add

«Bundan ham battar bo‘ladi!»: Tramp Eron tomon qudratli armada yo‘l olganini ma’lum qildi

29.01.2026 | 09:402 daqiqa

AQSH rahbariga ko‘ra, bu ulkan «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi boshchiligidagi flot bo‘lib, u Venesuelaga yuborilganidan ham yirikroqdir.

«Bundan ham battar bo‘ladi!»: Tramp Eron tomon qudratli armada yo‘l olganini ma’lum qildi

AQSH Prezidenti Donald Tramp 28-yanvar kuni Eron tomon «vazifalarni bajarishga» shay bo‘lgan qudratli armada (harbiy flot) yo‘l olganini ma’lum qildi. Oq uy rahbari bu haqda o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

«Eron tomon qudratli armada yo‘l olmoqda. U katta kuch, g‘ayrat va aniq maqsad bilan tez harakat qilmoqda. Bu ulkan «Avraam Linkoln» aviatashuvchisi boshchiligidagi flot bo‘lib, u Venesuelaga yuborilganidan ham yirikroqdir. Venesuela holatidagi kabi, u ham o‘z missiyasini tezkorlik bilan, zarur bo‘lsa, kuch va qat’iyat bilan bajarishga tayyor, xohishdor va qodir», - deya bayonot berdi Tramp.

AQSHning sharti

AQSH Prezidenti Eron rasmiylarini yadroviy kelishuv tuzishga chaqirdi.

«Umid qilamizki, Eron tez orada «muzokaralar stoliga o‘tiradi» va yadroviy qurolsiz, barcha tomonlarni qanoatlantiradigan adolatli hamda o‘zaro manfaatli kelishuvga rozi bo‘ladi. Vaqt oz qoldi, hozir har bir lahza hal qiluvchi ahamiyatga ega», - deb yozdi siyosatchi.

Navbatdagi hujum tahdidi

Tramp navbatdagi hujum 2025 yil yozidagi «Tungi bolg‘a» (Operation Midnight Hammer) operatsiyasidan ham kuchliroq bo‘lishi bilan tahdid qildi.

«Men Eronga avval ham aytganman: kelishuv tuzing. Ular buni qilishmadi va natijada Eronning keng ko‘lamli vayron etilishiga sabab bo‘lgan «Tungi bolg‘a» operatsiyasi amalga oshirildi. Navbatdagi hujum bundan ham battar bo‘ladi! Buning yana takrorlanishiga yo‘l qo‘ymang», — deya ogohlantirdi AQSH prezidenti.

Avvalroq Bi-bi-si rus xizmati Fors ko‘rfazi mintaqasiga, Eron qirg‘oqlariga Amerika aviatashuvchilar guruhi yetib kelgani haqida xabar bergan edi.

Bunga qadar eronlik deputat, agar Eronga qarshi harbiy kuch ishlatilsa, amerikalik harbiylarni o‘z oilalari bilan xayrlashib qo‘yishga chaqirgandi. Ta’kidlash joizki, Yaqin Sharqdagi kuchayib borayotgan keskinlik sabab Qozog‘iston o‘z aviakompaniyalariga Eron ustidan uchishni taqiqlab qo‘ygan.

«Tungi bolg‘a» operatsiyasi

Tramp o‘z bayonotida tilga olgan ushbu operatsiya 2025 yilning iyun-iyul oylarida sodir bo‘lgan. O‘shanda Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvlar kuchayishi ortidan, AQSH Eronning yadroviy obyektlari va muhim infratuzilmalariga keng ko‘lamli havo hujumlarini uyushtirgan edi.

AQSHning Eronga nisbatan strategiyasi

Donald Tramp AQSH hokimiyatiga qaytgach, Eronga nisbatan «maksimal bosim» siyosatini qayta tikladi. Uning asosiy talabi — Eron nafaqat yadroviy quroldan voz kechishi, balki Yaqin Sharqdagi proksi-guruhlarni (Hizbulloh, Husiylar va boshqalar) moliyalashtirishni to‘xtatishi shart. Tramp Tehronni yangi, ancha qattiqroq shartlar asosidagi «Yadroviy kelishuv»ga majburlamoqchi.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Venesueladagi siyosiy inqirozga harbiy flot orqali bosim o‘tkazib, o‘z maqsadlariga erishgan edi. Endi u xuddi shu ssenariyni Eronda takrorlamoqchi.

Iqtisodiy oqibatlar

Bu keskinlik dunyo bozorida neft narxining keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘lmoqda. Chunki Eron qirg‘oqlari yaqinidagi Hormuz bo‘g‘ozi dunyo neft tashish yo‘llarining asosiy arteriyasi hisoblanadi.

Teglar

Mavzuga oid