add

Bobur Bekmurodov: «Bojlar bozor raqobatiga to‘siq bo‘lmasin»

07.10.2025 | 15:3040945

«Yuksalish» harakatiga ko‘ra, yangi boj to‘lovlari bozorda narxlarni oshirib, monopoliyani kuchaytirish xavfini keltirmoqda.

Bobur Bekmurodov: «Bojlar bozor raqobatiga to‘siq bo‘lmasin»
2025 yil 1 maydan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha yangi bojsiz me’yorlar kuchga kirdi. Vazirlar Mahkamasining 19 apreldagi 244-son qaroriga ko‘ra, havo transporti orqali — 1000 dollar, temir yo‘l va daryo transportida — 500 dollar, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — 300 dollar, xalqaro kurerlik jo‘natmalarida — 200 dollar, pochta orqali esa — 100 dollar limit belgilandi. Amalda esa bu cheklovlar fuqarolarga qo‘shimcha moliyaviy yuk bo‘lish bilan birga, bozordagi raqobat muhitiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish bahonasida joriy etilgan bojlar ayrim sohalarda monopoliyani kuchaytirayotgani aytilmoqda. Ayniqsa, rasmiy distribyutori bo‘lmagan tovarlarni chetdan olib keluvchi fuqarolar 30 foizlik boj sabab mahsulotni qimmatlashtirishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa iste’molchilar tanlovini cheklab, yirik importchilarga qulaylik yaratadi. Natijada narxlar oshib, tovar sifati pasayishi va kichik tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyati tortayotgani kuzatilmoqda. «Yuksalish» harakati bu muammolarni hal etish uchun bir qator takliflarni ilgari surdi. Jumladan: Boj to‘lovlari va limitlar faqat qonun darajasida belgilanishi; Shaxsiy va tijorat importini aniq farqlash mexanizmlari joriy etilishi kerak; Normadan oshgan tovarlar uchun 30 foizlik yuqori to‘lov o‘rniga progressiv va moslashuvchan stavkalar qo‘llash; Raqobat kuchsiz tovarlar importini yengillashtirish tavsiya etildi. Harakat, shuningdek, ro‘yxatga olish jarayonlarini soddalashtirish va 1-2 dona shaxsiy qurilma uchun UzIMEI orqali bepul ro‘yxatdan o‘tkazishni taklif etmoqda. Yuqori boj to‘lovlari fuqarolarning mulkiy huquqlariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun boj siyosati kontrabandaga qarshi, ammo iqtisodiy erkinlik va adolat tamoyillariga asoslangan bo‘lishi zarur.

«Boj - bu soliq. Soliqlar esa parlament tomonidan joriy etilishi kerak. Konstitutsiyaga ko‘ra, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni belgilash Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlariga kiradi. Ya’ni qancha, kimdan va nima uchun boj olinishini ijro hokimiyati emas, aynan parlament hal qilishi kerak» — deya mavzuga qo‘shimcha qildi Shuhrat Latipov.

Teglar

Mavzuga oid