Dollar qulayapti, Tramp esa mamnun: Oq uy nimani o‘ylayapti?

Kecha 15:185 daqiqa

Dollar kursi so‘nggi to‘rt yil ichidagi eng past ko‘rsatkichga tushib ketgan bo‘lsa-da, Donald Tramp «hammasi joyida» ekanini aytmoqda.

Dollar qulayapti, Tramp esa mamnun: Oq uy nimani o‘ylayapti?

Dollar shiddat bilan zaiflashmoqda. Yanvar oyining o‘zidayoq u dunyoning oltita asosiy valutasidan iborat savatga nisbatan qariyb 4 foiz qiymatini yo‘qotdi. «Yashil valuta» 2022 yil boshidan buyon bunday past darajaga tushmagan edi. Nima uchun Donald Tramp dollar qadrsizlanishida muammo ko‘rmayapti?

To‘rt yillik eng past ko‘rsatkich

Dollar o‘z mavqeini o‘tgan yildayoq boy bera boshlagan va o‘shanda qiymatining 9 foizini yo‘qotgan edi. Pasayish tendensiyasi 2026 yilda ham davom etdi. Ayniqsa, yanvar oyida so‘nggi yillardagi eng keskin qulashlardan biri kuzatildi.

Xususan, oy oxiriga kelib, «yashil valuta»ning oltita asosiy valutaga (yevro, Shveysariya franki, yapon iyenasi, Kanada dollari, funt sterling va Shvetsiya kronasi) nisbatini ko‘rsatuvchi DXY indeksi 95,5 punktgacha tushib ketdi. Shu tariqa, AQSH valutasi jahon bozorlarida o‘zining to‘rt yillik minimal darajasini yangiladi.

Fevral oyi ham optimizm kuzatilmadi. AQSH mehnat bozoriga oid ma’lumotlar fonida dollarning zaiflashishi davom etdi. Challenger, Gray & Christmas kompaniyasi xabariga ko‘ra, Amerika korxonalari qariyb 108,5 ming ish o‘rnini qisqartirish niyatida — bu o‘tgan yilning oktabr oyidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Yangi xodimlarni ishga olishni rejalashtirayotganlar ham bor, biroq ularning soni 5,5 ming kishidan oshmaydi. Bu 2009 yildan buyon, ya’ni statistika yuritila boshlangandan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.

Qarzlar oshib, o‘sish sekinlashmoqda

Amerika tashkilotlarining bunday rejalari ular 2026 yilgi iqtisodiy istiqbollarni ancha pessimistik baholayotganidan dalolat beradi. Kompaniyalar AQSH yalpi ichki mahsuloti (YAIM) o‘sishi sekinlashishiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu sababli ular xarajatlarni qisqartirish va xatarlarni minimallashtirishni afzal ko‘rishmoqda.

Ekspertlarning tushuntirishicha, mehnat bozoridagi sustlik va umidsiz iqtisodiy prognozlar, odatda, dollar kursiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Gap shundaki, bunday vaziyatda AQSH Federal zaxira tizimi (FZT) tomonidan pul-kredit siyosatining yumshatilish ehtimoli ortadi. Ya’ni, regulyator kelajakda bir yil avvalgi 2,8 foizdan 1,5 foizgacha sekinlashgan Amerika iqtisodiyotini rag‘batlantirish uchun foiz stavkalarini pasaytiradi.

Mamlakat YAIMiga bir vaqtning o‘zida bir necha omillar ta’sir ko‘rsatdi. Ulardan biri — Donald Tramp tomonidan ko‘plab davlatlarga qarshi e’lon qilingan savdo urushlaridir.

1

Bundan tashqari, Amerika prezidenti AQSH Federal zaxira tizimiga (FZT) doimiy ravishda bosim o‘tkazib kelmoqda. Albatta, bu investorlarga ma’qul kelayotgani yo‘q. Ularni, shuningdek, regulyator rahbari Jerom Pauyellga nisbatan jinoiy tergov o‘tkazilishi borasidagi yaqinda yangragan tahdidlar ham jiddiy tashvishga solmoqda.

Aytish joizki, Pauyellning vakolat muddati may oyida yakuniga yetadi. FZTning yangi rahbarini tayinlash atrofidagi bahs-munozaralar moliya bozorlarida asabiylikni yanada kuchaytirmoqda. Savdo ishtirokchilari dollardan xalos bo‘lishga kirishgani esa ajablanarli emas.

Qolaversa, taxminan 8 trillion dollarlik AQSH aktivlariga ega bo‘lgan yevropalik investorlar valuta xatarlarini faol ravishda kafolatlashmoqda. Sodda qilib aytganda, ular dollarni sotishmoqda.

Shu bilan birga, AQSHning fiskal siyosati borasidagi xavotirlar ham ortib bormoqda. Trampning «Buyuk va go‘zal qonun»i davlat qarzi miqdorini 4,1 trillion dollarga oshirdi. Mamlakatning jami qarz majburiyatlari hajmi esa 39 trillion dollarga yaqinlashib qoldi.

Tramp puxta o‘ylangan tavakkalchilikka qo‘l urdi

Ayni paytda milliy valutaning shiddat bilan qadrsizlanishi Donald Trampni zarracha tashvishga solayotgani yo‘q. Uning so‘zlariga ko‘ra, «dollar bilan hammasi joyida».

Bank of Nassau bosh iqtisodchisi Vin Tinning qayd etishicha, Oq uydagi ko‘pchilik «yashil valuta»ning zaiflashishini mamnuniyat bilan kutib olmoqda. Ekspert buni «puxta o‘ylangan tavakkalchilik» deb hisoblaydi.

Aftidan, Tramp Xitoy va Yaponiya tajribasidan foydalanishga qaror qilgan.

«Men ular bilan jon-jahdim bilan kurashganman, chunki ular doim iyenani zaiflashtirishga intilishardi. Bu haqda bilasizmi? Iena va yuan — ular har doim bu valutalarni qadrsizlantirishni xohlashardi. Ular buni qayta-qayta amalga oshirishmoqda. Men esa: «Bunday qilishingiz adolatdan emas», dedim. Chunki ular o‘z valutasini zaiflashtirganda, raqobatlashish juda qiyin kechadi», — dedi AQSH rahbari.

2

«Eurizon SlC Capital» asoschisi Stiven Jenning fikricha, Tramp va uning ma’muriyatining dollarga nisbatan qarashlari AQSH milliy valutasi qadrsizlanishining yangi bosqichi boshlanganidan dalolat beradi.

Ayrim iqtisodchilarning taxminicha, Amerika prezidenti eksportni rag‘batlantirish va savdo taqchilligini kamaytirish uchun «yashil valuta»ni ongli ravishda zaiflashtirish yo‘lidan bormoqda. Bu mantiqan asosli: arzon dollar Amerika mahsulotlarini jahon bozorlarida raqobatbardoshroq qiladi. Biroq bu masalaning o‘ziga xos jihatlari bor, deya tushuntiradi «AMarkets» yetakchi tahlilchisi Igor Rastorguyev.

«Bunday strategiya qariyb 40 trillion dollarlik qarz mavjud bo‘lmagan taqdirdagina samara berishi mumkin edi. Bunday ulkan qarzlar sharoitida esa zaif valuta kreditorlarning ishonchini pasaytiradi va qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini oshirib yuboradi», — deydi ekspert.

Dollardan ko‘ra oltin afzal ko‘rilmoqda

Trampning qarz botqog‘idan chiqishga urinishi dollar uchun rezerv valuta maqomini yo‘qotish bilan yakunlanishi mumkin. Bu esa eksportchilar uchun olinadigan qisqa muddatli foydadan ko‘ra ancha xavfliroqdir. Haddan tashqari qarzlar va markaziy banklarga bo‘lgan siyosiy bosim valuta inqirozlari bilan tugagan holatlar ko‘p. Farqi shundaki, dollar hozircha inersiya va real muqobilning yo‘qligi evaziga suv betida qalqib turibdi, deydi Igor Rastorguyev.

3

Biroq tendensiya yaqqol ko‘zga tashlanmoqda: butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar o‘z zaxiralarini oltin va boshqa aktivlar hisobiga diversifikatsiya qilmoqda. Bunda regulyatorlar dollardan ko‘ra ko‘proq asil metalni afzal ko‘rayotgani kuzatilyapti.

Zaxiralardagi ulushning o‘zgarishi:

Aktiv turi

2015 yildagi ulushi

Hozirgi ulushi (2026 yil)

AQSH Dollari

59%

41%

Oltin

10%

28%

Ekspertlarning tushuntirishicha, ko‘plab davlatlar bir necha yildan buyon o‘z zaxiralarida dollar ulushini kamaytirib kelmoqda. Bunga AQSHning qat’iy sanksiyaviy siyosati va umuman olganda geosiyosiy taranglik sabab bo‘lmoqda. Trampning Grenlandiyaga nisbatan da’volari esa bu boradagi oxirgi nuqta bo‘ldi.

Tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Yevropa valutalari o‘zganing qudrati hisobiga emas, balki ko‘proq AQSHdan kapital oqib chiqishi evaziga mustahkamlanmoqda. Shu sababli, agar Vashington proteksionizm va fiskal mas’uliyatsizlik o‘rtasida muvozanat izlashda davom etsa, yevro, krona va frankning kuchayishi vaqtinchalik holat emas, balki global valuta tizimidagi tarkibiy o‘zgarishlarning boshlanishi bo‘lib chiqishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid