add

Diplomlar o‘tmishda qoldi: oliy ma’lumot emas, ko‘nikma muhim

Goldman Sachsʼning yangi tadqiqotida kompaniyalar yangi xodimlarni ishga olishda diplom va tavsiya xatlariga e’tibor bermay, ko‘nikma testlariga o‘tayotgani tasdiqlandi.

Diplomlar o‘tmishda qoldi: oliy ma’lumot emas, ko‘nikma muhim
So‘nggi yillarda dunyo bo‘ylab mehnat bozoridagi talablar tubdan o‘zgarib, oliy ma’lumotning ustuvorligi keskin kamaydi. Ayniqsa, 2025 yilda e’lon qilingan Goldman Sachs tadqiqotiga ko‘ra, diplom bilan ish topish darajasi bilan diplomsiz, ammo zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lganlar orasidagi farq deyarli yo‘qoldi. Tadqiqotda qayd etilishicha, diplomli va diplomsiz nomzodlar orasidagi ishga joylashish ko‘rsatkichi o‘rtasidagi tafovut atigi 0,9 foiz punktini tashkil etgan. Bu raqam 2015 yilda 4,3 foiz, 2010 yilda esa 6,1 foiz edi. Bunday dinamikani taqqoslaganda, diplomning ishga kirishdagi afzalligi so‘nggi o‘n yilda besh baravardan ko‘proq pasayganini ko‘rish mumkin. Yana bir muhim jihat — AQSH Mehnat Departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil yakunida mamlakatdagi oliy ma’lumotga ega bo‘lgan ishsizlar soni 4,1 mln kishiga yetgan. Bu 2019 yilga nisbatan 38 foizga ko‘p demakdir. Ayni paytda diplomsiz, ammo kasb-hunarga ega bo‘lganlar orasidagi ish bilan bandlik darajasi nisbatan barqaror qolgan. LinkedIn ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda ish beruvchilar tomonidan e’lon qilingan yangi vakansiyalarning 45 foizi an’anaviy diplom talabini o‘z ichiga olmaydi. Ayniqsa, IT, marketing, grafik dizayn, loyiha boshqaruvi kabi sohalarda bu ko‘rsatkich 60–70 foizgacha yetadi. Misol uchun, Google kompaniyasi 2022 yilda o‘zining «Career Certificates» dasturini ishga tushirganidan so‘ng, ushbu sertifikatga ega bo‘lganlarning 75 foizi 6 oy ichida ish topishga muvaffaq bo‘lgan, ular orasida ko‘pchilik universitet bitiruvchisi bo‘lmagan. Yevropa Ittifoqi miqyosida olib borilgan 2024 yilgi «Skills for Jobs» hisobotiga ko‘ra, ish beruvchilarning 68 foizi nomzod tanlashda universitet diplomi emas, aynan amaliy ko‘nikma va portfolioga asoslanganini bildirgan. Bu ayniqsa, Germaniya, Niderlandiya va Estoniya kabi texnologik jihatdan ilg‘or davlatlarda yaqqol seziladi. Bundan tashqari, xalqaro Coursera platformasining 2025 yil boshidagi statistikasi shuni ko‘rsatdiki, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish topgan foydalanuvchilarning 42 foizi faqat onlayn kurslar orqali malaka olgan. Ularning 58 foizi esa ilgari oliy ta’lim olmagan yoki mutlaqo boshqa sohada diplomga ega bo‘lgan. Mazkur tendensiyalar mehnat bozorida avvalgidek diplom asosiy rol o‘ynamayotganini ko‘rsatadi. bugungi kunda zamonaviy texnologiyalarni egallagan, o‘zini muntazam rivojlantirayotgan, moslashuvchan fikrlovchi va real amaliyotda samaradorlik ko‘rsata oladigan kadrlar talab qilinmoqda.   Ekspertlar qanday fikrda? Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask quyidagi fikrni bildirgan: «Agar kimdadir kollej diplomi bo‘lsa — bu yaxshi. Ammo bu, uning juda iste’dodli yoki ishlashga tayyor ekanini anglatmaydi. Men o‘zim hech qachon diplomga qarab odam yollamaganman. Mask bir necha bor SpaceX va Teslaʼda oliy ma’lumot talab qilinmasligini aytgan va iste’dodli kishilarni real muammolarni hal qila olish qobiliyati orqali baholash tarafdori ekanini bildirgan» . Googleʼning sobiq HR rahbari Lashlo Bokning fikricha, akademik yutuqlardan ko‘ra muammolarni hal qilish, tanqidiy fikrlash va hayotiy tajriba muvaffaqiyatli ish faoliyatini belgilaydi. LinkedIn bosh direktori Ryan Roslanskiy esa «Bizning platformamizdagi e’lonlarning 45 foizi endi diplom talab qilmaydi. Kelajakda ish beruvchilar asosan «ko‘nikma to‘plami» asosida baholashadi» , dedi. Roslanskiy mahoratga tayanib xodim tanlash mehnat bozoridagi tengsizlikni kamaytirish, ayniqsa yoshlar va kam imkoniyatli qatlamlar uchun imkoniyatlarni oshirishini ta’kidlaydi. Mehrinoza Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid

Diplomlar o‘tmishda qoldi: oliy ma’lumot emas, ko‘nikma muhim | Vaqt.uz