
Bog‘chalardagi zo‘ravonlik onalarni o‘z farzandlarini bog‘chaga berishdan cho‘chitmoqda
21.07.2025 | 18:00286422
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va xabarlar sababli ko‘plab ota-onalar bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, tarbiyachilarning e’tiborsizligi va sifatsiz sharoitlardan xavotirga tushmoqda.

Vaqt.uz jurnalisti mazkur vaziyat yuzasidan bog‘cha tarbiyachilari, onalar va psixologning fikriga qiziqdi. Xo‘sh, paydo bo‘lgan nosog‘lom vaziyatning ildizi qayerda?
«Hozirgi voqealardan keyin umuman bergim kelmay qoldi. Bunaqa narsalar doim bo‘lgan, men o‘zimdan eslasam rosa bo‘lgan o‘zimda. Bog‘cha opam pichoqni ko‘rsatib, hozir ko‘zingni o‘yaman degan», — deydi yosh onalardan biri Shahrizoda.
«Men bog‘chaga bormasdan ulg‘ayganlardanman, bog‘chaga borganlarga havas qilganim uchunmi qizimni doim bog‘chaga berish uchun harakat qilganman. Lekin bu ish shaharlarda ijara uyda yashaydiganlar uchun oson emas.
3 yoshgacha bolalarni davlat bog‘chasiga qabul qilishmaydi. Qolaversa, men yashayotgan hududda 1-2 yil oldin ro‘yxatga yozdirib qo‘yish kerak, xususiy bog‘chalarga qabul qilishadi ammo narx 1,5 mln so‘mdan 4 mln so‘mgacha. Men shahar joylar haqida yozdim. Qishloqlarda bu narx minimal 120 mingdan 400 ming atrofida», deydi u.
Oxirgi vaqtlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va xabarlar sababli ko‘plab ota-onalar bog‘chalarda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, tarbiyachilarning e’tiborsizligi va sifatsiz sharoitlardan xavotirga tushmoqda. Bu faqat davlat bog‘chalariga emas, balki qimmat xususiy bog‘chalarga ham tegishli.
Bog‘chalarda, ayniqsa nodavlat bog‘chalarda bolalarning zo‘ravonlikka uchrashi tez-tez ko‘zga tashlanmoqda.
Toshkent shahridagi xususiy bog‘chalardan birida aktrisa va dizayner Shahzoda Muhammedova Instagram sahifasiga joylagan videoda xonada bolalar qarovsiz qoldirilgani va ikki bola to‘qnashib ketib, oqibatda aktrisaning qizi yiqilib, qo‘lini sindirib olgani tasvirlangan edi. Ish vaqtida telefonda gaplashib xonaga kirib kelgan xodim yerda yig‘lab yotgan bolaga e’tibor bermagan.
«Xodimlar ish vaqtida qo‘lida telefon bilan yurishini va bolalarni xonada holi qoldirishini, yig‘lasa ham yoniga kelmasligini, yerda bola yig‘lab yotsa borib hech yo‘q turg‘azib qo‘ymasligini endi ko‘rishim. Sizlar tufayli bolam 4 oy gipsda yuradi. Hozirgi holati juda asabiy…», degan edi aktrisa.
Facebook sahifamda o‘tkazgan so‘rovnomamda Gulrux Urazova bolasini bog‘chada qo‘rqitib, urishlaridan va buni aytib kelolmasligidan havotirlanishini yozgan. «Shuning uchun xam bolalarimni bog‘chaga bermaganman, eng ko‘pi 2 oy borishgan, undayam 11 larda olardim», deydi u.
Zarina Hamdamova o‘g‘lini bog‘chada kaltaklab, qo‘rqoq qilib qo‘yishganini yozgan: «urib qo‘rqoq qilib qo‘yishgan o‘g‘limni, lekin ishlayman bermaslikni iloji yo‘q, ba’zida o‘zimni yomon ko‘rib ketaman berganim uchun, insofli bog‘cha opalar kam», so‘z ochdi u.
Zaxro Ne’matova esa tarbiyachi farzandining boshiga urganini aytib berdi: «Kecha aytib qoldi, to‘g‘risi, rosa ichim og‘ridi. «Yangi opoy joyimni topib o‘tirolmaganimga boshimga urdiyu, deb aytdi o‘zi. Shu taraflama xavotir olaman».
So‘rovnomam davomida ijobiy fikr bildirganlar, farzandlari bog‘chaga xursand borib, xursand qaytadiganlari ham bor. Lekin men kabi havotirda yashaydiganlari ham yo‘q emas va ularning bu kabli tahlikasiga ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan videolar va bolaligida o‘zlari ham bog‘chada shu kabi munosabatga duch kelgani sabab bo‘lgan. Yosh onalardan biri Shahrizodaning aytishicha, unga bog‘cha opasi pichoq ham o‘qtalgan. Shu sabab qizini bog‘chaga berishga qo‘rqadi.
Kunda-kunora chiqayotgan bir xabarda tarbiyachi bolani stolga bog‘lab qo‘ygani aytilsa, boshqa videoda yoshi hali uchga to‘lmagan bolani raqsga tushishga majburlab, shafqatsiz kaltaklagani aks etgan. O‘ylab qolasan kishi: nima o‘zbeklarni kaltaklamasdan, urmasdan tarbiya qilib bo‘lmaydimi? Muammo nimada, maoshmi yoki psixologik fikrlash yoki ish joydagi bosim?
Bog‘cha tarbiyachilari bilan suhbatlashganimla, ular ish faoliyati o‘sishiga ta’sir qilishini aytib, o‘z ish joyi va ismlarini sir tutishimizni istashdi.
«Bunday holatlar uchramasligi, ota-onalar e’tirozlarini kamaytirish uchun tarbiyachilarning maoshini oshirishi va guruhlardagi bolalar sonini 15 tadan oshirmaslik lozim. Shunda sifat yaxshilanadi va bog‘chalarda bunday holatlar kamroq uchraydi. Tarbiyachi yordamchilarini ham idish yuvish, xona tozalashdan ozod qilib o‘rniga farrosh olish kerak, guruhdagi bolalarni kamaytirish lozim, hozir bitta guruhda 25-30 nafar bola bor. Shunda 2 tarbiyachi eplaydi. Oylik juda kam», — deydi ancha yillik tajribaga ega qo‘qonlik tarbiyachilardan biri.
Tarbiyachi sifatida u 2 mln so‘m maosh oladi. Ba’zi davlat bog‘chalarida tarbiyachilar bolalarga qarashdan tashqari, tozalash va hatto umumiy xo‘jalik ishlariga ham jalb qilinadi.
«Chunki bir guruhda 30-25 nafar bola bor, ularga bir tarbiyachi va bir enaga qaraydi. Davlat bog‘chasida ishganimda bolalarga qarashdan tashqari, bizni hasharga ham chiqarishardi. Unday paytda butun bolalar tarbiyachining o‘ziga qolib ketardi. Qolaversa, enagalar xonalarni ham tozalaydi. 30 talab choyshablarni almashtiradi, bolalarning idishlarini yuvishadi va xona tozalaydi.
Qo‘pol bo‘lsa ham aytaman, ba’zi bolalar yozilib qo‘yib, axlatini devor bo‘ylab surib chiqadi. Eng to‘g‘ri yechim —guruhda bolalar sonini kamaytirish hamda enagalarni xona tozalashdan ozod qilib, o‘rniga farrosh uchun shtat ochish kerak. Shunda shuncha bolani ikki kishi tarbiya qiladi, asabiylik ham kamayadi. Ba’zida biz birgina bolani eplolmaymiz, charchaymiz, endi tasavvur qiling 25-30 nafar bolaga kun davomida faqat bir kishi eplashi kerak», deydi u.
Chirchiq shahridagi xususiy bog‘chalardan birida ishlaydigan ayolga ko‘ra, ota-onalarning talabi ham ortib bormoqda – ayrimlari muntazam ravishda surat va video yuborishni talab qilishadi. Bu esa tarbiyachilar uchun qo‘shimcha stress bo‘lib, ular bolalarga chinakam tarbiya berish o‘rniga, bunday talablarni bajarishga majbur bo‘lishadi.
«Har bir guruhda bolalar ko‘p, ularni qamrab olish tarbiyachining o‘ziga bog‘liq. Masalan, men ham tarbiyachiman va meni guruhimda bola ko‘p. Enaga odatda yordamlashmaydi, idishlarini yuvadi, u-bu ishini qilib qo‘yadi va faqat shu narsaga mashg‘ulman, deb o‘ylaydi. O‘zini vazifasini faqat shu deb biladi.
Agar u yonimda turib, mashg‘ulot o‘tganimda ozgina yordam bersa, qamrab olish pedagogning o‘ziga bog‘liq, deb hisoblayman. Qiziqarli o‘yinlar bilan, har xil metodikalar bilan qamrab olish kerak, maktabda ham ishlaganman va maktabda ham shu narsa hozir. Tarbiyachining vazifasi kasbiga mehr qo‘yib, bolalarini yaxshi ko‘rishida deb o‘ylayman.
Bolani kaltaklash endi u insonning psixologiyasiga bog‘liq, masalan uydan yomon kayfiyatda chiqqan bo‘lishi mumkin tarbiyachi, ishxonadan norozi bo‘lishi mumkin, qaysidir ma’noda shu tarbiyachilar bolalarni urib, «alamimdan chiqdim» deb hisoblaydimi?
Men xususiyda ishlayman va guruhimda 30 nafar bola bor: 3 yosh, 4 yosh, 5 yosh. Hammasiga qarashga ulgura olmayman, shu sabab nyanichkamga iltimos qilaman, «men mashg‘ulot o‘tganimda iltimos yonimda tur», deb. Chunki hozir ko‘p ota-onalar «bolamizni suratlarini yuboring», deydi, men mashg‘ulot o‘tamanmi yoki hamma bolani rasmga olib yuboramanmi? Kamera bo‘lsa ham alohida suratlar yuborishimni so‘rashadi, ayniqsa individual darslarda», deydi chirchiqlik tarbiyachi.
Tarbiyachining so‘zlariga ko‘ra, tashkilot tomonidan mukofot pullari, sovg‘alar berib turilishi, rag‘bat ko‘rsatilishi lozim.
«Rag‘bat yaxshi bo‘lishi kerak ishxona tomonidan ham. Tarbiyachida ham balki shunaqa bo‘layotgan bo‘lishi mumkin deb hisoblayman. Bunday holatlarni oldini olish uchun tarbiyachilarni ham yangi metodikalar asosida o‘qitish kerak, tashkilot xodimlari, boshliqlari tarbiyachiga qanaqadir penyalarni kattaroq ajratishi, keyin guruhga psixologik jihatdan har xil motivatsiyalarni berib, tarbiyachini «u ishni qilmabsiz, bu ishni qilmabsiz», deb shikoyat qilavermasdan, uniyam to‘g‘ri tushunishi kerak. Bayramlarda mukofotlar, rag‘batlar berib turilishi zarur deb hisoblayman», deydi u.
Psixolog Umida Qodirova o‘zining Instagram sahifasida murojaat bilan chiqib, bu masalani davlat darajasiga olib chiqilishini so‘radi. Unga ko‘ra, har bir bog‘chaga ota-onalar jonli kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ladigan kameralar o‘rnatilishi kerak.
«Menimcha hamma blogerlar, hamma auditoriyasi bor insonlar chiqib bir videomurojaat qilishimiz kerak. E’tibor qilyapsizlarmi, kunora bog‘chalarda bolalarga ko‘rsatilyotgan zug‘um haqida xabarlar chiqyapti. Shaxsan o‘zimga ham Gulistondan yozdi bitta ayol: farzandi kaltak yegan, badaniga ignalar tiqilgan. Shunaqa voqealardan so‘ng onalar farzandini bog‘chaga berishga shu darajada qo‘rqib qolishganki. Bog‘cha opalardan qo‘rqib qolishgan, bu nosog‘lom munosabat va bu davlat darajasida ko‘rib chiqilishi kerak. Ya’ni, har bir bog‘chaga jonli efir, ota-onaga bolasini jonli kuzatib turish haq-huquqini berish kerak», deydi u.
U bolalar hamma narsani tushunishi, ba’zan ularga yetkazilgan ziyon haqida gapira olmasligi, qo‘rqoq bo‘lib ulg‘ayishidan havotirlanishini aytdi. Umida Qodirovaning so‘zlariga ko‘ra, hozirdan bog‘cha opalarga psixologik yordam ko‘rsatilishi zarur.
«Chunki farzand nimjon, farzand zaif, ba’zilar bolalarni «ota-onangga aytib bersang unaqa qilaman, bunaqa qilaman», degan gaplari bilan qo‘rqitib, gapiradigan bolani ham gapirmaydigan qilib qo‘yadi. «Bola-da endi nimani ham tushunardi», deb o‘ylaydi-da ba’zi birovlar. Bola juda ham yaxshi tushunadi, uni ong osti hamma narsani yozib oladi. Lekin hozirdan bog‘cha opalarga psixologik yordam ko‘rsatilmasa, ruhiyati me’yorda bo‘lmagan insonlar ishga olinaversa bolalar bundan zarar ko‘raversa, u qo‘rqib yashaydigan bo‘lsa ertami kechmi biz bilmagan holda bizga ham bu ta’sirini ko‘rsatishni boshlaydi», deydi psixolog.
Chirchiq shahri bozorida yurar ekanman 20 yildan oshiq o‘qituvchilik qilgan Anora Saydullayevaga duch keldim. U tarbiyachilarni og‘ir-bosiq, sabr toqatli bo‘lishga chaqirdi.
«O‘qituvchilar ham, tarbiyachilar ham yaxshi bo‘lsin deydi, yomon bo‘lsin demaydi. Ayrim vaqtlar bolalarda ham ayb bo‘ladi. Endi ba’zan chiday olmasligi mumkinda har xil tarbiyachilar bor, o‘zini tuta olmaydi, shunaqalardan chiqadi-da. Og‘ir-bosiq bo‘lish kerak, sabr toqatli bo‘lish kerak o‘qituvchi. Tarbiyachiga qiyin bunaqa bo‘lmasa.
Biz ham ishlaganmiz, lekin bolalarni urmasdik, urganlarga ham ota-onalar kelmas edi, «yaxshi qilibsiz», deyishardi u vaqtlar. Hozir qanaqa zamon bilmayman, ota-onalar bizga jabr qilishmagan, bolalar ham oldimizga yaxshi ko‘rib yugurib chiqardi», deydi u.
Yulduz Abdurashidova tayyorladi.





