
«Bu — «rus dunyosi» parchalanishining belgisi»: Qozog‘istonda Solovyovning so‘zlariga qanday reaksiya bildirildi?
AQSHning Venesueladagi chaqqon operatsiyasidan ruhlanib ketgan Kreml targ‘ibotchilari «nega ularga mumkin, bizga esa yo‘q?» degan tamoyil asosida xalqaro huquqni toptash bilan tahdid qilishga o‘tib ketdi.

Keng jamoatchilikka yaxshi tanish Kreml propagandachisi Vladimir Solovyov ochiqdan-ochiq «xalqaro huquq va tartibga tupurish» va Armaniston hamda Markaziy Osiyoda «SVO» o‘tkazish imkoniyatini «o‘ylab ko‘rish»ga chaqirdi.
«Biz hozir na Suriya, na Venesuela bilan shug‘ullanishimiz kerak. O‘z pozitsiyalarimizni yo‘qotmasligimiz lozim. Ammo biz uchun eng muhimi — yaqin qo‘shnilarimiz.
Armanistonning yo‘qotilishi — bu ulkan muammo.
Bizning Osiyodagi, O‘rta Osiyodagi yoki hozir Markaziy Osiyo deb atalayotgan hududdagi muammolarni olaylik. Bu biz uchun ulkan muammoga aylanishi mumkin. Shu sabab biz o‘z maqsad va vazifalarni shakllantirib olishimiz kerak. Tushuntirib qo‘yishimiz kerak. O‘yin tugadi.
Xalqaro huquq, xalqaro tartibga tupurish kerak. Agar bizga milliy xavfsizligimiz uchun Ukraina hududida «SVO» boshlash zaruriyati tug‘ilgan ekan, nega shu vaj-korsonlar bilan biz ta’sir doiramiz ostidagi boshqa nuqtalarda «SVO» boshlay olmasligimiz kerak? Balkim biz milliy doktrinamizni shakllantirib, ta’sir doiramiz ostidagi hududlar qaysi ekanini aniq aytishimiz kerakdir? Shunda hammasi tushunarli bo‘ladi», — dedi u efirda.
Uning bu «jangovar» chaqirig‘i Markaziy Osiyo respublikalarida, xususan, Qozog‘istonda ham katta e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Minval Politika nashri bilan suhbatda qozog‘istonlik publitsist va faol Arman Shorayev munosabat bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, kecha ramziy sana — Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi boshlanganiga aniq 1418 kun to‘ldi. Aynan shuncha vaqt Ikkinchi jahon urushi davomida sovet qo‘shinlari nemis natsistlari ustidan g‘alaba qozongunga qadar davom etgan. «Bu 1418 kun ichida Rossiya bosqinchilari Donetsk shahri atrofidan Pokrovsk shahri ostonasigacha 80 kilometrgina masofani bosib o‘tdi. «Rus quroli» va rus armiyasining «qudrati» haqida aytish mumkin bo‘lgani shu», — dedi u.
Shorayev bu sana Rossiya uchun barcha frontlarda — avvalo harbiy va siyosiy maydonlarda — juda og‘ir ekanini qayd etdi. «Shu bois, albatta, Solovyov sahnaga chiqarildi: u kun tartibini o‘zgartirishi, e’tiborni boshqa tomonga burishi kerak edi. Yangi yil Rossiya va «rus dunyosi» uchun juda yomon yangilik — Venesuela rejimi AQSHning «jarrohona» operatsiyasi orqali to‘liq ag‘darilishi bilan boshlangan bir paytda fonida bundan boshqa yo‘l ham yo‘q edi», — dedi u.
Faol AQSH «maxsus harbiy operatsiya»ni qanday o‘tkazish kerakligini namoyish etganini ta’kidladi: «37 daqiqada, birorta ham texnikasi talafot ko‘rmasdan, qurbon bermasdan va eng muhimi — qo‘yilgan maqsadga to‘liq erishgan holda».
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yangi yilda ham «o‘zining sodiq satraplari va tarafdorlarini» yo‘qotishda davom etmoqda. «Hozir Eron ham juda katta xavf ostida — gap oylar emas, balki kunlar yoki haftalar haqida ketyapti. Shu nuqtayi nazardan Solovyovning savol qo‘yishi «mantiqiy»dek ko‘rinadi», — dedi Shorayev.
U o‘tgan yili Rossiya «nafaqat Ozarboyjonni, balki Armanistonni ham yo‘qotishga ulgurgani»ni qayd etdi. «SSSR parchalanganidan keyingi barcha yillar davomida Rossiya Ozarboyjonni dushman sifatida qabul qilib, o‘zining sodiq ittifoqchisi — Armanistonni qo‘llab-quvvatlab keldi. Oqibat esa ma’lum. Janubiy Kavkazda Rossiyaning ittifoqchilari keskin kamaydi. Qolaversa, Donald Tramp nomi bilan bog‘lanadigan Zangezur koridori Turonni birlashtirishi mumkin. Rossiyaning ayrim hududlari ham uning parchalanishidan keyin ushbu yirik turkiy birlashmaning bir qismiga aylanishi ehtimoldan xoli emas», — dedi u.
Xulosa qilib, Shorayev shunday dedi: «Solovyov majburan shunday gapiryapti. Ukraina dalalarida, Donbass atrofida loyga botib qolgan, Ukraina qurolli kuchlariga qarshi nima qila olmayotgan Rossiya shunday sharoitida Markaziy Osiyo yoki Kavkaz hududida «SVO» o‘tkazish — fantastika sohasidan, pul evaziga odatdagidek safsatalar aytib kelayotgan Solovyovning navbatdagi bema’ni chiqishi, xolos», dedi u.
Siyosatshunos Gaziz Abishev ham propagandachi Vladimir Solovyovning shov-shuvga sabab bo‘lgan bayonotiga izoh berdi. Siyosatshunosning ta’kidlashicha, bahsli qarashlari bilan tanilgan rossiyalik teleboshlovchi ochiq-oydin xalqaro huquqni inkor etishga chaqirgan.
«Bu nima?! Kremlning AQSHning Venesuelaga nisbatan harakatlariga bilvosita reaksiyasimi («ularga mumkin ekan, demak bizga ham mumkin, biz hech kimdan kam emasmiz»), Markaziy Osiyo va Kavkazga yo‘llangan signalmi («haddan oshmanglar, aks holda o‘t va qilich bilan kelamiz»), yoki Solovyovning shaxsiy demarshimidi («qaranglar, qor bosgan Moskvaning issiqqina studiyasida o‘tirib olib, qanday jasur militaristman»)? Balki bularning barchasi birgalikdadir, — dedi Abishev.
Uning ta’kidlashicha, do‘stona davlatlarga nisbatan bunday hech qanday sababsiz ochiq tahdidli chiqishlar davlatlararo munosabatlar etikasining qo‘pol buzilishi hisoblanadi. Ayniqsa, Qozog‘iston va Rossiya prezidentlari yaqindagina o‘zaro tabriklar almashib, ittifoqchilik munosabatlari haqida gapirib turgan bir paytda.
«O‘z davlatingning geosiyosiy manfaatlarini belgilash, bu normal hol. Qo‘shnilar bilan ehtimoliy harbiy to‘qnashuvga jamiyatning reaksion qismini tayyorlash esa mutlaqo boshqa masala», — dedi Abishev.
Shu bilan birga, siyosatshunos nafrat qo‘zg‘atuvchi ritorika o‘z vazifasini bajarayotganini ham qayd etdi. Ko‘p jihatdan aynan Solovyov kabi demagoglar tufayli Qozog‘istonning boshqa davlatlar — masalan, Xitoy va Turkiya bilan tinch iqtisodiy hamkorligi ayrim rossiyaliklar tomonidan «orqadan zarba» yoki do‘stona bo‘lmagan xulq-atvor sifatida qabul qilinmoqda.





