlovchi omillar saqlanib qolishini aytib, undagi ulushlarini keskin qisqartirishni rejalashtirmayotganini bildirishdi.
O‘z navbatida, mashhur investor Mark Mobius hozirgi narxlarda oltin sotib olmasligini, ammo agar u 20 foizga arzonlashsa, bu variantni ko‘rib chiqishini aytdi.
Boyligini oltinga o‘tkazgan milliarder
Garchi Hovard Maks oltinga ishonmasa-da, aktivlarni bu qimmataho metallarga o‘tkazayotgan boylar ham bor. Osiyodagi mashhur investor geosiyosiy xavflar kuchaygan bir paytda strategiyasini o‘zgartirib, aktivlarining katta qismini qimmatbaho metallarga yo‘naltirdi.
Hongkonglik milliarder, qiymatli investitsiya yondashuvi bilan tanilgan Chea Chen Hay so‘nggi yil ichida o‘z sarmoya strategiyasini keskin qayta ko‘rib chiqdi. «Bloomberg» nashrining manbalarga tayanib xabar qilishicha, hozir uning oilaviy ofisi aktivlarining taxminan 25 foizi oltin va boshqa qimmatbaho metallarga to‘g‘ri keladi. Ofisning umumiy kapitali 1,4 mlrd dollar deb baholanmoqda.
71 yoshli Chea nashrgaga bergan intervyusida oltinni umrbod jamg‘arma sifatida qabul qilishini ta’kidladi. U qimmatbaho metallarni sotmasligini, faqat xarid qilish orqali ulushni bosqichma-bosqich oshirib borganini aytdi.





